Oʻzbekistonda kambagʻallikka qarshi kurash siyosati faollashmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambagʻallik darajasi sentabr oyi boshiga kelib 3,9 foizga tushgan. Bu degani ehtiyojmand aholi soni 2,2 milliondan 1,5 million kishigacha qisqargan.
Bu raqamlar ortida turgan taxminan 700 ming insonning real turmush darajasi qanchalik oʻzgardi?
3-sentabrda Shavkat Mirziyoyev kambagʻallikni qisqartirish va aholi daromadlarini oshirish yuzasidan oʻtkazilgan videoselektorda kambagʻallik bilan ishlash boʻyicha mutlaqo yangi tizim joriy etilishini maʼlum qildi. Davlat rahbari 2026-yil yakunigacha kambagʻallik darajasini ikki barobar qisqartirish vazifasi yil tugashidan oldin bajarilganini taʼkidladi. Sentabr–dekabr oylari mobaynida esa hududlarda 350 ming kishini doimiy ish bilan taʼminlash, yana 1 million kishining daromadini oshirish va yil yakunigacha 230 ming oilani kambagʻallik holatidan chiqarish rejasi qoʻyildi.
Ijro mexanizmi sifatida tuman va shaharlarda maxsus shtablar tashkil etilmoqda, hokimlar haftalik ish vaqtining uch kunini ushbu masalaga bagʻishlashi belgilangan, bank tizimi va bandlik xizmatlari shtablar bilan uzviy ishlashi, tumanlarga esa moliyaviy resurslarni taqsimlash borasida kengaytirilgan vakolat berilishi nazarda tutilgan.
Kambagʻallikning koʻp qatlamli tabiati
Kambagʻallikni faqat daromad yetishmovchiligi sifatida talqin qilish biroz xato. Xorazm viloyati misoli buni yaqqol koʻrsatadi: ikki hafta davomida oʻtkazilgan tadqiqot 81 ming kambagʻal fuqaro, yaʼni 19 ming oilaning holatini oʻrgangan va ularning ichida 12 ming ishsiz hamda 10 ming past daromadli shaxs borligini aniqlagan. Shu bilan bir vaqtda xuddi shu hududdagi tadbirkorlar qurilish, xizmat koʻrsatish va sanoat tarmoqlarida minglab boʻsh ish oʻrniga ega boʻlgan.
Demografik tarkib ham muhim omil. Oʻrganilgan kambagʻal oilalarda 48 ming bola istiqomat qiladi, 10 mingdan ortiq ayol bolalarni parvarish qilish sababli mehnat bozorida yoʻq. Bunday oilalarda maktabgacha taʼlim muassasalari bilan qamrov 75 foizga yetmaydi. Pensiya yoshidagi yoki nogironligi boʻlgan 526 nafar shaxs boʻyicha esa ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali ularni parvarish qilayotgan oila aʼzolarini mehnat bozoriga qaytarish imkoniyati mavjudligi qayd etilgan.
Bu raqamlar kambagʻallikka faqat daromad pastligini sabab qilish notoʻgʻriligini koʻrsatadi. Kichik yoshdagi farzandini tarbiyalayotgan ayolni ishga kiritish bilan muammo hal boʻlmaydi. Avval bola parvarishi, bogʻcha mavjudligi, ish joyining masofasi va transport xarajatlari kabi omillar hal etilishi shart.
3-sentabrdagi yigʻilishda ijtimoiy reyestrni tubdan qayta koʻrib chiqish vazifasi qoʻyildi: kelajakda tizim faqat daromadga emas, balki surunkali kasallik, nogironlik, koʻp bolalilik va oila aʼzosining chet elda mehnat faoliyati kabi omillarga ham asoslanishi kerak. Chunki uch yoshgacha farzandi boʻlgan oilalarda kambagʻallik darajasi 6,5 foizni tashkil etishi, bu esa mamlakat boʻyicha oʻrtacha 3,9 foiz koʻrsatkichidan sezilarli yuqoriligi maʼlum boʻlgan.
Kambagʻallik chegarasi
Aholini kambagʻallikdan chiqarishda eʼtibor qilishimiz zarur jihatlar bor. 2026-yilga moʻljallangan minimal isteʼmol xarajatlari Oʻzbekistonda bir kishi uchun 715 ming soʻm etib belgilangan. Bu 2025-yildagi 669 ming soʻmga nisbatan 6,9 foizga yuqori. Shu mezon mamlakatda rasmiy kambagʻallik chegarasini belgilashda qoʻllaniladi.
Yil oxirigacha moʻljallangan rejalarga izoh berar ekan, iqtisodchilar davlat ilgari surayotgan gʻoyani “odamlarni boyitib yuborish” deb tushunmasligimiz kerakligini aytmoqda. Davlat “kambagʻallikni yoʻq qilish” deganda aynan mana shu 715 minglik chegaradan pastdagi aholini yoʻqotishni nazarda tutyapti. Shundan keyin kambagʻallikning yangi chegarasi belgilanishi mumkin.
Biroq ushbu raqamni kambagʻallik hodisasining toʻliq mazmuni sifatida qabul qilish metodologik jihatdan notoʻgʻri boʻlar edi. “Lolazor” podkastida mavzu yuzasidan fikr bildirgan Otabek Bakirov faqat pul koʻrsatkichiga asoslangan oʻlchov yetarli emasligini tushuntiradi. U Qirgʻiziston misolida kambagʻallik chegarasi yuqoriroq belgilangan mamlakatlarda statistik kambagʻallik darajasi ham tabiiy ravishda yuqorilashini izohlaydi. Uning taʼkidlashicha, kambagʻallikni elektr, gaz va suv taʼminoti, infratuzilmadan foydalanish imkoniyati kabi koʻrsatkichlar bilan bogʻliq holda baholash zarur.
Bu yerda muhim metodologik nuqta bor: kambagʻallik chegarasini yuqoriroq belgilash kambagʻallar sonini koʻpaytirib yuborganday koʻrinishi mumkin. Aslida esa unday emas. U ilgari statistikaga tushmagan, ammo real ehtiyojga ega boʻlgan aholi qatlamini koʻrinadigan qiladi.
Qirgʻiziston tajribasi bu borada koʻrsatkichli misol boʻla oladi. 2025-yil yakuniga koʻra, mamlakatning milliy metodologiyasi boʻyicha kambagʻallik darajasi 24 foizni tashkil etgan, 1 million 779 ming kishi kambagʻallik chegarasidan pastda boʻlgan. Shu bilan birga, ularning rasmiy statistik tizimida kambagʻallik, ekstremal kambagʻallik va koʻp oʻlchovli kambagʻallik alohida-alohida koʻrsatkichlar sifatida hisobga olinadi. Bizda ham xuddi shu kabi kambagʻallik “detektor”larini koʻpaytirish taklifi berilmoqda. Dastlab mutlaq kambagʻallikni qisqartirish, soʻngra kambagʻallikni koʻp oʻlchovli mezonlar asosida baholashga bosqichma-bosqich oʻtish zarurati mavjud.
Bu yondashuv mantiqiy asosga ega. Masalan, oilaning jon boshiga daromadi 715 ming soʻmlik chegaradan biroz yuqori boʻlishi mumkin, ammo shu oilada nogironligi boʻlgan aʼzo, uchta kichik yoshdagi farzand, gaz yoki ichimlik suvi yetkazib berilmaydigan uy-joy sharoiti va doimiy parvarish bilan band ota-ona mavjud boʻlsa, bunday oilani sof daromad koʻrsatkichiga asoslanib, “muammosi hal boʻlgan” deb baholash asossiz boʻladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham bunga e’tibor qaratib, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda daromad bilan bir qatorda koʻp bolalilik, nogironlik va surunkali kasallik kabi ijtimoiy omillarni hisobga olish zarurligini aytdi.
Hozir bizda mavjud yagona tizim − ijtimoiy reyestr. Biroq bu faqat daromad koʻrsatkichiga asoslangan tahlil hisoblanadi.
Buni shartli misolda koʻrsatish mumkin: ikki oilaning jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadi bir xil boʻlishi mumkin. Birinchisida ikki sogʻlom katta va bitta maktab yoshidagi bola bor. Ikkinchisida esa uch yoshgacha ikkita farzand, nogironligi boʻlgan oila aʼzosi va mehnat qobiliyatini yoʻqotgan keksa shaxs mavjud. Statistik daromad koʻrsatkichi bir xil boʻlsa-da, real xarajat tubdan farq qiladi.
Shu sababli kambagʻallikni aniqlash tizimida isteʼmol savatchasining tarkibi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Mutaxassislar oziq-ovqat, kiyim-kechak va kommunal xarajatlardan tashqari bolalar uchun dori-darmon, gigiyena vositalari, maktabgacha taʼlim va transport xarajatlari kabi real ehtiyojlarni ham hisobga olish lozimligini aytadi.
Qizigʻi shundaki, soʻnggi paytda hududlarda fuqarolarni ijtimoiy reyestrdan chiqarish amaliyoti atrofida turli mulohazalar paydo boʻldi, jumladan, ayrim joylarda oilalarni belgilangan reja asosida yoki majburiy tartibda reyestrdan chiqarish holatlari haqidagi maʼlumotlar tarqaldi.
Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov ham ushbu xavfni alohida taʼkidlaydi. Uning kuzatishicha, hokimliklar darajasidagi yigʻilishlar soni ortgan, ayrim mahallalarga esa kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha qisqa muddatli, hatto kunlik reja-topshiriqlar berilayotgan holatlar qayd etilgan. Tabiiyki, bu statistik koʻrsatkichni sunʼiy ravishda yaxshilash deb baholanmoqda. Aslida esa kambagʻallikdan chiqarish uzoq muddatli jarayon va aniq loyiha, reja asosida boʻlishi zarur.
Yuqoridagi vaziyatga bir qator idora-tashkilotlar oʻzlarining salbiy munosabatlarini bildirib chiqdi. Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligi reyestrning funksional vazifasi ehtiyojmand fuqarolarni aniqlash va ularga ijtimoiy himoya xizmatlarini yetkazishligini, oilani reyestrdan chiqarish esa faqat uning ijtimoiy-iqtisodiy holati amalda yaxshilangani va belgilangan mezonlarga muvofiqligi tasdiqlangandan soʻnggina amalga oshirilishi lozimligini aytdi.
Hokimlar zimmasiga kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha aniq masʼuliyat yuklashning oʻzi toʻgʻri yondashuv boʻlishi mumkin, ammo ularning faqat raqamlar uchun ishlashi jiddiy muammo.
Bu masalani yechishdagi asosiy savollar “Nechta kishining daromadi barqaror oshdi?”, “Nechta biznes olingan kreditni muvaffaqiyatli qaytarmoqda?”, “Kambagʻallikdan chiqqan oilalarning necha foizi qayta kambagʻallashib qolmadi?” kabi boʻlishi muammolarni tizimli hal qilishga yordam beradi.
