Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

POLITEXNIKA MUZEYI: retro avtomobil ixlosmandlari uchun haqiqiy xazina

25.1.2023 3270

Loyiha muallifi: Ziyoda RAHIMBOYEVA. Foto: Behruzbek RAJABOV

Tarix, sanʼat, oʻlkashunoslik, adabiyot, tibbiyot, harbiy muzeylar, uy-muzeylar haqida eshitgansiz, ular bo‘ylab sayohat qilgansiz. Yurtimizda yana shunday muzey borki, noyob eksponatlari va zamonaviy texnologiyalari bilan nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyoda ham yagonadir. Bu transport va avtomobil sanoati, qishloq xoʻjaligi texnikasi taraqqiyoti, buyuk ixtirolar haqida hikoya qiluvchi Toshkent politexnika muzeyi hisoblanadi. Sezganingizdek, “Muzey va yoshlar” loyihasining yangi yildagi ilk sayohati shu manzilga boʻldi.

Hammasi gʻildirakdan boshlanadi

Ekspozitsiyasi uch boʻlimdan iborat muzey qiziqarli sayohatdan tashqari, matematika, fizika, astronomiyaga oid bilimlarni mustahkamlash va yanada boyitish imkonini beradi. Muzeyning birinchi – “Jahon avtomobilsozligi tarixi” boʻlimida “Folksvagen qoʻngʻiz”, “Moskvich-400”, “GAZ-13”, “Chayka” kabi avtomobillarning haqiqiy modelini tomosha qilishingiz va suratga olishingiz mumkin. Bular retro avtomobil ixlosmandlari uchun haqiqiy xazinadir.

“Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar maydoni, sexlarning joylashuvini birgina maketda, yuqoridan turib bemalol tomosha qilishni istaysizmi? “Oʻzbekiston avtomobilsozligi tarixi”da buning iloji bor! Bundan tashqari, turli yillarda “General Motors Uzbekistan” konveyeridan chiqqan ilk avtomobillarning aynan o‘zini ham faqat shu yerda uchratasiz. Birinchi Prezident Islom Karimov dastxati qoldirilgan mashinalar ham boʻlimdan oʻrin olgan.

Noyob “3D Mapping shou”, “Spark” avtokomponentlari” sayohatchilarda nega bu qadar katta qiziqish uygʻotishining sababini bilmoqchimisiz? Buning uchun, albatta, muzeyga sayohat qilishingiz zarur. Ekspozitsiyadagi metall sferalar installyatsiyasini koʻrish uchun qoʻshni davlatlardan ham sayyohlar kelishiga hayratlanmang, chunki u muzeyning oʻzi kabi Markaziy Osiyo mintaqasida yagona! Muzeyning bu ikki boʻlimi gʻildirakning qulay avtomobilga aylanish jarayoni haqida tasavvur hosil qilishingizda yordam beradi.

Yerga ishlov beruvchi mehnat qurollari – ketmon va omochdan boshlab bugungi zamonaviy Axos-340, CLAAS va LS1004 traktorlarigacha boʻlgan qishloq xoʻjaligi texnikasi taraqqiyotini ham politexnika muzeyida kuzatish mumkin. Dehqon mehnatini anchagina yengillashtirgan, 1924-yili ixtiro qilingan dastlabki “Fordzon” va 1934-yillarning “Universal” nomli traktorlari muzey kolleksiyasini boyitib turibdi.

Eng ahamiyatlisi, navbatdagi boʻlimda eksponatlarni ushlab ko‘rish mumkin! Bu interaktiv mashgʻulot boʻlimi. Ularni ushlab, qimirlatib, yigʻib koʻrish orqali fizikaning u yoki bu qonuni amalda qanday ishlashini kuzata olasiz.

Talabalar tashabbusi

Ayrim muzeylardagi qimmatbaho va noyob eksponatlar asrlar avval oʻz davrining ulugʻlari tomonidan yaratilgan boʻlsa, Toshkent politexnika muzeyida ayrim koʻrgazmali materiallarni izlanuvchan va iqtidorli talaba tengdoshlarimiz yasagani hayratga arziydi. Masalan, Illyuziya xonasi, “GM Uzbekitan”ning Asaka va Xorazmdagi avtomobil zavodi, “Samarqand Avtomobil zavodi”, “JV MAN Auto Uzbekistan” zavodi, “UzAuto Motors Powertrain” kabi zavodlarning maketlari, bundan tashqari, kinetik sharlar installyatsiyasi ishlanmasini ham Toshkentdagi Turin politexnika universiteti talabalari yaratgan. Universitetning iqtidorli talabasi Javohir Usmonovning mehnat mahsuli boʻlgan “3D Mapping shou” ishlanmasi ham muzey eksponatlari orasida alohida qadrlanadi.

Doimo gavjum

Xalqaro ilmiy festival, ochiq olimpiada, bolajonlar uchun ertak-spektakl, master-klass mashgʻulotlari va robototexnika yoʻnalishida oʻquv kurslari oʻtkazib kelinishiga qaramay, muzey haftaning seshanba–yakshanba kunlari soat 9:00–18:00 oraligʻida sayohatchilarni qabul qilishga doim tayyor. Chipta narxlari bolalar uchun 10 ming so‘m, kattalar uchun 20 ming so‘m, pensiyadagilar uchun bepul. Bu maskanga albatta keling, muzeyning boshqa qiziqarli eksponatlari haqida bilib olishingiz bugungi texnika va texnologiyalar davrida siz uchun faqat va faqat foydali boʻlishiga ishonamiz.

Loyiha doirasida muzeyga sayohat qilib, taassurotlarini biz bilan (fotoreportaj, videolavha yoki yozma koʻrinishda) boʻlishgan gazetxonlarimizning eng yaxshi materiallari gazetamiz va telegram kanalimizda eʼlon qilinib, maxsus qimmatbaho esdalik sovgʻalar bilan ragʻbatlantiriladi. Agar sizda oʻzingizni sinab koʻrish istagi boʻlsa, ijodiy ishlaringizni yoshlar-ovozi@mail.ru pochta manziliga yuboring!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish