Turkiyada Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi “Jadidlar haftaligi” forumini o‘tkazdi. Istanbul, Karabuk, Bursa, Bartin, Anqara, Izmir va Kojaeli kabi shaharlardan 400 nafardan ziyod o‘zbekistonlik talaba-yosh ishtirok etgan forumda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi konsulxonasi Bosh kotibi Sherzod Abdunazarov qatnashdi.
Ko‘nya shahridagi Najmiddin Erbakan universiteti professori Birol Merjan “Jadidlar” kitoblar to‘plamini turk tiliga tarjima qilish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanganini va tez fursatda turk kitobxonlariga taqdim qilinishini ma’lum qildi. Forum doirasida tashkil etilgan “Jadidlarning ijtimoiy-siyosiy faoliyati va tarixiy jarayonlarda tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy simpozium plenar yig‘ilishida jadidchilik harakati haqida tadqiqot olib borgan mutaxassislar – Mimar Sinan universiteti professori Ismoil Turko‘g‘li, Anqara Hoji Bayram universiteti professori Zaynabiddin Abdurashidov hamda Istanbul universiteti professori Bulent Ari so‘zga chiqdi.
Forumda yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev bilan onlayn uchrashuv ham tashkil etildi. Alisher Sa’dullayev jadidchilik harakati va uning mazmun-mohiyatini targ‘ib etish bo‘yicha qilinayotgan ishlar to‘g‘risida gapirdi.
Shundan so‘ng, Turkiyada tahsil olayotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini o‘tkazildi.
Tadbir so‘ngida mehmonlar uchun O‘zbekistonning tarixi aks etgan maxsus esdalik sovg‘alar taqdim etildi. Milliy uyg‘onish davrining farzandi, jadidchilik harakatining namoyandalaridan biri Abdulla Qodiriyga bag‘ishlangan ilk hujjatli film premyerasi forumga yakun yasadi.
