Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SINGAPUR

19.1.2023 2547

Shahribonu RAHMATOVA tayyorladi.

Eng qimmat. Tozalik boʻyicha birinchi. Rang-barang orollar

Xabaringiz bor, 17-yanvar kuni Oʻzbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Singapurda boʻldi. Prezidentimiz Singapurning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi qimmatli tajribasini oʻrganish lozimligi, qolaversa, bu davlatdan 4,7 milliard dollargacha qoʻshimcha investitsiya jalb qilish rejalashtirilgani uchun ham bu tashrif muhim ahamiyatga ega ekanini, xususan, samarasiz ishlayotgan davlat korxonalarini xususiylashtirishga ham investitsiyalar jalb qilinishini taʼkidlagan edi.

Singapur haqida nimalarni bilasiz?

Singapur 1965-yil 9-avgustda Malayziyadan ajralib, alohida mustaqil respublikaga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini 1992-yil 2-yanvarda tan olgan, 1997-yil 8-aprelda diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan.

Singapur Janubi-Sharqiy Osiyoda joylashgan boʻlib, Pulau Ubin, Pulau-Tekong, Sentosa va 60 dan ziyod kichik orollardan tashkil topgan rang-barang va jozibador davlatdir. Bu davlat muhim jahon savdo markazi va Osiyoning asosiy portlaridan biri hisoblanadi. Poytaxti Singapur shahri.

Rasmiy tillari: malay, xitoy, tamil, ingliz. Singapurliklarning aksariyati ingliz tilida gaplashadi. Aholining taxminan uchdan bir qismi buddizmga e’tiqod qiladi, 20 foizdan ortigʻi taoizm (konfutsiylik) va boshqa – musulmonlar, hindular, 13 foiz xristianlar, taxminan 15 foiz ateistlardan iborat.

Xalqaro puli: SGD (Singapur dollari). Chet el valyutasini va sayohat cheklarini koʻpgina banklarda va ixtisoslashtirilgan almashinuv shoxobchalarida almashtirish mumkin. Kurs barqaror va hamma joyda deyarli bir xil. Kredit kartalari eng keng tarqalgan va toʻlovning asosiy vositasi hisoblanadi. Barcha muassasalar American Express, Diners Club, MasterCard va Visa kabi mahalliy bank kartalarini qabul qiladi. Bankomatlar hatto kichik kafe yoki xususiy doʻkonlarda ham oʻrnatilgan.

Singapur Respublikasi – rivojlangan davlat, dunyodagi korrupsiya darajasi eng kam boʻlgan mamlakatdir. Butun jahon iqtisodiy tashkiloti tomonidan aniqlangan hayot sifati indeksiga koʻra, Singapur Osiyoda eng yuqori yashash standartiga ega davlatlardan hisoblanadi.

Singapurdagi ob-havo sayyoramizning har bir fuqarosini o‘ziga tortadi. Orol ekvatorda joylashgan, shuning uchun Singapur iqlimi juda moʻtadil. Qishda va yozda oʻrtacha harorat 26 daraja. Singapur hududining deyarli 50 foizi yashillik bilan qoplangan, bunga milliy bogʻlar va ajoyib qoʻriqxonalarning koʻpligi sababchi. 1971-yildan boshlab har yili Singapurda daraxt ekish kuni oʻtkaziladi. Ehtimol, shu sabab dunyoning barcha megapolislari orasida havoning tozaligi boʻyicha birinchi oʻrinda turadi.

Singapur oshxonasi mazali va foydali milliy taomlari bilan mashhur. Bu yerda Xitoy, Malay, Yapon, Hind, Yevropa, Meksika va Tayland taomlari, jumladan, dunyoning istalgan mamlakati taomlaridan tatib koʻrishingiz mumkin.

Singapur nisbatan tinch davlat hisoblanadi, jinoyatlar deyarli sodir etilmaydi va zoʻravonliklar ham kam uchraydi. Bu yerda derazalar ochiq holda uxlash, eshikni ochiq qoldirish odatiy holdir. Dunyoda jinoyatchilik darajasi eng past boʻlgan mamlakat sifatida Yaponiya bilan teng mavqeni egallaydi. Singapurda saqich chaynash 1992-yildan beri taqiqlangan. Chet eldan saqich olib kirganlar 100 000 AQSh dollarigacha jarima va 2 yillik qamoq bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, tupurish, jamoat oldida yomon musiqa chalish yoki odobsizlarcha qoʻshiqlar kuylash taqiqlanadi. Juda kulgili, ammo Singapurda hojatxonani yuvmaslik ham qonunbuzarlikdir. Jamoat joylarida va uy sharoitida yalangʻoch holda yurish qonunga zid hisoblanadi va 2000 AQSh dollari yoki uch oygacha qamoq jazosiga tortilishi mumkin.

Ushbu mamlakatda 2 ta tilda oʻqish imkoniyati mavjud. Mamlakat qonunlariga koʻra, Singapurning barcha fuqarolari oʻz xalqining madaniy qadriyatlarini yaxshiroq tushunishi uchun oʻz ona tilini oʻrganishi kerak, lekin ayni paytda ingliz tilida ham xuddi shunday imkoniyatlarga ega. Har bir abituriyent mamlakatda oʻqishni istagan tilda tanlash huquqiga ega. Tanlagan yoʻnalishingizga qarab, faqat shu yoʻnalishga tegishli va kerakli boʻlgan fanlarni chuqur oʻrganishingiz lozim. Bu Singapur taʼlimining eng muhim xususiyatidir. Singapur ingliz tili, matematika, tibbiyot va ilm-fanni turli usullar bilan oʻrganish uchun ajoyib joy.

Talabalik vizasi bilan oʻqiyotgan chet ellik talaba ishlash huquqiga ega emas, hatto koʻngillilar safida ham, barcha vaqtini faqat oʻqish uchun sarflashi kerak. Afzalligi shuki, turli mamlakatlardagi koʻplab universitetlar talabalar almashinuvi boʻyicha Singapur bilan shartnoma tuzgan va bu bitiruvchilarga imtihonsiz dunyoning barcha nufuzli universitetlariga kirish imkoniyatini beradi.

Bu yerdagi jami aholining 38 foizi xorijliklar. Birgina kamchiligi, bu yerdagi shaharlar dunyoning eng qimmat shaharlaridan hisoblanadi. Universitetlarda chet ellik talabalar koʻp, lekin yotoqxonalarda joy kam.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish