Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Goʻsht qimmat emas...

5.4.2024 262

Chorvadorning jurnalist qizi

Nima? Goʻsht qimmat? Oyda bir kilo ham goʻsht yemayapmiz? Nima, nima? Hammasiga chorvadorlar aybdor? Molimizning ustiga oʻzimizning narximizni ham qoʻyib sotyapmiz?

Heh, sizlarni. Zamon koʻtarsa-yu, chuldiragan tillaringizdan terakka ossam. Goʻsht daraxtda oʻsarmidiki, oʻzidan-oʻzi meva bersa yo yerga ekib, bir qop oʻgʻit bilan hosil olsam.

Goʻsht degani hayvonda boʻladi, qoʻyda boʻladi, molda boʻladi. Tirik jon boʻlsa, yeyman, ichaman deydi.

Bilmasangiz, aytib qoʻyay, molning vaznini bir kunda 250-300 gramgacha oshirish mumkin. Buning uchun jonivorning koʻzlariga moʻltirab qarab turish kifoya emas.  Bir kunda 4-4,5 kilo yem, 7-8 kilo silos, pichan yoki beda kerak. Bularni qayerdan olaman?!

Yemning narxi 3 mingdan boshlanadi, bir bogʻ beda 25 ming. Somonning zichlangan bogʻini 20 ming deydi, baraka topkurlar. Agar molingiz juda taʼbi nozik boʻlsa ham bir kunda kamida 17-19 ming soʻmlik ozuqa beriladi. Siz qimmat deyotgan goʻshtning oʻrtacha narxi 70 ming boʻlsa, 300 gramm goʻsht 21 ming boʻladi.

Xoʻsh, shunda bir kilogramm goʻshtdan 4 ming soʻm atrofida pul qoladi. Yoz chillasida chelaklab suv tashiganim, qishning qahratonida tutunga koʻmilib yem qaynatganim, qassobga topshirish, yoʻlkira, doʻkon ijarasi, patta puli va soliqlarni ham qoʻshib hisoblasak, menga qancha pul qolyapti?

Anaaa, endi oʻzingizga kelyapsiz. Toʻgʻri, chorva yaylovda boqilsa, hisob-kitob boshqacha boʻladi. Lekin yaylov qayerda! Bugun yurtimizda yaylovlar deyarli qolmagan. Ularning oʻrnini bogʻlar, bugʻdoyzor va paxtazorlar egallagan. Qishlogʻimizdayam shu. Hamma yerni fermerlar o‘ziniki qilib olgan. Yarim qishloq o‘n yillardan beri sarson. Shikoyat qilib borsa, qo‘lida hujjati bor, yer qonunan uniki. Poraxo‘r hokim ketdi, muammo esa qoldi. Xullas, qishloqlarda shunaqa gaplar...

Ana, koʻryapsizmi, dardimni aytsam, elga doston boʻladi. Hadeb, goʻsht qimmat deb jigʻimga tegavermang. Boring, yaxshisi yaylovlarni pullab yuborayotgan fermer-u, hokimlarga arzi-hol qiling.

Mobodo, masala ijobiy hal boʻlib, dodimizga kimdir quloq tutadigan boʻlsa, bir somsaxoʻrlik qilamiz. Faqat goʻshtli emas, kartoshka somsadan. Nega desangiz, hozir goʻsht qimmat...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish