Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Bir oylik armiya” qanday imtiyoz beradi?

15.11.2023 2342

Shahruza Sattorova tayyorladi.

Tahririyatimizga Safarbarlik chaqiruv rezervi (SChR), ya’ni “bir oylik armiya” hamma uchun majburiymi, undan kimlar ozod qlinadi, harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganga jazo bormi, degan savollar kelib tushdi. Maqolada “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi (12.12.2002) qonundan kelib chiqib, mushtariylar savoliga javob topamiz. Qonunda SChRdagi harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha tartiblar belgilab qo‘yilgan.

 

Bir oylik xizmatga kimlar chaqiriladi?

Qonunning 6-moddasiga ko‘ra, harbiy xizmatga yaroqli, shu jumladan, cheklovlar bilan yaroqli bo‘lgan hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadi.

SChRda harbiy xizmat o‘tashga kirishmoqchi bo‘lgan fuqaro Mudofaa vazirligining maxsus hisobvarag‘iga pul to‘laydi. O‘zbekistonda bir oylik harbiy xizmat badali mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 7 barobari (6 million 860 ming so‘m)ga teng.

“Safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmat safiga shaxslar yigirma yetti yoshga to‘lgunga qadar olinadilar va har yilgi harbiy yig‘inlarga jalb etilishlari mumkin, favqulodda vaziyatlar yoki O‘zbekiston Respublikasiga qarshi harbiy tajovuz ro‘y bergan taqdirda esa haqiqiy harbiy xizmatga chaqiriladilar”, — deyiladi qonunning 6-moddasida.

 

Harbiy xizmatdan ozod qilish

Qonunning 22-moddasida muddatli harbiy xizmatga hamda SChRdagi xizmatga chaqirilishdan ozod etishga doir qoidalar keltirilgan.

Unga ko‘ra, tinchlik davrida muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishdan quyidagilar ozod etiladi:

  • salomatligiga ko‘ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan chaqiriluvchilar;
  • yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o‘tash vaqtida halok bo‘lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar;
  • ro‘yxatdan o‘tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo‘lgan chaqiriluvchilar.

Qonunda jinoiy javobgarlikka tortilgan, shuningdek, sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar harbiy xizmatga chaqirilmasligi belgilangan.

 

Harbiy xizmatdan bo‘yin tovlash

Qonunning 51-moddasida mansabdor shaxslar hamda fuqarolarning umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarligi belgilangan.

Xususan, O‘zbekiston fuqarolari harbiy xizmatdan bo‘yin tovlagan taqdirda, amaldagi qonunchilikka muvofiq jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Davlat organlarining, shuningdek, mulk shaklidan qatʼi nazar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlarning umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor rahbarlari, boshqa mansabdor shaxslari, fuqarolar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar”, – deyiladi qonunda.

 

O‘qishga kirishda imtiyoz beriladimi?

Muddatli harbiy xizmat va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘taganlar uchun beriladigan imtiyoz va kafolatlar SChR safida xizmat o‘taganlarga nisbatan tatbiq etilmaydi. Shuningdek, OTMlarga o‘qishga kirishda ham hech qanday imtiyoz taqdim etilmaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish