Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Siyqasi chiqqan “vatanparvarlik”

10.1.2024 406

Zebuniso Kamol qizi

Maktab davrida ona tili fanidan yozilgan insho va bayonlar esingizdadir. Mening yodimdan hech chiqmaydi, ko‘pincha Vatan, vatanparvarlik, mustaqil yurt kabi mavzular berilar, daftarni qiynalmay toʻldirardik. “Kindik qoning toʻkilgan tuproq”, “Vatanni sevish iymondan”, “Vatan ostonadan boshlanadi” kabi oʻzimniki boʻlmagan, oʻzim his etmaydigan jumlalar sahifaning eng avvalidan joy olardi.

Lekin meni boshqa narsa ko‘proq o‘ylantiradi: maktabda (hozir ham) “vatanparvar”, “vatan” soʻzlari hamma fanlardan yaxshi oʻqiydigan, darslarga oʻz vaqtida keladigan, tartiblilarni kalaka qilish uchun ishlatiladi. Shundan bu soʻzlar tasavvurimda salbiy buyoqdorlik kasb etgan.

“Vatanparvar”ning ma’nosi nima o‘zi? Yozilgan insholar, aytilgan balandparvoz so‘zlar bilan qalbda bu tuyg‘uni shakllantirish mumkinmi? Vatanim, xalqim deya ko‘ksini mushtlayotganlar biror marta madhiya eshitganda koʻzi yoshlangan, safarga ketganda yurt sog‘inchi ko‘ksini o‘rtaganmikan?

Yo biz, “Vatan tuyg‘usi”ni alohida fan sifatida o‘tgan, bolalikdan o‘zimiz tushunmagan shiorlar, his qilmagan tuyg‘ular qurshovida ulg‘aygan avlod, qachon bayrogʻimiz hilpirab turganda qalbimizda gʻurur hissini tuydik, Vatan haqida qo‘shiq eshitsak, ko‘zimiz yoshlandi?

Vatan haqida “Ulugʻimsan, Vatanim” (Sevara Nazarxon) qoʻshigʻidan boshqasini bilamizmi?! Soʻnggi vaqtlarda qaysi xonanda shu mavzuda qoʻshiq kuyladi, qaysi shoirning ona yurt haqidagi she’rini yosh-u qari yoddan bilamiz?.. Vaholanki, aqlimizni tanigandan buyon Vatanga sadoqat, elga xizmat, fidoyi farzand kabi so‘zlarni eshitamiz. Nazarimda bu jarangdor iboralar oddiygina “surish kerak” degan so‘zlardan ta’sirchanroq yoki xalqchilroq emas. Bu ulug‘vor shiorlar o‘z o‘rnini “surish kerak”ga bo‘shatib berayotgandek...

Vatanparvarlik chidab yashash degani emas

Odatda chetga ketish jiddiy muammolar qarshisidagi odamlarning oxirgi chorasidek yangramoqda tilimizda. Aksariyat yoshlarning fikrlariga ko‘ra, qonunlar yetarlicha ishlamasligi; korrupsiya; nepotizm; qadrsizlangan aqliy mehnat; monopoliyalar; ishsizlik, maoshlar kamligi kabi masalalar “surish” ishtiyoqiga asosiy omil bo‘lmoqda.

Chetga ketaman degan gapni oddiy xalq yaxshi tushunadi, qo‘llab-quvvatlaydi ham. Ammo “yuqoriroqda”gi bir hovuch odamlarga bu yoqmaydi, bizni Vatanni sevmaslik, vatangadolikda ayblashadi. Aslida ular Vatan degan tushuncha ortiga o‘zlarining nafsi, jinoyatlari, qabihliklarini yashirib olishgan, bizdan esa mana shu “Vatan”ga ko‘nib yashashni talab qilishadi. Hukumat va Vatanni adashtirib yubormaslik kerak. Ko‘pchilik ketish ishtiyoqidagilar tizimdan zada bo‘lib ketadi, Vatanni sevmaganidan emas aslo. Vatanparvarlik korrupsiya, sifatsiz ta’lim, kam maosh kabi muommolarga chidab yashash degani emas. Buyuk kelajakni kutib yashashga esa umrimiz kamlik qiladi. Dunyoning qaysi burjida bo‘lmasin, qalbinizdagi Vatanni yo‘qotib qo‘ymasak bo‘ldi”, – deydi Shaxina Berdiqulova.

Men ham surish kerak deydiganlardan biriman. Nega? Sifatli ta’lim va yaxshi ish maqsadida. O‘qish va ish jarayoniga kunlik 24 soatdan 17 soatga yaqin vaqtimni sarf etaman. Ammo darsga sarflanadigan 6 soat vaqtimga rozi bo‘lmasam kerak. Erta tongdan forma kiyilgan kiyilmagani, darsga kelmagan kursdoshlar sabab bu yerda o‘tirganlar uchun o‘tiladigan tarbiyaviy soatlarning biror foydasini topa olmasam kerak.

Ishim yaxshi. Ammo sarflayotgan vaqtim va kuchimga yarasha rag‘bat ham yaxshi deb hisoblay olmayman. Kelajagim chindan meni tashvishga soladi. Ertaga oladigan oyligimni ro‘zg‘orga yetkazamizmi yoki mashina olamizmi, degan qiyin tanlov ham turipdi. Qiz bolasan, buni qilma, uni qilma, degan qarashlarni ham qabul qila olmayman. Shu sababdan, bir necha yillardan buyon bu ham mening orzumga aylanib ulgurgan. Chet elga ketish uchun ajratilgan deyarli har bir grantga bosh suqib ko‘raman. Ketish imkonlari yuqori, albatta”, – deydi 21 yoshli Mohinur.

Talabalik payti poraxo‘r domlalardan bezor bo‘lib, o‘qituvchi bo‘lsa, talabalarni qiynamaslikka, ta’magir bo‘lmaslikka o‘ziga so‘z berganlarning ko‘pchiligi ustozining yo‘lidan boradi. O‘qishga faqat sessiya vaqti kelib, tankalari orqali bitirib ketgalarni yuqori lavozimlarda ko‘ramiz. Gippokrat qasamini ichganlar bemorni resurs sifatida ko‘rib, uni shilishni ko‘zlab turadigan insofsizga aylanadi. Bu odamlarning mana shunaqa bo‘lib qolishining asosiy sababi tizim, ularga bu imkoniyatlarning bemalol berilayotganida. Tizimning o‘zi adolatsizlik, ta’magirlik, korrupsiya, tanish-bilishchilik kabi bir necha salbiy “-izm” lar asosiga qurilgan. Halol, kasbini sevuvchi, o‘z qobiliyatlari bilan yuqori pog‘onalarga chiqishni istovchi odamlarga bu yerda qolish, bu tizimga qarshi kurashish qiyin”, - deydi Ibrohim Murodov.

Gʻarb yoki Sharqning rivojlangan davlatlaridagi (Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur kabi) ta’lim tizimlari biznikidan butunlay farq qiladi. Eng asosiysi, u yerlarda korrupsiya eng minimal darajada va bu bilim-ko‘nikmalarni oshirishga mutlaqo ta’sir o‘tkazmaydi. Yuqoridagi davlatlarning top universitetlari o‘qish va yashash pulini to‘liq qoplaydigan stipendiya dasturlarini taklif etadi, chunki ularning asosiy maqsadi talabalar ichidagi iste’dod va iqtidorlarini chiqarib olishga qaratilgan bo‘ladi. Bizning aksariyat mahalliy universitetlarimizga o‘xshab borini ham yo‘q qilib, forma va davomat bilan chegaralab qo‘yishga emas. Chetda iste’doding va iqtidoring qadrlansa, bizda mantiqsiz qoidalarga qanchalik bo‘ysinishing, byurokratik to‘siqlar oldida tiz cho‘kishingga qarab “qadrlanasan”, – deydi Mehroj Abdusaidov.

Bu fikrlarni raqamlar ham tasdiqlaydi, yurtimizni tark etayotganlar soni yildan-yilga oshib boryapti. Mana qarang:

  • AQShning Toshkentdagi elchixonasi DV-2023 (grin-karta) dasturi orqali immigratsion vizalarni taqdim etish bo‘yicha dunyoda 7-o‘rinni egalladi.
  • 2023-yilning 9 oyida O‘zbekistondan 181 ming kishi xorijga ko‘chib ketgan. 2020-yilda bu ko‘rsatkich 13,6 ming, 2021-yilda 20,1 ming, 2022-yilda 8,8 ming kishini tashkil qilgan.
  • 2022-2023-o‘quv yilida AQShda ta’lim olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 1000 nafardan oshgan. Bu rekord natija bo‘lib, ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 72,6 foizga o‘sgan.

Fidoyilikni targ‘ib qilish endi foyda bermaydi

Yuqoridagi fikrlarni tahlil qilib, chiqarilgan xulosa shuki, odamlarni nuqul fidoyilikka, o‘zidan kechishga, deylik kam maoshga bo‘lsa ham o‘z kasbini sevib, topganiga shukr qilib yashashga targ‘ib qiladigan tushunchalar eskirdi. Zamonaviy dunyoda ilm, bilimni qadrlash va shuning ortidan farovon hayotga erishish mumkin, mehnatga yarasha haq olish degan qarashlar bilangina masalaga yechim topish mumkin. Shunda hech bir yosh “surish” haqida, “o‘zga yurtda shoh bo‘lishga”, ozmi-ko‘pmi shu yerda olgan bilimini xorijga borib pulga, mulkka aylantirishga shoshilmaydi.

Inson bir natijadan qattiq umidvor bo‘lsa-yu, u hech sodir bo‘lavermasa, ketish kayfiyatiga tushadi. Bugungi yoshlar orzu qilgan, o‘zlari ko‘rishni istagan hayotning tezroq ro‘yobga chiqavermaganidan, qonunlardan ko‘ra qo‘li uzunlarning aytgani ustunlik qilayotganidan, imkoniyatlar ayrim shaxslargagina berilayotganidan kuyinadi. Shunday paytda ularning “surgisi” keladi.

Yana e’tibor berasizmi, xorijda yashayotganlarning ko‘pchiligi vatanini sog‘inganini, o‘z tug‘ilib o‘sgan joyiga qayta borgisi kelayotganini aytadi. O‘z orzulariga, maqsadlariga qanchalik erishmasin, qalbining bir chetida “Vatan tuyg‘usi” yashaydi. Oddiy misol, qishlog‘imizda ko‘pchilik shaharga ko‘chib ketgan, albatta, sharoit va imkoniyatlari sabab. Biroq ular har bir bayramni shahardagi kattadan-katta tadbirlar, konsertlarda emas, g‘aribgina qishlog‘ida kutib oladi. O‘zi o‘qigan maktabga yangi kitoblar, mahallasidagi loy ko‘chalarni asfaltlash yoki qiynalgan qishloqdoshiga ko‘mak berishni ular hech ham kanda qilmaydi. Qishloqqa sig‘maganidan, yaxshiroq yashash istagi bilan shaharga ketganlar ham o‘ziga, ham butun qishlog‘iga foyda keltiradi. Qayerda yashamasin, qayerda bo‘lmasin, ular o‘z yurtini unutmaydi.

Demak vatanparvarlik allaqachon umrini o‘tab bo‘lgan eski urf-odatlarga mahkam yopishib qolish, sabr qilib, chidab yashash, teleminbarlar, ijtimoiy tarmoqlarda  tomoq yirtib “vatan” deb ayqirish emas. Dehqon dalani quritmasa, quruvchi qurgan imorat qulab tushmasa, xalq vakillari xalqning haqqini yemasa, huquqni himoya qilishi kerak bo‘lganlar uni oyoq osti qilmasa, korrupsiya, tanish-bilishchilik Vatandan ustun bo‘lmasa, hamma o‘z kasb-korida, vijdonan ishlasa, halol yashasa, huquq va majburiyatlarini bilsa – shu vatanparvarlik.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish