Yurtimizning barcha hududlarida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi davom etmoqda. Ezgu tashabbusda sirdaryolik yoshlar hamda sportchilar faol ishtirok etishmoqda.
Sirdaryo tumanidan oʻtgan Toshkent-Dushanbe yoʻnalishidagi M34 magistral yoʻli boʻyida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi hamda Yoshlar ishlari agentligi viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi tizimidagi sportchilar hamda xodimlar ishtirokida “Yashil makon yaratishda birlashamiz” shiori ostida ommaviy koʻchat ekish aksiyasi oʻtkazildi.
Aksiya ishtirokchilari tomonidan barpo etilayotgan “Yoshlar va sportchilar bogʻi” hududida 1000 nafardan ziyod yoshlar va sportchilar jam boʻldi. Tadbir avvalida soʻzga chiqqan viloyat Yoshlar siyosati va sport boshqarmasi boshligʻi Anvar Buranov va Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Maqsudbek Sirojidinov aksiya doirasida barpo etilayotgan bogʻda ekilgan koʻchatlar yillar oʻtib, insonlar salomatligi uchun xizmat qilishi haqida taʼkidlab oʻtdi.
Shundan soʻng yoshlar va sportchilar bogʻ hududida koʻchat ekish ishlariga kirishdi. Aksiyada 1500 tup manzarali va mevali daraxt koʻchatlari ekildi.