Xudoybergan Devonov — birinchi oʻzbek fotosuratchisi va kino sanoatining asoschisi.
U 1879-yilda Xorazmda tugʻilgan. Bolaligidan bilimga chanqoq, qiziquvchan oʻsmirning nemis tilini oʻrganishi uning taqdirini belgiladi. XX asr oxirida Xorazm hukmdori Muhammad Rahimxon II nemis-mennonitlarning bir necha oilasiga oʻlkada yashashiga ruxsat bergan edi. Ularning eng yoshi ulugʻi Vilgelm Penner yoki mahalliy odamlarning tili bilan Panor buvada birinchi marta fotoapparatni koʻrgan Xudoybergan uni ishlatishga qiziqib qoladi.
Keyinchalik Panor buva qiziquvchan shogirdiga fotoapparatni sovg‘a qildi. Shunday qilib 1903-yilda Xudoybergan Devonov Xivaning minoralari va hamyurtlarini suratga ola boshlagan. Avvaliga bu diniy ulamolarning qattiq qarshiligiga uchragan bo‘lsa-da, keyinchalik Muhammad Rahimxon uni oʻz himoyasiga oldi. 1907-yilda Devonov Xiva xonligining bir guruh vakillari bilan birga Sankt-Peterburgga tashrif buyurdi. Safardan soʻng delegatsiya rahbaridan Rossiya poytaxtida bir necha kun qolishga ruxsat soʻragan 29 yoshli Xudoybergan foto sirlarini oʻrganishni davom ettiribgina qolmay, kinematografiya bilan ham qiziqib qoladi va Xorazmga birinchi kinoapparatni olib keladi.
U 1907-1908-yillar Moskva, Peterburgdan teleskop, grammofon, foto va kino asboblari olib kelib, fotolaboratoriya tashkil etadi. Bu laboratoriya Xorazmda fotokinostudiya vazifasini oʻtagan.
Ijodini rus kinosanʼatkorlari faoliyati bilan deyarli bir vaqtda boshlangan Devonov “Oʻrta Osiyo meʼmoriy yodgorliklari”, “Turkiston koʻrinishlari”, “Xiva va xivaliklar” kabi qisqa filmlarida vatanparvarlik, maʼrifatparvarlik gʻoyalarini ilgari surgan. U Xorazm xalqi urf-odatlari ifodalangan mingga yaqin fotosurat yaratish bilan birgalikda XXSR davrida maktab, internatlar ochib, unda foto-kino ishlarini olib bordi. “Узбекистанская правда” (“Oʻzbekistan haqiqati”), “Inqilob quyoshi” gazetalarida fotomuxbirlik qilib, Xorazm dalalarida birinchi traktorning paydo boʻlishi, dehqonlarga yer taqsimlanishi va ommaviy yigʻilishlarga oid koʻp fotosurat va kinolavhalar yaratdi.
Oʻzbek kinostudiyasi tashkil etilgach Devonovga Xorazmda kino ishlarini olib borish topshirildi. Keyinroq “Sovkino”ning muxbiri etib tayinlandi va Moskvaga “Shoʻr koʻl”, “Ishchi ayollar” singari syujet va lavhalarini yuborib turdi.
1936-yilda Stalin qatagʻonlari avjiga chiqqan davrda “xalq dushmani” sifatida hibsga olinga Devonov toʻrt yildan soʻng otib oʻldirildi. U suratga olgan kinolentalarning koʻpi haligacha topilgani yoʻq. Bugungi kunda Urganch shahridagi kinoteatr, Xiva shahridagi Devonov yashagan koʻcha uning nomi bilan yuritiladi.