XXI asrda bolalik davri tushunchasi mazmunan o‘zgaryapti. Ilgari bolalar faqat atrofidagilar bilan o‘ynagan bo‘lsa, bugun ular planshet yoki telefon orqali butun dunyo bilan aloqada bo‘ladi. Raqamli platformalar va onlayn o‘yinlar bolalarning tasavvurini kengaytirayotgani bilan birga, ruhiyati, qadriyatlari va xulq-atvoriga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa ota-onalar, pedagoglar, jamiyat va davlatlar uchun yangi mas’uliyat hamda xavotirlarni yuzaga keltiryapti.
Shu jarayonda eng ko‘p tilga olinayotgan platformalardan biri – Roblox. U ilk bor 2006-yilda ishga tushgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlar orasida eng ommabop o‘yin maydonlaridan biriga aylandi. Millionlab foydalanuvchilarni jalb qilayotgan platforma haqida so‘nggi vaqtlarda jiddiy savol va tanqidiy chiqishlar ko‘paydi. OAVdagi tekshiruvlar, xalqaro nashrlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim faollar ilgari surayotgan xavotirlar “Roblox” bolalar xavfsizligi va tarbiyasida murakkab oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
So‘nggi voqealar
Oxirgi yillarda “Roblox” platformasi bir nechta og‘ir sud da’volarining markazida turibdi. Masalan, AQShning Shimoliy Karolina shtatida onalardan biri qizi 10 yoshida “Roblox”dagi predator tomonidan aldanganini aytib sudga murojaat qildi (predator – inglizchada ovchi, yirtqich degani. Internet va ijtimoiy xavfsizlik kontekstida bolalarni yoki himoyasiz insonlarni nishonga olib, ulardan jinsiy, moliyaviy yoki boshqa manfaat olishga uringan shaxsni anglatadi). Da’vo tafsilotlarida predator dastlab platformada ishonch qozongan, keyinroq suhbatni tashqi kanallarga ko‘chirib, bolani “Robux” evaziga jinsiy xarakterdagi kontent yuborishga majbur qilgani ko‘rsatilgan. Bu haqda “New York Post” va mahalliy “WRAL News” batafsil xabar bergan.
Shunga o‘xshash voqea Sent Luis shahrida ham qayd etilgan. 13 yoshli qiz “Roblox”da predator ta’siriga tushib, keyinchalik zo‘ravonlik qurboniga aylangan. “Roblox” 2024-yilda 24 mingdan ortiq shubhali faoliyat haqida ogohlantirish berganini da’vo qilgan, ammo ota-onalarning fikricha, bu choralarning real himoyaga deyarli aloqasi yo‘q.
“Washington Post”ning yozishicha, 2025-yil avgust oyida Luiziana shtati bosh prokurori Liz Murrill “Roblox”ni sudga berdi. Da’vo matnida platforma “predatorlar uchun ideal makon” deb atalgan va kompaniya foyda ortidan quvib, bolalar xavfsizligini ikkinchi darajaga surayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Texas shtatidagi Galveston tumanida bir ona “Roblox” va “Discord”ni sudga berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qizi dastlab “Roblox” orqali predator bilan tanishgan, keyinchalik muloqot “Discord”da davom etib, fojiali oqibatlarga olib kelgan.
“Wired” jurnalining yozishicha, 2024-yilda “Roblox”da bolalarni ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq xabarlar soni 675 tadan, birdaniga 24 mingtaga oshgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, kompaniya joriy qilgan SI asosidagi nazorat vositalari va “Trusted Connections” kabi mexanizmlar predatorlarni to‘liq to‘xtatishga qodir emas.
Mutaxassislar fikri
Professor Emily Tanner (Sidney universiteti, Avstraliya). 2025-yil mart oyida Sidney universiteti tadqiqotchisi, media va raqamli madaniyat bo‘yicha mutaxassis, professor Emily Tanner boshchiligida tadqiqotda 7–14 yoshli bolalar bilan suhbatlar o‘tkazilgan. Ularning xulosalariga ko‘ra, “Roblox”dagi “loot box” va “tasodifiy mukofot” tizimlari bolalarda qimordagiga o‘xshash ruhiy holatlarni yuzaga keltiradi. Tanner bu tizimni “bolalar uchun maxsus ishlab chiqilgan qimor mexanizmi” deb atab, ularning moliyaviy ongini buzishini alohida ta’kidlagan.
Raqamli madaniyat va oila xavfsizligi bo‘yicha mutaxassis Sobia Rahman (Northwestern University, Qatar) “Qatar Tribune” gazetasiga bergan intervyusida “Roblox”dagi nazorat mexanizmlarining yetarli emasligini qayd etgan. Uning tavsiyasiga ko‘ra, ota-onalar bola bilan muloqotni kuchaytirishi, o‘yin ichidagi chat funksiyasini o‘chirib qo‘yishi va vaqtini qat’iy nazorat qilishi shart. Mutaxassisning fikricha, platformadagi anonimlik bolalarni kiberjinoyatchilarga nishon qiladi, shu bois ota-ona kuzatuvi eng samarali himoya chorasidir.
Raqamli o‘yinlar va qimor o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgangan David Zendle (York universiteti, Buyuk Britaniya) ham “Roblox”dagi monetizatsiya mexanizmlari haqida ogohlantirgan. Uning ta’kidlashicha, “Robux orqali xarid qilish tizimi bolalarda real pulning qiymatini tushunishni qiyinlashtiradi, bu esa ortiqcha sarf-xarajatlarga olib keladi”. Zendle 2021-yilda chop etgan ilmiy maqolasida bu kabi tizimlar bolalarni qimor o‘yinlariga tayyorlovchi psixologik “ko‘prik” sifatida ishlashini ko‘rsatgan.
Global nazorat choralari
“Roblox”ning bolalar xavfsizligiga doir mojarolari ayrim mamlakatlarda keskin choralarga olib keldi. Masalan, Xitoy 2021-yilda platformani butunlay bloklab qo‘ygan edi. Rasmiy Pekin bunga “o‘quvchilarni noto‘g‘ri yo‘nalishga soluvchi kontent” sabab bo‘lganini bildirgan. Indoneziya ham 2022-yilda “Roblox”ni vaqtinchalik bloklagan. Bunga platforma mamlakatning ma’lumotlarni himoya qilishga oid qonunlariga mos emasligi sabab bo‘lgan.
Turkiyada esa parlament a’zolari “Roblox”ni bolalar uchun xavfli deb atab, uning bloklanishini talab qilgan. Turkiya Ichki ishlar vazirligi 2023-yilda o‘tkazgan maxsus tekshiruvlarda platformada pedofillar faoliyat yuritishi aniqlanganini e’lon qilgan. 2024-yil 7-avgustda esa mamlakatda bu platforma bloklandi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqida qabul qilingan “Digital Services Act” (DSA) qonuni asosida “Roblox”ning faoliyati bolalar uchun xavfsizlik mezonlari nuqtayi nazaridan alohida nazorat ostiga olingan. Bryussel rasmiylari platformadan bolalar psixologiyasi va qimorga o‘xshash mexanizmlar bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha choralar ko‘rishni talab qilmoqda.
Bundan tashqari, Qatarda ham platforma bloklandi; 2021-yilda Gvatemala hukumati ota-onalarga “Roblox”dan bolalarni saqlash haqida rasmiy ogohlantirish bergan; 2025-yilda Indoneziya hukumati platformada chat filtrlari zaif ekani sabab mamlakatda taqiqlanishi mumkinligidan ogohlantirgan.
“Roblox” bir qarashda oddiy o‘yin platformasi sifatida ko‘rinsa-da, uning atrofida ortayotgan tanqidiy chiqish va xalqaro darajadagi choralar platformani bolalar xavfsizligi uchun eng ko‘p muhokama qilinayotgan raqamli maydonlardan biriga aylantirdi. Sud jarayonlari, jurnalistik tekshiruvlar va ilmiy tadqiqotlar platformaning anonimlik va xavfsizlikdagi bo‘shliqlarini hamda uning biznes modeli bolalar manfaatiga zid ekanini ko‘rsatyapti.
Shu bilan birga, mamlakatimizda vaziyat hali aniq huquqiy bahoga ega emas. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Bolalar ombudsmani yoki boshqa tegishli tashkilotlar rasmiy sahifalarida hozircha “Roblox” masalasi yuzasidan maxsus bayonot e’lon qilinganini uchratmadik. Ehtimol, hozircha o‘rganish bosqichidadir. Ammo ba’zi faollarning chaqiriqlari ko‘zga tashlanadi.
Jamiyat va ota-onalar bunday muammolar yuzasidan faqat rasmiy choralarni kutib qolmasdan, o‘zlari ham farzandlari faoliyatini kuzatib borishi, raqamli muhit xavflarini tushuntirishi lozim.
***
“Roblox”dagi “loot box” va “tasodifiy mukofot” tizimlari bolalarda qimordagiga o‘xshash ruhiy holatni yuzaga keltiradi.
13 yoshli qiz “Roblox”da predator ta’siriga tushib, keyinchalik zo‘ravonlik qurboniga aylangan.
