Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Farg‘onalik shaddod yetakchi

23.5.2024 861

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Mubinaxon Mamitaliyeva 23 yoshda. Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona” mahallasi yoshlar yetakchisi. Mahallada jinoyatchilikning oldini olish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, muammolarini o‘rganish, bandligini ta’minlash borasida maqsadli vazifalarni amalga oshirmoqda.

2023-yilda “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” respublika tanlovida “Iqtidorli va intellektual faol yoshlar bilan samarali ishlagan eng namunali yetakchi” yo‘nalishida 3-o‘rinni egallagan. 2024-yilning 1-choragi yakunlariga ko‘ra, “Top – 100” yetakchi sifatida e’tirof etilgan.

“Farg‘ona” mahallasi balansi:

Aholi soni: 2967 nafar;

Xonadon: 642 ta;

Yoshlar soni: 524 nafar;

Ayol-qizlar: 267 nafar;

“Yashil” toifa: 409 nafar;

“Sariq” toifa: 110 nafar;

“Qizil” toifa: 5 nafar

Qat’iyat va jasorat

– Bolalikdan shaddod boʻlganman, – deydi qahramonimiz Mubinaxon Mamitaliyeva. – Shaddodlikda yigitlardan ham oʻtardim. Otam meni qizlarga xos sport turi – badiiy gimnastikaga bergan. Ma’lum muddat gimnastika bilan shug‘ullanganman, viloyat miqyosidagi tanlovlarda ishtirok etganman. Biroq keyinchalik yengil atletikaga qiziqib, gimnastikani tashlaganman.

Bolalikdagi fe’lim yetakchilik faoliyatimda yordam beradi. Shahar markazidagi hudud bo‘lgani sababli mahalla yoshlarini nazoratda ushlab turish oson emas. Ba’zan qat’iyat va jasorat talab etiladi. 

Mubinaxon Mamitaliyeva faoliyatining ilk davrlarida uning bu ishga kirishishiga qarshilik qilganlar ham topilgan. Lekin yoshlar yetakchisi o‘zi aytganidek, qat’iyatlilik va jasorat bilan bu mashaqqatli fazifani zimmasiga olgan.

Mubinaxon mahalla yoshlarini xatlovdan o‘tkazib, qiziqishlariga ko‘ra “Yoshlar balansi”ni shakllantirdi, ularning murojaatlari, muammolarini o‘rganib, “Yoshlar daftari”ga kiritdi. “Prezidentimizning mahalladagi ishonchli vakili sifatida har bir yoshning muammolarini bartaraf etish, ularga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni burchim deb bilaman”, deydi u.

55 nafar yosh ishli bo‘ldi

O‘tgan yili 10 dan ortiq uyushmagan ishsiz yosh va “Bandlik dasturi”ga qamrab olingan 55 nafar yosh iqtidori bo‘yicha o‘qishga yo‘naltirildi hamda mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashtirildi. Yil davomida yoshlarga mavjud yo‘nalishlar bo‘yicha ehtiyojmand yoshlar uchun  “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan 25 million so‘m mablag‘ sarflandi.

“Farg‘ona” mahallasida yashovchi Nilufar Sotiyeva qo‘shni ayoldan tikuvchilikni o‘rgangan. O‘z uyida buvisidan qolgan eski tikuv mashinasida chevarlik qilib kelardi. Yoshlar yetakchisi xatlov uchun borganida Nilufar tikuv mashinasiga ehtiyoji borligini bildirdi. Qisqa fursatda “Yoshlar daftari” orqali Nilufar Sotiyevaga tikuv mashina berildi. Hozir u o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yib ijtimoiy faol yoshlar safiga qo‘shildi. Oylik daromadi 2-3 million so‘m atrofida. Tikish-bichishga qiziqqan yoshlarga bu hunar sirlarini ham o‘rgatishga tayyor, bir nechta shogirdlari ham bor.  

Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti

Mubinaxon “Yoshlarning bo‘sh vaqti – yetakchining ish vaqti” tamoyiliga muvofiq ish olib bormoqda. U sportchi bo‘lgani sababli mahalladagi sportga qiziqishi baland yoshlarni sportga jalb qilib, ular bilan birgalikda mashg‘ulotlarni yo‘lga qo‘ygan. Yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatilishi va muntazam tayyorgarlik natijasida 2 nafar yosh oliy ta’limning sport yo‘nalishiga o‘qishga kirdi. Yetakchi gimnastikaga qiziqqan yoshlarni o‘zi mashg‘ulot olib borgan sport maktabiga yo‘naltirmoqda.

“Farg‘ona” mahallasida 5 nafar “og‘ir” toifaga olingan yosh bo‘lib, ular Farg‘ona shahar Moliya va iqtisodiyot bo‘limi boshlig‘i Shuhratjon Dehqonovga biriktirilgan. Migratsiyadan qaytgan 1 nafar yoshning sartaroshlikka iqtidori borligini bilgan Shuhratjon Dehqonov uni shahar markazidagi sartaroshga shogirdlikka berib, doimiy nazoratga olgan. Muntazam dars qoldiruvchi 1 nafar va 2 nafar ajrim yoqasidagi yoshning xonadoniga yoshlar yetakchisi bilan birga borib, muammoning sabablarini o‘rganilib, hozir hal etish jarayonida. 2 nafar probatsiya nazoratidagi yosh esa kasb-hunar o‘rganishga yo‘naltirilgan.

1 nafar tushkun holatga tushib qolgan, agressiv xulq-atvorli, jinoyatchilik va o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan yosh bilan individual ishlagan holda yoshning o‘zi qiziqqan sohaga ishga joylashtirish orqali sodir etilishi mumkun bo‘lgan jinoyatlar oldi olindi.

“Yo‘l xaritasi”

“Farg‘ona” mahallasidan 150 nafar yosh Farg‘ona shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i, mayor Muzammil Ne’matov tomonidan otaliqqa olingan. Ushbu yoshlar bilan ishlash uchun maxsus “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, reja asosida ish tashkil qilinmoqda.

Xaritaga muvofiq, otaliqqa biriktirilgan yoshlarning xonadoniga borib suhbat qilinyapti. Har biri bilan alohida uchrashib, muammolari o‘rganilyapti. Maktab o‘quvchilari bilan birma-bir gaplashilib, har birinining maktabni tugatgandan keyingi hayoti muhokama qilinmoqda. Bir qarorga kelmagan, ikkilanayotganlariga imkoniyatlarini so‘rab, qiziqishiga qarab universitetlar tavsiya qilinyapti.

Bitiruvchi talabalar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga joylashishiga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda ko‘maklashilmoqda.

– Otaliqqa olinayotgan paytda ishsiz yosh yo‘q edi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Keyinchalik 2 nafar yoshimiz ma’lum sabablarga ko‘ra, ishsiz bo‘lib qoldi. Hozir ularning biri chet tili kursiga biriktirildi, yana biriga tadbirkorlik qilish uchun imtiyozli kredit olib berilib, chorvachilikka yo‘naltirilgan.

 

Liderning mahorati

Yoshlar yetakchisi yoshlarning iqtidorlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Mening iqtidorim” nomli ko‘rik-tanlov tashkil etgan. Tanlov g‘oliblari “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi musobaqa va bellashuvlarda ham faol ishtirok etyapti. Xususan, mahalla vakillari shaxmat bo‘yicha hududiy bosqichda 2-o‘rin, strit vorkaut yo‘nalishida esa 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

“Iqtidorli va intellektual faol yoshlar bilan samarali ishlash” yo‘nalishida qator ishlarni amalga oshirmoqda.

Jumladan, Feruzabonu Komilova xorijiy tillarni o‘rganishga iste’dodi borligi va maktabda ham a’lo baholarga o‘qiyotgani yetakchining nazariga tushadi. Feruzabonu yoshlar yetakchisi tomonidan “Kelajak kasblari”da o‘qish uchun yo‘naltiriladi. Qilingan mehnat samarasini berdi. U 17 yoshidayoq IELTSdan 7 darajani oldi va mahalladagi tengdoshlariga ingliz tilini o‘rgatmoqda.

Omadbek Qo‘ziyev 18 yoshda. “Kelajak kasblari” doirasida IT yo‘nalishida o‘qiydi. U o‘zi mustaqil dasturlar yarata oladi va yaratgan bir nechta dasturi ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan. Omadbek ismiga monand omadli – dunyoning “TOP 500” reytingida turadigan Qozon federal universitetiga IT sohasi bo‘yicha grant yutib oldi.

Zarnigor Abdulatipova 19 yoshda. Shaxmat bilan muntazam shug‘ullanadi. Farg‘ona davlat universitetida matematika yo‘nalishida tahsil oladi. Shaxmat bo‘yicha respublika musoboqalari g‘olib va sovrindori. Mahallaning eng faol yosh sardorlaridan.

Tarbiyani tarbiyasizdan o‘rgan

Mubinaxon Mamitaliyeva yetakchilik faoliyatini boshlagan davridagi qiyinchiliklarni eslar ekan, quyidagilarni aytib berdi:

Hayotimizni xayolimizdagi kabi ulkan zafarli cho‘qqilarda qurishimiz uchun avvalo poydevorga – uni nimaning ustiga qurayotganimizga e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Ilk tajribalar hammasini hal qilib qo‘yishi mumkin. Poydevorning mustahkamligi atrofimizdagi insonlarga bevosita bog‘liq. Ammo har doim faqat yaxshi insonlar orasida yurish to‘laqonli sog‘lom fikr-mulohaza qilishimiz uchun yetarli bo‘lmaydi. “Tarbiyani tarbiyasizdan o‘rgandim” deganlaridek, ayrim muvaffaqiyatsizliklarni ko‘rish va ularni boshdan kechirish insonga saboq, ketidan yangi g‘oyalar yangicha tashabbuslar kalitini olib keladi. Samimiylik esa ajralmas quroldir. Boshdan o‘tganlardan to‘g‘ri xulosa qilsak bas.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish