Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Zakovat” – bilimdonlar o‘yini

27.6.2024 1526

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

“Zakovat” intellektual o‘yini yoshlar uchun qiziqarli va aqlni charxlaydigan, mantiqiy fikrlash ko‘nikmasini rivojlantiruvchi mashg‘ulotdir. “Zakovat” so‘zining ma’nosi ham shundan dalolat beradi: sezgirlik, aqllilik, farosat, zakiylik degan ma’nolarga ega. O‘yinning bunday nomlanshi uning g‘oyasiga to‘la mos keladi.

Yurtimizda “Zakovat” intellektual o‘yinlari 2001-yildan beri o‘tkazib kelinmoqda. Zamon talabi va ehtiyojlarga ko‘ra, o‘yin takomillashtirilib, yanada ommlashtirildi va endilikda mahalla, maktab, ta’lim muassasalarida yoshlarning aqlini charxlash uchun unumli foydalanilmoqda.

2022-yil 20-yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, ushbu o‘yinlarning tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Shu bilan birga ushbu o‘yinni ommalashtirish bo‘yicha yangi vazifalar belgilab berildi.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida “Zakovat intellektual klubi” nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan “Zakovat” pavilonida “Zakovat” o‘yinlari va mahorat darslari o‘tkazildi. 2022-yil 24-25-sentabr kunlari tarixda ilk bor “Zakovat o‘yinining sportcha versiyasi bo‘yicha Toshkentda Markaziy Osiyo kubogi” o‘tkazildi. Ushbu nufuzli xalqaro turnirda O‘zbekiston jamoalari bilan birga Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan yuzlab bilimdonlar ham o‘zaro kuch sinashdi.

Yoshlar orasida bu o‘yinga qiziquvchilar kundan kunga oshib bormoqda. Barcha ta’lim muassalarida davomli o‘tkazib kelinayotgan ushbu o‘yinga minglab yoshlar jalb qilinganligini buning isboti sifatida ko‘rish mumkin. Jumladan, ta’limning turli bosqichlarida o‘qiyotgan yoshlar uchun jami 17 turdagi yirik intellektual tadbirlar o‘tkazilgan. Ularda 1 mln 100 mingga yaqin yoshlar ishtirok etgan.

Shuningdek, Besh tashabbus olimpiadasi doirasida o‘tkazilgan besh (mahalla, sektor, tuman, viloyat va respublika) bosqichli “Zakovat” musobaqasida respublika bo‘ylab 700 ming nafardan oshiq yoshlar qatnashdi. “Besh tashabbus” olimpiadasi doirasidagi “Zakovat” turnirining respublika bosqichida g‘olib jamoalar:

  • 1-o‘rin uchun diplom hamda100 million so‘m,
  • 2-o‘rin uchun 60 million so‘m
  • 3-o‘rin uchun 40 million so‘m pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

Qolaversa, “Zakovat” intellektual o‘yini doirasida 6 ta yo‘nalishdagi ikki bosqichda bo‘lib o‘tadigan musobaqalar ham yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu 6 ta yo‘nalish: “zakovat”, “breyn-ring”, “shaxsiy o‘yin”, “erudit-kvartet”, “shaxmat”, “shashka”dan iborat. O‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalari  hamda Prezident ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida ham ushbu formatdagi turnir o‘tkazilib, g‘oliblar taqdirlanmoqda.

Shu bilan birga respublikadagi umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarida “Zakovat” to‘garaklari tashkil etilgan hamda muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Bundan tashqari, Prezident qaroriga asosan g‘olib bo‘lgan bilimdonlarga:

  • chet elda stajirovka o‘tash va PhD dasturi doirasida ta’lim olish;
  • “Zakovat stipendiyasi”;
  • ta’limning keyingi bosqichiga to‘lov shartnoma asosida qabul qilish imkoniyatlari mavjud.

Yaqindagina “Zakovat” teleo‘yini muxlislari uchun ajoyib yangilik e’lon qilindi. Zakovatga qatnashishni orzu qiladi-yu, lekin qatnashishga imkoni yo‘qlar uchun o‘yin davomida 2 ta savol e’lon qilinadi va bu savollarga birinchi bo‘lib javob bergan kuzatuvchi uchun 4 million so‘m pul mukofoti taqdim etiladi.

 

 

 

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish