Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bestsellerlar "the best"mi?

3.4.2024 221

Sarvinoz BARATOVA, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

Bugun yurtimizda kitob xaridi va mutolaasiga munosabat ancha o‘zgargan. Albatta, bu borada qulay imkoniyatlar bisyor – kitob do‘konlaridan izlab topolmagan kitobingizni istasangiz, buyurtma qilishingiz yoki elektron shaklda bemalol o‘qishingiz mumkin. Ammo jamiyatimizda kitobxonlik madaniyati, nimani qanday o‘qish qobiliyati qay darajada rivojlangan?

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, har yili butun dunyoda 1milliondan ortiq kitob nashr etiladi. Jumladan, yurtimizda ham ko‘plab nashriyotlar zamonaviy va ommabop kitoblarni nashr etib, taqdim qilmoqda. “Akademnashr”, “Asaxiy books”, “Factor books”, “Book.uz” – bu qatorni uzoq davom ettirish mumkin. Nashriyotlar kitoblarni tanlashda, albatta, xaridorlarning tanlovi va didiga tayanadi. Xo‘sh biz bugun nimalarni tanlayapmiz?

Nashriyotlar mas’ullari bilan suhbatda zamonaviy kitobxonlar she’riy kitoblardan uzoqlashgani, mumtoz adabiyot namunalari, asosan, she’riy shaklda bo‘lgani uchun ularni nashr etish ham kamaygani ma’lum bo‘ldi. Aksar o‘quvchilar “trendda” bo‘lgan mashhur kitoblarni sotib olmoqda. Turk tilidan tarjima qilinayotgan yengil-yelpi mazmundagi kitoblar, o‘ta maishiy mavzudagi asarlar kitobxonlar talabi bilan minglab adadda nashr qilinyapti.

Buning sabablarini o‘rganishga harakat qildik. Masalan, “Factor books” nashriyoti xodimlari o‘quvchilar kitob tanlashda, asosan, uning nomi, muqova dizayni yoki illustratsiyasiga – kitoblarning mavzusi va mazmuniga emas, yuzasiga e’tibor berilishini aytishdi.

Ammo boshqacha yondashuvchi nashriyotlar ham yo‘q emas. Jumladan: “Kitob tanlashda o‘quvchilar nimani xohlashi asosiy mezon bo‘lsa-da, ma’lum bir darajadan tushmaslikka, ommaning didiga bog‘liq emas, balki ommaning didini yuksaltirishi mumkin bo‘lgan asarlarni tanlashga harakat qilamiz”, – deydi “Akademnashr” marketologi Dilnoza To‘rayeva.

Umuman olganda, bular bari ko‘p jihatdan kitobxonlarning didi va madaniyatiga bog‘liq. “Asaxiybooks” nashriyoti tomonidan chop etilgan va ko‘p xarid qilingan “Top 5” kitob esa quyidagilar: Jeyms Klerning “Atom odatlari” asari, Kel Nyuportning “Diqqat. Chalg‘ituvchi dunyoda muvaffaqiyat sirlari”, Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani, Mark Mensonning “Beparvolikning nozik san’ati” asari va Jorj Oruellning “1984” kitobi. Kitobxonlar tanlovi bizni ancha quvontirdi. Ammo “To‘siqlarga qaramay sevdik”, “Hayot yutqazgan joyingdan boshlanar”, “Ba’zilar olisdan sevarlar”, “Kaktuslar ham gullaydi” singari “motivatsion”, ma’lum syujet va g‘oyaga ega bo‘lmagan, qaysidir ma’noda “usti yaltiroq – ichi qaltiroq” kitoblar ham peshtaxtalarda qolib ketmayapti. Demak, barchasi o‘z didimiz va kitobxonlik madaniyatimizga bog‘liq.

Biror kiyim yoki buyum sotib olishda uni obdan kuzatasiz, sinab ko‘rasiz va surishtirasiz. Kitob xarid qilishda ham shunday ehtiyotkor va talabchan bo‘lishingizni istardik. Zero, siz o‘qiyotgan kitob fikringiz va dunyoqarashingizga o‘z ta’sirini o‘tkazish bilan birga kitobxonlik didingiz va saviyangizni ham belgilab beradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish