Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Adabiyot” darsligidagi takrorlar: e’tiborsizlikmi yoki mas’uliyatsizlik?

5.3.2024 194

Diyorjon ABDUVOHIDOV  

Ba’zi darslik kitoblarni varaqlab, o‘ylanib qolaman. Nahotki xato berilgan bo‘lsa?! O‘qituvchimdan so‘rayman, “Ha, bu yerda xato ketgan...”, deydi ustozim. Biz esa yana qayta-qayta so‘raymiz: “Ustoz, kitobda xato berilmaydi-ku?!”. Agar shunday bo‘lsa, bugungi adabiyot darsliklarimiz qay ahvolda? Ular bizning talabimizga javob bera oladimi?

Boshlang‘ich sinfni bitirib, adabiyot darsligini birinchi bor varaqlagandan to 11-sinf yakuniga qadar Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganamiz. Nega har yili bu mavzular darslikka kiritiladi? To‘g‘ri, bu ikki shaxs millatimiz faxri, g‘ururimiz, lekin bu insonlarning qachon tug‘ilib, qachon vafot etgani, besh-o‘nta mashhur g‘azalini qayta- qayta o‘qitish qanchalik mantiqqa to‘g‘ri keladi?

5-sinfda o‘qiyotgan paytim S.Ahmedov, B.Qosimov, R.Qo‘chqorov, Sh.Rizayev hammuallifligidagi “Adabiyot” darslik-majmuasini varaqlab turib, o‘n sahifalik “Adabiyot – so‘z san’ati” sarlavhali kirish so‘zini o‘qib, hech narsa tushunmagan edim. Juda ilmiy va murakkab tilda yozilgan. Menimcha, bunday murakkab, tushunarsiz kirish so‘zi adabiyot nima ekanini anglash sari ilk qadam qo‘ygan o‘quvchini fanga qiziqtira olmaydi? Axir 5-sinf edik...

5-sinf “Adabiyot” darsligiga kiritilgan yozuvchi yoki shoir ijodi 6-sinfda davom ettiriladigan bo‘lsa, avvalgi sinfda taqdim etilgan ma’lumotlardan farq qilishi yoki yangi ma’lumotlar bilan to‘ldirilishi lozim. Afsuski, 6-sinf darsligidagi ayrim ijodkorlarning tarjimayi holi shunchaki ko‘chirib qo‘ya qolingan.

Masalan, 5-sinf “Adabiyot” darsligida O‘tkir Hoshimovning tarjimayi holi shunday keltirilgan: “O‘tkir Hoshimov 1941-yilda Toshkentning Do‘mbirobod mahallasida tug‘ilgan. Yoshligidan ilmga, adabiyotga, san’atga qiziqqan bo‘lajak yozuvchi 5-sinfda o‘qib yurgan vaqtidayoq, demak, siz tengi yoshlarida she’r mashq qila boshlagan edi. Hozirda adibning “Urushning so‘nggi qurboni”, “Muhabbat” kabi ko‘plab hikoyalari, “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” nomli romanlari, “Odamlar nima derkin”, “Shamol esaveradi”, “Ikki karra ikki – besh”, “Bahor qaytmaydi”, “Dunyoning ishlari” nomli qissalari mamlakatimizda va chet ellarda sevib o‘qilmoqda”.

Endi adibning 6-sinf “Adabiyot” darsligida keltirilgan tarjimayi holiga qaraymiz: “O‘tkir Hoshimov 1941-yil 5-avgustda Toshkentning Do‘mbirobod mahallasida tug‘ilgan. O‘quvchilik chog‘laridayoq ijod bilan shug‘ullangan. Adibning “Urushning so‘nggi qurboni”, “Muhabbat” kabi ko‘plab hikoyalari, “Odamlar nima derkin?”, “Shamollar esaveradi”, “Ikki karra ikki – besh”, “Bahor qaytmaydi”, “Dunyoning ishlari” qissalari, “Nur borki, soya bor”, “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar” nomli romanlari mamlakatimizda va chet ellarda sevib o‘qilmoqda”...

Nima, sevimli yozuvchimiz tarjimayi holi shu qisqagina ma’lumotdan iboratmi?

Bu holatni Erkin Vohidov hayoti va ijodiga oid materiallar misolida ham ko‘ramiz: “Erkin Vohidov universitetni tugatgach, uzoq yillar nashriyotlarda ishladi, o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlarini chop qilishda faol ishtirok etdi. 1964-yilda yaratilgan “Nido” dostonidan so‘ng birin-ketin “Orzu chashmasi”, “Palatkada yozilgan doston”, “Quyosh maskani”, “Ruhlar isyoni” kabi ajoyib dostonlar yozdi”...

Bir sahifadan ortiqroq hajmdagi ushbu ma’lumotlar ham 5-sinf darsligining 142-sahifasida aynan keltirilgan. Bu e’tiborsizlikmi yoki darslik mualliflarining dangasaligi? “Bemor” hikoyasidan so‘ng nazariy ma’lumot sifatida berilgan “Badiiy asar tili haqida tushuncha” mavzusi, u yerda keltirilgan murakkab nazariy ma’lumotlar, to‘g‘risi, 5-sinf o‘quvchilariga juda murakkablik qiladi.

Adiblarning tug‘ilgan va vafot etgan yillaridagi xatoliklarni aytmasam ham bo‘lar, bu haqda matbuotda ham ko‘p yozildi. Adabiyot darslarida bir oyda bir marta mustaqil o‘qilgan asarlar yuzasidan savol-topshiriqlar bo‘ladi. Aynan o‘sha kunni sinfdoshlarim bilan birga bir oy kutamiz. O‘sha kun kelganda, taqdim etilgan rejaga ko‘ra, yozma nazorat ishi olinadi.

Hurmatli mutasaddilar, sizlarga o‘quvchining fikri qiziq emasmi? Biz bir asarni o‘qib tugatib, bir oyda bir o‘qigan kitobimiz haqida shaxsiy fikrlarimizni bildiramiz. Endi marhamat qilib aytsangiz, sizlarga o‘quvchi kitobning orasiga telefonni qo‘yib, “gugljon”dan nazorat ishini ko‘chirgan yaxshimi yoki ochiq maydonda (doskada) sinfdoshlariga o‘zi o‘qib kelgan asarni, og‘zaki tushuntirib, jonli muloqot qilgani?

Ba’zida adabiyot darsi o‘zi qanday maqsadda o‘tilishi biroz mavhumroqmikan, deb o‘ylab qolaman. Chunki vaziyat taqozosi bilan maktabda bugun qaysi darsni qisqartirib turish, qaysi darsning o‘rniga boshqa biror tadbir o‘tkizish kerak bo‘lsa, faqat “Adabiyot” darsidan voz kechib turiladi. Nega?

Bunga sabab g‘ij-g‘ij xatolar bilan chop etilgan darsliklar sababmi yoki o‘quvchining shaxsiy fikri, xulosasidan ko‘ra yodlagan she’riga qarab baho qo‘yiladigan tizim? Balki quruq nazariya, takror ma’lumotlar bilan o‘quvchini bezdirib, so‘z san’atiga bo‘lgan muhabbatni so‘ndirgandirmiz?

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish