2010-yilda mamlakatimizda chop etilayotgan ro‘znoma va haftanomalar soni 649 tani tashkil etgan. 2020-yilda ular soni 366 taga tushib ketdi. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 10 yil ichida gazetalar soni 283 taga kamaygan.
Internetning hayotimizga shiddat bilan kirib kelishi an’anaviy matbuotning oyog‘iga tushov soldi. “Multitasking”, ya’ni bir vaqtning o‘zida bir necha vazifalarni bajara olishi bilan internet qulay bo‘lib qoldi: ham o‘qiysiz, ham tinglaysiz, ham tomosha qila olasiz – matbuot, radio, televideniyega xos xususiyatlarni o‘zida birlashtira oldi. “Data Reportal Uzbekistan”ning 2025-yil yanvardagi hisobotida Oʻzbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 32,7 millionga yetgani qayd etilgan. “Irex”, “Media sustainability index” (2019) maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda taxminan 500 ming yoki 1 millionga yaqin gazetxon bor. Eng keng tarqalgan nashrlar qatorida “Yangi Oʻzbekiston”, “Правда Востока”, “Xalq soʻzi” “Народное слово” tilga olingan.
Axborot – eng tez ayniydigan mahsulot. Uni vaqtida ommaga yetkazish kerak. Mos ravishda auditoriya ham axborotni birinchi boʻlib yetkazgan, sharhlagan OAV tomon ogʻib ketadi. Sodir boʻlgan voqelikni oʻz vaqtida yoritishga gazetalarning davriyligi xalaqit beradi. Bosma nashrlar xabardor qilishdan koʻra voqelikni tushuntirishga, tahlil qilishga koʻproq eʼtibor berishi kerak, degan fikrlar koʻp aytiladi. Shunga qaramay, baʼzi nashrlar sahifalariga faqat axboriy janrlarda yozilgan materiallarni joylashtirish bilan ovora. Mushtariy bir hafta avval vebsaytlar orqali tanishgan axboroti bilan gazetada yuzma-yuz kelsa, tabiiyki, hafsalasi pir boʻladi.
Amerika gazetalar assotsiatsiyasi oʻtkazgan ijtimoiy soʻrovnomalar hozirgi kunda yoshlarning bor-yoʻgʻi 17 foizi gazetalarga obuna boʻlishini koʻrsatdi. Yosh avlod vizual elementlarga boy kontentlarni ma’qul ko‘radi. “Pew Research Center”ning o‘rganishlarida ham 18–29 yoshli qatlam axborotni vizual shaklda qabul qilishga moyil ekani aniqlangan.
Afsuski, gazetalarda faqat matnga urg‘u berilgan sahifalar koʻp uchraydi. Hududiy nashrlar matbaachilik bezaklaridan (ornament, dekorativ elementlar, katta-kichik shriftlar, ramkalar, bloklar, ton va fon) ham unumli foydalanmaydi. Vaholanki, ular haftanomani koʻrimli qiladi.
Matbuotda siyqasi chiqqan so‘z va iboralardan foydalanish odati keng tarqalgan. Ayniqsa, “Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar o‘z samarasini bermoqda” kabi jumlalar markaziy nashrlarda tez-tez uchraydi. Bunday holat odatda jurnalistlar tezkor topshiriq olganida turg‘un, “navbatchi so‘zlar”ga murojaat qilishi bilan bog‘liq. Natijada maqolalar bir-biriga o‘xshash bo‘lib qoladi, o‘quvchining qiziqishi esa susayadi. Gazetalarning o‘qilishini oshirish uchun ularni ma’lum muddat bepul tarqatish tizimini yo‘lga qo‘yish yoki ommaviy sotuvi uchun yangicha marketing ishlab chiqish kerakdir, balki. Nafsilamrini aytganda, umumiy yondashuv ishlab chiqish zarurati bor. Bu jarayonda tahririyatlar haqiqatan dolzarb va qiziqarli materiallar tayyorlasa, jamiyatda gazeta o‘qish madaniyati qayta shakllanishiga umid bor.
