Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Pulni boshqarish bo'yicha 5 muhim tavsiya

13.1.2024 565

Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki Moliyaviy savodxonlik va ommaboplikni oshirish departamenti

  1. Doim pul jamg‘arib boring. O‘zingizda pul yig‘ish odatini shakllantsangiz, moliyaviy barqarorlikka erishasiz. Ertangi kunga ishonchingiz ham ortadi. Har oylik ish haqingizdan kamida 10 foizini jamg‘arib boring. Buni qat’iy odat tusiga aylantiring. Jamg‘arma kutilmagan chiqimlarda hamisha qo‘l keladi.
  2. Moliyaviy yostiqchangizni shakllantiring. Byudjet himoyasi uchun moliyaviy zahira zarur. Bu zahira 6-12 oylik xarajatlarga mos miqdorda shakllantiriladi. Nima uchun xarajatlarga, deysizmi? Chunki kutilmagan vaziyatlarda byudjetga tushum kelishi tiklanguniga qadar, odatiy hayot tarzingizni davom ettira olishingiz uchun oilangiz bir oyda qancha sarflashini bilish muhim sanaladi. Ushbu tegilmas zaxira pullarni bank depozitlarida saqlagan ma’qul. Bunda sizning jamg‘armangizga foizlar hisoblanadi. Siz esa o‘z-o‘zidan pullaringizni inflyatsiyadan saqlab qolgan bo‘lasiz. Qolaversa, bank omonatlaridagi pullar fond tomonidan himoyalanadi.
  3. Jamg‘armangizni moliyaviy yostiqcha va moliyaviy maqsadlarga ajrating. Jamg‘armani shakllantirishda pullarni kutilmagan vaziyatlar uchun moliyaviy zaxira hamda kerakli texnika yoki mahsulot, ya’ni moliyaviy maqsadlar uchun taqsimlash muhim sanaladi. Natijada siz pul bilan hal qilinadigan maqsadlaringizga yetish bilan birga, ish yo‘qotish yoki kutilmagan xarajatlar kabi turli inqirozlarga ham tayyor bo‘lishingiz mumkin.
  4. Omonat oching. Tasavvur qiling, pullaringiz sizning ishtirokingizsiz sizga qo‘shimcha daromad olib kelyapti. Eng oddiy va xavfsiz tanlov – bank omonatidir. Siz uydan chiqmagan xolda, onlayn-omonat ochishingiz mumkin. Buning uchun bank kartasi, zarur mablag‘ va mobil ilovaga ega bo‘lish yetarli.
  5. Odatlaringizni o‘zgartiring. Xonadoningizda iliqlikni saqlagan holda elektr energiyasi, gaz va suvni tejang. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, aqliy tejamkorlik bilan iqtisod qilish sezilarli summalarni tejab qolishi mumkin. Elektr hisoblagichlaridagi ko‘rsatkichlarni yozib va tahlil qilib boring. Shundan keyin uni qaysi yo‘l bilan tejash mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish