Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

XALQ DARDINI KUYLAB O‘TDI - Fozil YO‘LDOSH o‘g‘lining 150 yilligi oldidan

19.11.2022 2110

Xolboy QOSIMOV, adib, “Yilning eng faol jurnalisti” respublika ko‘rik-tanlovi g‘olibi

O‘n sakkiz yoshga to‘lgan, yigit bo‘lib el oralab yurgan Fozil bir kuni katta bir davraning ustidan chiqib qoladi. Davrada mashhur baxshi shoirlar: Yo‘ldosh shoir, Qo‘ldosh shoir, Suyar shoir, Xushnazar, Qu­vondiq, Rasulberdi, Raim va Sherali shoirlar jam bo‘lib, navbatma-nav­bat doston kuylab hammani o‘ziga qaratardi. Yosh Fozil shoir ham tavakkal, deb davraga qarab yuraverdi, davrani diqqat bilan kuzataver­di. O‘z navbati kelganda do‘mbirasini qo‘liga olib kuylayberdi. Baxshilar hayratlanib bir-biriga qarayberdi. Bu ijodiy uchrashuv uning hayotida katta bir burilish yasadi.

Shunday qilib Foziljon katta-kat­ta davralarda ham doston-ter­malar kuylab, dovrug‘i tog‘lardan oshaberadi. Yosh shoirning boshi­ga tushgan ko‘rgiliklar, baxshi shoir bo‘lib shakllanishidagi muhit va ja­rayonlar ham “Fozil Yo‘ldosh” dos­tonida o‘zining to‘laqonli ifodasini topgan.

Bulung‘ur (Samarqand)ning ham azaldan yaxshisi ko‘p edi, yaxshilarning ichida shoir-u bax­shisi ko‘p edi. Shularning orasi­da Yo‘ldosh shoir, Qo‘ldosh shoir va Suyar shoir degan aka-ukalar ham bor edi. Bu aka-uka shoirlar maslahatlashib, Fozilni ota yurti Bulung‘urga olib kelishga ahd qilishadi. Ular bir kechada Foziljonni “Loyqa” qishlog‘iga olib kelishadi. Yigirma yoshida o‘z qishlog‘iga qaytgan Foziljon, otasidan qolgan bir tanob yerda dehqonchilik qila boshladi. Shu yo‘sin bulung‘urlik baxshilar yosh shoirning baxshilik isteʼdodini o‘stirishga kirishadi.

Fozilning qobiliyatini kuzatib yurgan Yo‘ldosh shoir uni o‘ziga shogirdlikka oladi. Yo‘ldosh shoir Fozilni o‘z bolasiday tarbiyalay­di, dostonchilik yo‘llarini o‘rgatadi. U ustozining o‘gitlarini qunt bilan o‘zlashtira boradi, ko‘p dostonlarini o‘rganadi, o‘zi ham mustaqil dos­tonlar-termalar aytadigan bo‘la­di. U vaqtlarda baxshi nomini olish uchun ustoz tomonidan maxsus chaqirilgan yig‘inda doston aytib, sinovdan o‘tishi kerak edi. Fozil ham ustoz-baxshilar sinovidan muvaf­faqiyatli o‘tib, baxshi-shoir nomini oladi. “Ey Yo‘ldosh shoir, qadding­ni ur, Fozil ishonchingni oqlaydi, endi belini mahkam bog‘laydi, yosh shoir endi Fozil Yo‘ldosh bax­shi bo‘ldi”, deb unga tan berishadi. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘liga esa oq yo‘l ti­lashadi. To‘y-maʼrakalar ham Fozil­siz o‘tmaydigan bo‘lib qoldi.

“Chavqi” o‘yinlari ham asta jon­lanib bordi. Fozil shoir haqiqiy ha­yot ichiga chuqurroq kirib boradi, xalqning uzoq asrlik boy va o‘ziga xos og‘zaki ijodiy xazinasidan bah­ramand bo‘lib, ijodiy faoliyatida undan keng foydalanadi. Turmush tashvishlari bilan savod chiqarish­ga, maʼlumot olishga imkon top­madi, ammo hayot maktabi uni barkamol bir inson qilib voyaga yetkazdi.

Hayotni sinchkov nazar bilan kuzatayotgan shoir o‘ziga o‘xsha­gan kambag‘allarning ayanchli ahvolini, dard va alamli turmushini aks ettiruvchi termalar, qo‘shiqlar, o‘lanlar yarata boshlaydi. Doston va termalarida xalqni mardlik­ka chaqiradi, do‘stlikni ulug‘laydi, mehnat, hunar va maʼrifatni zavq-shavq bilan kuylaydi. Vatanga, xalqqa jonkuyar, ota-onaga meh­ribon farzandlar bo‘lishni targ‘ib qiladi. 1898-1908 yillarda hamma joyni chigirtka bosib, ekinlarni vay­ron qiladi. Xalq oqposhshoning zul­mi yetmasmidi, buyam “o‘lganning ustiga tepganday bo‘ldi-da”, deb zorlanardi. Biroq bu qayg‘u-sitamlarning foydasi yo‘q edi. Baribir Xu­dodan kelgan ofatga o‘zi bas kel­masa, bandasining qo‘lidan hech narsa kelmas ekan. Chigirt­ka voqeasi ham “Fozil Yo‘ldosh” dostonida haqiqiy voqelik sifatida aks et­tiriladi.

U o‘tgan asrning boshlarida yuz bergan qo‘zg‘olonlarga, urushlarga, xalqning og‘ir turmushi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga, turli xil tabiiy ofatlarga, inqilobiy o‘zgarishlarga, xalqimiz hayotida chuqur iz qoldir­gan Jizzax qo‘zg‘oloni (1916-yil) bilan bog‘liq voqealarga xalq kuychisi si­fatida befarq qaray olmasdi. O‘sha jarayonlarni asarlarida haqqoniy tarzda yoritishga harakat qilardi. Bu qo‘zg‘olonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bax­shi shoir “Jizzax qo‘zg‘oloni” nomli tarixiy dostonini yozadi. Shuning uchun ham uning ijodi xalqchil edi, eshitgan quloqqa manzur bo‘lardi.

Bundan tashqari, davr ruhi bilan hamnafas tarzda yaratilgan “Ochil­dov” va “Mamatkarim polvon” kabi dostonlari ham bunga misol bo‘la oladi. Fozil shoirning “Mamatkarim polvon” dostoni ham hayotiy voqe­likka asoslangan asarlardan biridir. Shoir dostonida zolimlar va mazlumlar o‘rtasidagi hayot-mamot kurashini tasvirlab Mamatkarim obrazi orqali xalqning haqsizlik va xiyonatga, johillik va zulmga qarshi g‘azab va nafratini, isyonini badiiy jihatdan obrazli qilib tasvirlaydi.

Fozil shoir xalq dardi bilan ya­shadi. Davrning iztiroblari uning iz­tiroblari, yutuqlari uning quvonchi bo‘ldi. Shoirning dostonlari o‘sha davr nafasi bilan yo‘g‘rilgani, hayotiy vo­qealarga asoslangani bois el orasida tobora shuhrat qozonib bordi. Shoir o‘zi yashagan zamonni o‘tkir ko‘z va teran zehn bilan kuzatib boradi. Shu bois bo‘lsa kerak, dostonlari, termalari sermahsulligi, falsafiy mushohada­larga boyligi, voqea va hodisalarning real, haqqoniy tarzda aks ettirilishi, davr ruhiga hamohangligi bilan alo­hida ajralib turadi.

O‘zbek dostonchiligining buyuk namoyandasi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li dostonlarining gultoji bo‘lmish “Al­pomish” YUNESKOning tarixiy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan. Uning “Nazar va Oqbo‘tabek”, “Zulfizar bilan Avaz”, “Yusuf bilan Ahmad”, “In­tizor” , “Murodxon”, “Yodgor”, “Shirin bilan Shakar”, “Malikai ayyor”, “Ba­logardon”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Mo‘lla G‘oyib”, “Go‘ro‘g‘lining Avazni olib kelishi” , “Jahongir”, “Mashriqo”, “Nurali”, “Oshiq G‘arib”, “Raʼ­no va Suxangul”, “Rustamxon”, “Avazxon”, “Kunlarim”, “Zevarxon”, “To‘lg‘on­oy” kabi qirqdan ortiq dostonlarida oliyjanoblik, insonparvarlik ideallari, xalqning umid va orzulari, turmush kechinmalari badiiy obrazlar orqa­li o‘ta jonli tarzda tasvirlab beriladi. Birgina 1937-yilning o‘zida shoirning 9 ta dostoni yozib olinadi. Baxshi shoirning xizmatlari yuksak taqdirla­nadi. O‘zbekiston hukumatining qa­roriga asosan, Fozil shoir 1928-yilda umrbod beriladigan pensiya bilan taʼmin etildi, orden va medallar bilan taqdirlandi. O‘z xalqining sevimli oqini, baxshi-shoir Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li 1955- yil 17-martda vafot etdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish