Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

BIOHAKING: Insoniyat o‘zini qayta yarata oladimi?

25.8.2026 666

Shahruza SATTOROVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bir necha yil oldin inson xotirasini kuchaytirish, kamroq uxlash bilan ko‘proq ishlash yoki genlar yordamida kasalliklarning oldini olish haqidagi g‘oyalar faqat fantastik filmlarga xos edi. Bugun esa bu mavzular oddiy odamlar hayotiga ham kirib kelmoqda.

Aqlli gadjetlar orqali salomatlikni kuzatish, ovqatlanishni genetik xususiyatlarga moslashtirish, miya faoliyatini yaxshilash yoki inson imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan texnologiyalar yoshlar orasida tobora ommalashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda esa “O‘z tanangni optimallashtir”, “Biologik chegaralaringni oshir” kabi g‘oyalar tarqalyapti.

Biohaking va genetik tahrir insoniyatga kasalliklarni davolash, umr sifatini yaxshilash va yangi ilmiy yutuqlarga erishish imkonini berishi mumkin. Biroq bu texnologiyalar inson tanasi, kelajak avlod va jamiyat oldida yangi axloqiy hamda xavfsizlik masalalarini ham yuzaga chiqaradi.

Xo‘sh, inson o‘z biologik kodini qanchalik o‘zgartira oladi? Buni qilish kerakmi o‘zi?

“O‘zing bajar”

“Biohacking” atamasi texnologiya olamidagi “hacking” tushunchasidan kelib chiqqan. Dasturlashda haker tizim kodini o‘zgartirib, imkoniyatlarini oshirish yoki ishlash usuliga ta’sir qilishga harakat qiladi. Biohakingda esa gap insonning o‘z biologik tizimi – tanasi, miyasi, immun tizimi va genlari ustida ishlash haqida boradi.

Oddiy qilib aytganda, biohaking – inson imkoniyatlarini zamonaviy texnologiyalar, maxsus ovqatlanish tartibi, turmush tarzidagi o‘zgarishlar va biologik tadqiqotlar yordamida yaxshilashga urinish. Maqsad – sog‘liqni nazorat qilish, jismoniy va aqliy imkoniyatlarni oshirish yoki organizm faoliyatini “optimallashtirish”.

Biohaking rasmiy akademik fan yoki mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida tan olinmagan. U ko‘proq “O‘zing bajar” (DIY – Do it yourself) tamoyiliga asoslangan global harakat hisoblanadi. Bu oqim tarafdorlari o‘zini o‘z tanasi va salomatligi ustida faol ishlaydigan shaxs sifatida ko‘radi.

Biohaking maqsadi va xavf darajasiga qarab bir necha yo‘nalishga bo‘linadi.

Maishiy yoki kundalik biohaking – eng ommaviy va nisbatan xavfsiz shakl. Bunga uyqu rejimini tartibga solish, intervalli ochlik, sport mashg‘ulotlarini aqlli soatlar orqali kuzatish kabi odatlar kiradi. Bu usullar odatda katta xavf tug‘dirmaydi va ko‘pchilik qo‘llaydi.

Nutrigenomika – inson genlari va ovqatlanish o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganadi. Bunda genetik tahlillar orqali organizmga mos individual parhez, vitaminlar yoki miya faoliyatini yaxshilashga qaratilgan nootroplar tanlashga harakat qilinadi. Biroq genetik ma’lumotlarni noto‘g‘ri talqin qilish yoki mutaxassis maslahatisiz qo‘llash turli nojo‘ya ta’sirlarga olib kelishi mumkin.

Kibernetik biohaking yoki “Grinders” harakati – texnologiyalar yordamida inson tanasini o‘zgartirishga qaratilgan yo‘nalish. Bu turdagi biohakerlar teri ostiga RFID va NFC chiplari, turli datchiklar yoki elektron implantlar joylashtirish orqali inson imkoniyatlarini kengaytirishga urinadi. Ammo bunday amaliyotlar infeksiya, jarrohlik xavflari va organizmning begona qurilmalarga munosabati bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

DIY biologiya (mustaqil genetik tajribalar) esa biohakingning eng murakkab va xavfli yo‘nalishlaridan biri. Bu rasmiy ilmiy laboratoriyalardan tashqarida, ba’zan uy sharoitida CRISPR kabi gen tahrirlash texnologiyalari va biologik materiallar bilan tajribalar o‘tkazishni anglatadi. Bunday tajribalar biologik xavfsizlik, sog‘liq va axloqiy me’yorlar bilan bog‘liq savollarni yuzaga keltiradi.

CRISPR-Cas9

Biohaking haqidagi eng katta bahslar genetik tahrir masalasida yuzaga keladi. Bu yo‘nalishdagi eng muhim kashfiyotlardan biri – CRISPR-Cas9 texnologiyasi. Unga genomni o‘zgartirish sohasida haqiqiy inqilob yasagan usul sifatida qaraladi.

CRISPR inson DNKsidagi ma’lum bir genni topish va unga o‘zgartirish kiritish imkonini beruvchi “biologik qaychi”ga o‘xshaydi. Xuddi kompyuterdagi matn muharririda xato yozilgan so‘zni o‘chirib, o‘rniga yangisini yozgandek, bu texnologiya ham genetik koddagi ayrim nuqsonlarni tuzatishga yordam beradi.

CRISPR texnologiyasining kashfiyotchilaridan biri, Nobel mukofoti laureati Jennifer Doudna bu kashfiyot insoniyatga biologik kodni o‘zgartirish imkonini berganini, biroq bunday kuch katta mas’uliyatni ham talab qilishini ta’kidlagan.

Bu texnologiyani yaratgan Jennifer Doudna va Emmanuyel Sharpartye 2020-yilda kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini olgan. CRISPR yordamida ilgari davolash qiyin bo‘lgan ayrim irsiy qon kasalliklari, ko‘rlikning ayrim turlari va boshqa kasalliklarni molekulyar darajada davolash bo‘yicha tadqiqotlar olib borilmoqda.

Biroq CRISPRning xavfi ham bor. Texnologiyaning tobora arzonlashayotgani va undan foydalanish imkoniyati kengayayotgani sababli genetik tajribalar faqat professional laboratoriyalar doirasida emas, mustaqil biohakerlar orasida ham paydo bo‘lmoqda.

Berlin bemori

Biohaking va zamonaviy biotexnologiyalar tarixida inson imkoniyatlarini kengaytirishga uringan, katta bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan bir qancha tajribalar bor.

Ulardan biri – Timoti Braun (“Berlin bemori”) holati. U ildiz hujayralari terapiyasi va o‘ziga xos genetik xususiyatga ega donor hujayralari yordamida OIV (OITS) kasalligidan to‘liq tuzalgan dunyodagi birinchi inson sifatida tarixga kirdi. Bu voqea olimlar va biohakerlarning regenerativ tibbiyot hamda genetik davolash imkoniyatlariga qiziqishini yanada oshirdi.

Biohakingning yana bir muhim yo‘nalishi miya va texnologiyalar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdir. Miya-kompyuter interfeyslari (BCI) orqali inson miyasi faoliyatini raqamli qurilmalar bilan bog‘lash imkoniyatlari sinovdan o‘tkazilmoqda. Masalan, “Neuralink” kabi loyihalar miya va sun’iy intellekt o‘rtasidagi aloqani rivojlantirishni maqsad qilgan bo‘lsa, “OpenBCI” kabi ochiq platformalar miya to‘lqinlarini (EEG) kuzatish imkonini beruvchi texnologiyalarni ommalashtiryapti.

Nega odamlar o‘zini xavfga qo‘yadi?

Biohakingning eng bahsli jihatlaridan biri – insonni o‘z tanasi ustida xavfli tajribalar o‘tkazishga nima undashi masalasi. Axir tibbiy yoki biologik bilimlari yetarli bo‘lmagan odam nega o‘z sog‘lig‘i va kelajagini xavf ostiga qo‘yadi? Mutaxassislar bu holat ortida qiziqishdan tashqari chuqur psixologik va ijtimoiy omillar borligini aytadi.

Birinchi omil – nazoratni o‘z qo‘liga olish istagi. Ba’zilar an’anaviy tibbiyot tizimini juda sekin, murakkab yoki qimmat deb biladi. Ayniqsa, uzoq davom etadigan kasalliklardan aziyat chekayotgan yoki sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolarga yechim izlayotgan odamlar yangi usullarni mustaqil sinab ko‘rishga moyil bo‘ladi. Ular tanasini shifokor yoki tizim emas, aynan o‘zi boshqarishi kerak degan fikrga keladi.

Ikkinchi sabab – qoidalarga qarshi chiqish va ochiq ilm-fan g‘oyasi. Ayrim bioxakerlar ilmiy bilimlar faqat yirik laboratoriyalar va universitetlar qo‘lida bo‘lib qolmasligi, har bir inson tajriba qilish va yangi kashfiyotlarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Ular buni ilm-fanni demokratlashtirish deb ko‘radi.

Yana bir kuchli omil – mashhurlik istagi. TikTok, Instagram va YouTube kabi platformalarda noodatiy tajribalar, ekstremal sinovlar yoki “inson imkoniyatlarini oshirish” haqidagi videolar tez tarqaladi. Ba’zan ko‘proq ko‘rish va e’tibor olish istagi insonlarni xavfli qarorlar qabul qilishga undashi mumkin.

Bundan tashqari, biohaking ortida insoniyatning qadimiy orzularidan biri – o‘z chegaralarini kengaytirish istagi ham yotadi. Odamlar doim uzoqroq yashash, kuchliroq bo‘lish, xotirani yaxshilash yoki kasalliklardan himoyalanish yo‘llarini izlab kelgan. Bugungi texnologiyalar esa bu istaklarni avvalgidan ko‘ra realroq ko‘rsatyapti.

Biohaking inson imkoniyatlarini kengaytirish uchun katta umidlar berayotgan bo‘lsa-da, uning xavfli tomonlari ham mavjud. Ayniqsa, inson organizmiga tibbiy nazoratsiz aralashish kutilmagan va ba’zan qaytarib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

DNKdagi o‘zgarish oddiy tajriba emas, undagi xatolarni ortga qaytarish imkoni har doim ham bo‘lavermaydi. CRISPR texnologiyasida kerakli gen bilan birga boshqa qismlarga ham ta’sir ko‘rsatish ehtimoli mavjud. Ayniqsa, embrion yoki jinsiy hujayralardagi genetik o‘zgarishlar keyingi avlodlarga ham o‘tishi mumkin...

O‘zbekistonlik yoshlar hayotiga ham kirib kelyapti

Internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali genetik testlar, nootroplar, biologik qo‘shimchalar, “aqlli” qurilmalar va turli optimallashtirish usullari allaqachon o‘zbekistonlik yoshlar hayotiga kirib kelyapti. Dasturlashni biologiya bilan birlashtira oladigan yoshlar genetik ma’lumotlarni tahlil qilish, individual tibbiyot, yangi diagnostika usullari va biotexnologik tadqiqotlarda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Demak, yoshlar uchun asosiy vazifa o‘z organizmida nazoratsiz tajriba o‘tkazish emas, bu texnologiyalarni tushunadigan, ularning imkoniyati bilan birga xavfini ham baholay oladigan avlodga aylanishdir.

Bunday kuch katta mas’uliyatni ham talab qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish