“Ochiq byudjet” loyihasining ikkinchi mavsumi yakunlandi. Bu mavsumda respublika bo‘ylab qariyb 37,6 mingdan ortiq tashabbus ovozga qo‘yilgan bo‘lib, ularga 7,8 milliondan ziyod aholi ovoz bergan. Yakunda eng ko‘p ovoz to‘plagan 1 ming 418 ta loyiha g‘olib deb topilib, ularga 1 trillion 72 milliard 360 million so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi.
Xususan, loyihaning ikkinchi mavsumida Toshkent viloyatidan ilgari surilgan takliflarning 1 ming 950 tasi ovoz berish bosqichiga o‘tkazilgan bo‘lib, bu takliflar jami 660,5 mingta ovoz to‘pladi hamda aholining qamrov darajasi 22 foizni tashkil etdi. Yakunda 131 ta tashabbus g‘olib deb topilib, ularga “Fuqarolar tashabbusi jamg‘arma”laridan qariyb 95 milliard so‘m mablag‘i yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
“Ochiq byudjet” uchun kurash bu gal juda qizg‘in kechdi. Odamlar ijtimoiy mas’uliyatni his eta boshladi, o‘zaro jipslashdi, hududidagi hal etilishi zarur deb bilgan muammolarni loyiha sifatida taqdim etib, g‘olib chiqish uchun nimalar qilmadi deysiz.
Oddiy misol, bir tanishim telegramdan xabar yuboribdi. “Iltimos, mana shu link orqali bizning mahallamizda bolalar maydonchasi qurilishiga ovoz bersangiz, savob bo‘lar edi”… Xabarni o‘qidim-u hayron qoldim: men boshqa hududda yashayman, u mahallaga sira bormaganman. Ularga chindan ham o‘zi bolalar maydonchasi kerakmi-yo‘qmi – buni bilmayman ham. Savobimning tagi teshik bo‘lib qolmaydimi?! Tashabbusli byudjetlashtirish deb eshitganim shunchalik jo‘n loyihamidi?
Yangilangan “Ochiq byudjet” portali 2021- yil 9-iyul kuni Moliya vazirligi tomonidan ishga tushirilgan. Unda davlat byudjeti va qarzi bo‘yicha ma’lumotlar e’lon qilib borilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, platformada “Tashabbusli byudjet” bo‘limi yaratilgan bo‘lib, u orqali fuqarolar infratuzilmani yaxshilash, xiyobonlar, bolalar va sport maydonchalari, ichki yo‘llarni qurish, maktablarni ta’mirlash va jihozlash hamda boshqa masalalar bo‘yicha loyihalarni taklif etib, mahalliy byudjetning taqsimlanishida ishtirok etishlari belgilangan.
Prezidentimizning 2021-yil 13-apreldagi “Byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan fuqarolar byudjetni shakllantirish jarayonlarini nafaqat nazorat qilishi, balki byudjet mablag‘larini shakllantirishdan boshlab, ularni sarflashda qatnashishi ham lozimligi nazarda tutilgan.
Xo‘sh, bu tizim o‘zini qanchalik oqlamoqda? To‘g‘ri, tashabbusli byudjetlashtirish orqasidan ancha-muncha ko‘chalar obod bo‘ldi, ko‘pgina maktablar ta’mirlandi, yo‘llar yoritildi, ammo bu ishlarning hammasini ham muhimlik darajasiga qarab hal etilgan, deya olmaymiz.
Byudjet shakllanishi jarayonida jamoatchilik ishtirokini kengaytirish maqsadida tuman va shaharlarda tegishli byudjetlar tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirish nazarda tutilgan bo‘lib, 2022-yil 1-yanvardan boshlab bu tartib mamlakatning barcha tuman va shaharlarida joriy qilindi. Nizomga ko‘ra, 18 yoshdan katta bo‘lgan tashabbuskor fuqarolar (bir kishi yoki guruh bo‘lib) loyiha taklif qilishlari kerak. Bu loyihalar ekspertizadan o‘tkaziladi va saralashdan o‘tadi, keyinchalik esa ommaviy ovoz berishga qo‘yiladi. Eng yaxshi loyihalar moliyalashtiriladi.
Tashabbuslar shaxsiy manfaatlarni (avtomobil, uy sotib olish, biznesni qo‘llab-quvvatlash va boshqalar) ko‘zlamasligi, loyihaning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 4 ming barobari (1 milliard 200 million so‘m)dan oshmasligi lozim.
Tizimning hal qiluvchi qismi, ya’ni to‘plangan ovozga qarab loyihani moliyalashtirish tartibi puxta asoslanmagan. Guvohi bo‘layotganimizdek, keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali tanish-bilish, do‘st-u qarindoshlar “savob uchun “openbudget”dan bizga ovoz bering” qabilida sms-xabarnomalar yuborib, bizdan umrimizda borib ko‘rmagan qaysidir ko‘cha yoki maktabning ta’mirlanishiga, qandaydir kompyuter markazlari ochilishigahissa qo‘shishimizni so‘rashmoqda.
Savob qilyapman deb, o‘zimiz bilmagan holda qaysidir qishloqda IT-markaz ochilishiga sababchi bo‘lib, qaysidir elektr energiyasi yetib bormagan chekka maktabning g‘ordan farqsiz qolishiga “hissa” qo‘shyotgandirmiz, balki? Axir hamma ham bor tanish-bilishini ishga solib, eng ko‘p ovoz yig‘ishning uddasidan chiqa olmasligi mumkin.
Buning ustiga ovoz yig‘ishda ham o‘ziga xos poyga, raqobat kuchayib ketgan bir paytda ommani o‘z loyihangizga og‘dirish ham oson emas. Kimdir har bir ovoz uchun “Coca-cola”ga, boshqa birov telefoningizga “paynet” qilishga va’da berib tursa, qorong‘i va sovuq xonalarda o‘tirgan bolakaylar ham ko‘zingizga ko‘rinmaydi! Balki bunday tarzda ovoz to‘plashni bekor qilish kerakdir.
Bizga maktabda tanlovning muqobil qiymati, degan tushuncha haqida tasavvur berishgan. Unga ko‘ra, siz tanlashingiz kerak bo‘lgan ikki yoki undan ortiq yo‘ldan eng muhimini ajratib olishingiz va uni amalga oshirishga kirishishingiz tanlovning muqobil qiymati bo‘ladi. Xuddi shu kabi tashabbusli byudjetlashtirishda ham taqdim etilgan loyihalar orasidan muqobil (murosali) tanlov qilish va amalga oshirish o‘ta muhim bosqich sanaladi.
Muammoning yechimi va tashabbusli byudjetlashtirishning o‘z nomiga mos ishlashini ta’minlash uchun, ehtimol, ovoz yig‘ishning boshqa usulini ishlab chiqqan holda hali “dovrug‘i” taralmagan hududlarni obod etish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Aytaylik, o‘sha hududdan boshqa manzillarda yoshovchilarning ovozini hisobga olmaslik kerak. Shunda ovoz to‘plash adolatli va manzilli bo‘ladi.
Yana bir taklif: loyihalarni saralashdan o‘tkazgan ishchi guruh o‘sha loyihalarni o‘z ko‘zlari bilan borib ko‘rsa, ular orasidan kechiktirib bo‘lmaydigan loyihaga mablag‘ ajratilsa, bunday turdagi ovoz yig‘ishlarga barham berilgan bo‘lar edi.

