Aysara YAXIYAYEVA, Kegeyli tumanidagi “Kokozek” mahallasi yoshlar yetakchisi:
– Taklifim maʼqullanib, Andijon viloyati hokimligi tomonidan zarur mablag‘ ajratildi. Qisqa vaqt oralig‘ida mahallamizda sport maydonchalari qurib bitkazildi. Buning natijasida “Kokozek” mahallasi “qizil” hududdan “yashil” hududga o‘tdi.
Yaratilgan imkoniyat va yoshlarga qaratilgan eʼtibor natijasida mahallamiz yoshlarining sportga qiziqishi yanada oshdi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida o‘tkazilgan musobaqa va tanlovlarda 648 nafar yosh qatnashib, faxrli o‘rinlarni egalladi. Malika Minbayeva shaxmat musobaqasining respublika bosqichida 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, yengil atletikachi qizlarimiz finalda 3-o‘rinni band etdi. Sovg‘a sifatida mahallamiz hududidan yana bir universal sport maydonchasi qurib beriladigan bo‘ldi.
Bunday g‘alabalar nashidasi mahallamiz yoshlarining sportga qiziqishini kuchaytirib, bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanishiga katta motivatsiya berdi.
Mahallamiz tuman markazidan 40 kilometr uzoqlikda joylashgan eng chekka hududlardan biri. Taʼmirtalab, tuproqli yo‘llarimiz maktab o‘quvchilarining eng katta muammosi. Ular yomg‘irli kunlarda yo‘lning loyligidan, issiqda esa chang-to‘zonligidan aziyat chekadi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida “Open budget” loyihasida ishtirok etdik, biroq mahallamiz aholisining aksariyati internetdan foydalanishni bilmagani sababli yetarli ovoz to‘play olmadik. Natijadan xafa bo‘lib, tuman hokimiga murojaat qildik. Hokim tashabbusi bilan tuman byudjeti hisobidan 8 kilometr yo‘lga shag‘al to‘shaldi. O‘quvchilarning mashaqqatlari ham ancha kamaydi.
Islam QALIBAYEV, dehqon:
– Oilamizning yagona boquvchisiman, dehqonchilik bilan shug‘ullanaman. Otam yoshligimizda vafot etgan, ukam shartnoma asosida taʼlim olmoqda. Mahallamiz yoshlar yetakchisi oilaviy ahvolim bilan tanishib, menga yuk tashishim uchun elektromototsiklni imtiyozli kredit asosida olishimga ko‘maklashdi. Hozir o‘zim yetishtirgan mahsulotlarni bozorga chiqarib sotish bilan birga, qishloqda ham yuk tashish xizmati bilan shug‘ullanib, kuniga o‘rtacha 200 ming so‘m daromad topyapman. Aysara Yaxiyayeva ukam Ruslanning o‘qishi uchun kontrakt pulining 50 foizini to‘lashga tavsiya berdi. Bu oilamizga katta yordam bo‘ldi.
Nazira HAKIMNIYAZOVA, tikuvchi:
– Oliy taʼlimga o‘qishga kirolmagach, biror hunar o‘rganish maqsadida mahallamiz yoshlar yetakchisi Aysara Yaxiyayevadan yordam so‘radim. Sababi oilamizda ota-onam hech qayerda ishlamas, akam esa bir necha yil oldin ishlash uchun chet elga chiqib ketgan edi. Yoshlar yetakchisi tikuvchilikka qiziqishimni bilgach, meni bepul o‘quv kursiga o‘qishga yubordi.
Bu hunarni mukammal o‘rganganimdan keyin menga subsidiya asosida tikuv mashinasi olib berishdi. Aysara opa tikuv mashinasi berilgandan keyin ham meni o‘z holimga tashab qo‘ymadi. Mahallamizda men boshchiligimda tikuv sexi ochish niyati borligini aytdi. Mahalladagi bo‘sh turgan binoni bizga ajratib, barcha tikuv mashinasi olgan yoshlarni shu yerga jamladi. Buyurtmalarni ham o‘zlari topib, faoliyatimizni boshlashimizga ko‘maklashdi. Men esa mahallamizdagi tikuvchilikka qiziqishi bor yoshlarni shogirdlikka olib, hunarimni bepul o‘rgatadigan bo‘ldim. Hozir kichik seximizga doim buyurtmalar topilmoqda. Kunlik daromadim 100-150 ming so‘m atrofida bo‘lyapti.
Aqsungul NIZANOVA, chorvador:
– Mahallamiz hududining katta qismi yaylovlardan iborat. Ota-onam chorvachilik bilan shug‘ullanganligi sababli menda ham bu sohaga qiziqish baland. Iimtiyozli kredit asosida 10 ta echki oldim. Bugun ularning soni 18 boshga yetdi. Kelajakda o‘z mahallamda chorvachilik fermasini ochmoqchiman.