Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEK OLIMLARI QANDAY IZLANISHLAR USTIDA ISHLAMOQDA?

14.1.2023 252

O‘zA muxbiri Nigora RAHMONOVA suhbatlashdi.

Prezidentimiz 2022-yil Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023-yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratilishini e’lon qildi. Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, chorvachilik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda aniq nati­jalar ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.

Xo‘sh, ayni kungacha ularning natijalari qanday edi-yu bundan keyin qanday bo‘ladi? O‘zbekiston Respublikasi Fan­lar akademiyasi qoshida faoliyat yu­rituvchi institutlar bu borada o‘z oldi­ga qo‘ygan vazifalarni uddalayaptimi?

Bu galgi suhbatdoshimiz Mikrobiologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori, professor Qahra­mon DAVRONOV.

– Mikrobiologiya institutida bugungi kunda qancha olimlar izlanish olib boryapti? Institutning asl vazifalari nimalardan iborat?

– Institutimiz 1965-yilda tashkil topgan bo‘lib, Tosh­kent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan. Jamoamizda 1 nafar akademik, 12 nafar fan doktori, 28 fan nomzodi, 106 ilmiy xodim faoliyat olib boradi.

Faoliyatimiz juda keng. Shulardan ayrimlarini sanab o‘taman. Tadqiqotlarimizning asosiy yo‘nalishlari mikroorganizmlar dunyosi xilma-xilligini o‘rganish, chorvachilik uchun noyob ozuqa qo‘shimchalari va mikrobli biologik faol moddalar ishlab chiqishdan iborat.

Bundan tashqari, o‘simliklar hosildorligini oshiruv­chi, ularning o‘sishini stimulyatsiyalovchi, turli kasallik va zararkunanda hasharotlardan himoya qiluvchi, uzoq yillar davomida qo‘llanilgan kimyoviy o‘g‘itlar va zaharli kimyoviy moddalarning o‘simliklarga sal­biy ta’sirini kamaytiruvchi ekologik toza bioo‘g‘itlarni ishlab chiqarish.

– Oxirgi yillarda institut tomonidan qanday yangiliklar joriy qilindi?

– Institutda respublikada yagona 2000 dan ortiq nopatogen mikroorganizmlar shtammlaridan ibo­rat noyob kulturalar kolleksiyasi yaratilgan. Biotex­nologiya sohasida o‘simlik chiqindilaridan oqsil va vitamin tarkibiga ko‘ra balanslangan yem-xashak qo‘shimchalari tayyorlandi. Natijada yangi ajratilgan mikroorganizmlarning so‘nggi avlod antibiotiklariga sezuvchanligi aniqlandi, bu esa o‘z navbatida, ularning ishtirokisiz chorvachilik uchun biopreparatlar yaratish istiqbolini ko‘rsatadi.

Qishloq xo‘jaligi va sanoatning turli chiqindilari­dan foydalanilgan holda, zamburug‘larning faol fer­ment hosil qilishi va o‘sishi uchun ozuqa muhit tarkibi optimallashtirildi.

Qishloq xo‘jaligi miqyosida yaratilgan “Fitobiosol” – ekologik toza bioo‘g‘it urug‘ unuvchanligini oshira­di, tuproqni sog‘lomlashtiradi, hosildorlikni oshiradi, kimyoviy o‘g‘itlar ishlatilishini kamaytiradi.

Farmatsevtika uchun samarali biologik faol qo‘shimcha preparatlari ham ishlab chiqilgan. Sut achitqi mahsulotlari va biopreparatlarning mahal­liy shtammlari asosidagi bifidobakteriyalar bosh­qa preparatlarga nisbatan samaralidir va ichaklar mikroflorasini tez tiklaydi hamda qisqa muddatlar­da anaerob florani normallashtiradi, kasallik keltirib chiqaruvchi va shartli kasallik keltirib chiqaruvchi flo­raning o‘sishi va rivojlanishini susaytiradi, insonning immun tizimini oshiradi. “Laktopropolis” biologik faol qo‘shimchasi yarali va surunkali ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklarini davolash uchun tavsiya qilingan.

– Tadqiqotlar qilish uchun ilmiy jihoz va as­boblar talabga javob beradimi?

– Hozirgi kun talabiga javob beradigan as­bob-uskunalar, reaktivlar xarid qilish va yangilash jarayonlari doimiy ravishda davom etmoqda. Jum­ladan, shu kunlarda institutda mikroorganizmlarni tez identifikatsiya qilish uchun ZyBio kompaniyasining EXS2600 Maldi-TOF uskunasi o‘rnatildi va ishga tushirildi.

– Oxirgi yillarda olimlar tamonidan qanday tad­qiqotlar olib borildi?

– Biologiya fanlari nomzodi Ahmadjon Maxsumxonov rahbarligida “O‘zbekistonda ilk marotaba sa­noat miqyosida mikrob biokatalizi asosida mahsulot – akril kislotasi nitrilidan akrilamid olishning mikrob biotexnologiyasi” ishlab chiqildi. Uni joriy etish usti­da “Navoiyazot” AJ bilan hamkorlikda ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish harakatlari davom etmoqda.

Biologiya fanlari nomzodi Go‘zal Qutliyeva rah­barligida “Ichak yallig‘lanishi kasalliklarining oldini olish va davolash uchun “ProbioKolit” biologik faol qo‘shimchasi tajriba sinov namunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha tijoratlashtirish loyihasi” bajarilmoqda.

Nodir va qimmatbaho metallarni eritmaga o‘tka­zuvchi mikroorganizmlarni aniqlashning zamonaviy uslubiyatini yaratish borasida “Navoiy kon-metal­lurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bilan keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha shartnoma tuzilgan.

– Qaysi xorijiy institutlar bilan hamkorlik qilasizlar? Natijalar qanday bo‘lyapti?

– Hamkorlik qilinayotgan ilmiy markazlar ko‘p, jumladan, Belarus Respublikasi Milliy Fanlar aka­demiyasi Mikrobiologiya instituti bilan ilmiy xodimlar tajriba almashinuvi bo‘yicha safarlar uyushtirib tu­riladi, hozirgi kunda uchta amaliy loyiha hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universi­teti, Qozon Milliy tadqiqot texnologik universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish ustida ishlar davom etmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish