Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi belgilandi 

15.12.2023 1164

Erkaboy Usenov, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat  xavfsizligi universiteti kafedra boshlig‘i o‘rinbosari, dotsent, polkovnik 

Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi belgilandi 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ilk marotaba har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega ekanligi va hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emasligi nazarda tutildi. 

E’tibor qaratadigan bo‘lsak, yangi tahrirdagi Konstitutsiya matnining aksariyat qismini inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, kafolatlash bilan bog‘liq qoidalar qamrab olindi desak, yangilishmagan bo‘lamiz. Ya’ni, inson huquq va erkinliklari bilan bog‘liq normalar uch yarim barobar ko‘paydi. 

Yangi tahridagi Konstitutsiyaning 21-moddasiga kiritilgan “Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas” normasi muhim ustuvor ahamiyat kasb etadi.   

Ta’kidlash lozimki, o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqi inson salohiyatining yangi qirralarini namoyon qilish, barcha imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishning bosh omili hisoblanadi. Shaxslarning har tomonlama kamol topishiga ko‘maklashish esa har bir davlatning eng muhim vazifalaridan biridir. 

Rivojlanish, ya’ni kamol toptirish huquqi, keng qamrovli iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va siyosiy jarayon bo‘lib, shaxsning farovonligini doimiy ravishda oshirishni nazarda tutadi. Asosiy qonunimizda “inson – jamiyat – davlat” tamoyili huquqiy jihatdan rasmiylashtirilishi natijasida davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy qiyofasi o‘zgarmoqda. 

Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega deganda nimani tushunamiz? 

O‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqi – bu insonning o‘z shaxsini erkin rivojlantirish, qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan har qanday harakatni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lishidir. 1948 yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ham aynan “Har bir inson jamiyat oldida burchlidir, faqat shu holatdagina uning shaxsi erkin va to‘liq kamol topishi mumkin”, degan qoida bejizga mustahkamlanmagan. 

Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 54-moddasida belgilandiki, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning Oliy maqsadidir. Bir qarashda oddiy tuyulishi mumkin, ammo mazkur normaning mazmun-mohiyatida insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy- ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlarini ta’minlashni davlat o‘ziga asosiy maqsad qilib qo‘ymoqda. 

Shaxsni erkin kamol toptirish huquqi uning huquqlarini qonunchilikda kafolatlash, so‘ngra ularni ta’minlash orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston qonunchiligi “inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi”, degan oltin qoida bilan singdirilganligi erkin kamol topish huquqini amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligini anglatadi. 

O‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqi insonning ijod qilishga bo‘lgan huquqlari asosida ta’lim olish, madaniy va ijtimoiy ne’matlardan bahramand bo‘lish, o‘ziga kerakli bo‘lgan bilim va ilmni olish huquqini ham anglatadi. 

Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas! 

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada barchaning – bir tomondan davlat va uning organlari tizimi, ikkinchi tomondan inson, fuqaro va jamiyatning huquq va majburiyatlari aniq va lo‘nda qilib belgilab berildi.  

Qonunda belgilanganidan tashqari boshqa biror-bir majburiyatni bajarishga hech kim majbur emas. Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu norma mazkur hayotiy haqiqatlarni ro‘yobga chiqarish orqali oddiy odamlarni hayotini yanada yengillashtiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Konstitutsiya va qonunlarda bizning zimmamizga fuqaro, inson, ota-ona, farzand yoki muayyan kasb egasi sifatida bir qator majburiyatlar yuklatilgan. Jumladan, qonunlarga rioya etish, boshqalarning huquqlarini hurmat qilish, ota-onani boqish va farzandlarni tarbiyalash, tabiiy muhit va tarixiy yodgorliklarni asrash, soliqlarni to‘lash, Vatanni himoya qilish va boshqalardir.

Yangi kiritilgan qoida fuqarolar va yuridik shaxslar faqat Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlarida majburiy etib belgilanganidan tashqari, boshqa biror-bir majburiyatni bajarishga majbur emasligini, shuningdek davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari ham ularga qonunchilikda belgilanmagan qo‘shimcha talablarni yuklash vakolatiga ega emasligini anglatadi. Bu esa amaliyotda ayrim holatlarda uchrab turadigan biror-bir qonunda ko‘rsatilmagan majburiyatni yoki qandaydir vazifani (masalan, o‘qituvchiga ko‘cha supurish, vrachga mahallaga chiqib xatlov o‘tkazish) tashkilot rahbari tomonidan xodimga yuklash kabi salbiy holatlarga qat’iyan chek qo‘yadi. 

Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustuvormi! Cheklovlar bo‘lishi mumkinmi?  

Darhaqiqat, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 21-moddasida inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslar, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shartligi qat’iy belgilandi. Qolaversa, insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkinligi belgilab qo‘yildi. 

Shuni alohida qayd etish lozimki, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida “Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash”, - 14-maqsad sifatida ko‘rsatilgan. Unga ko‘ra, fuqarolarning huquqlarini cheklash bilan bog‘liq choralarni qo‘llashda qonuniylikni so‘zsiz ta’minlash vazifasi belgilangan. 

Jamiyatda qonun va adolat ustuvorligini ta’minlash maqsadlariga boshqalarning huquqlarini hurmat qilmasdan turib erishib bo‘lmaydi. Shu sababli cheklovlar, ya’ni insonning huquq va erkinliklarini cheklanishi, faqat qonunda nazarda tutilgan tartibda va shartlar asosida hamda konstitutsiyaviy tuzumni, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibini, xalqning sog‘lig‘i va ma’naviyati, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin. Mazkur normani Konstitutsiyamizda aks ettirilishi fuqarolarimizning huquqlarini himoyasi va xavfsizligini ta’minlash uchun muhim ahamiyatga ega. Shaxsning huquq va erkinliklarini muayyan sharoitlarda cheklash mumkinligi to‘g‘risidagi normalar barcha inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarda o‘z aksini topgan. 

Jumladan, BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 29-moddasiga ko‘ra “Har bir inson o‘z huquq va erkinliklarining ro‘yobga chiqishda shunday cheklashlarga mubtalo bo‘lishi mumkinki, bular qonun tomonidan belgilab qo‘yilishi hamda bundan muddao – boshqalarning huquqlari va erkinliklari zarur darajada tan olinish va hurmat qilinishi hamda axloq-odobning adolatli talablari ijtimoiy tartib hamda demokratik jamiyatdagi bugungi farovonlikning adolatli talablari qondirilgan bo‘lsin”,- deb belgilangan. 

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning  19-moddasida “Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish alohida majburiyatlar va alohida mas’uliyat yuklaydi. Bu tarzda foydalanish ayrim cheklashlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, lekin bu cheklashlar qonun bilan belgilanishi va quyidagilar uchun zarur bo‘lishi lozim: birinchidan, boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘-e’tiborini hurmat qilish uchun; ikkinchidan, davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki ahloqini muhofaza etish uchun” deya belgilangan, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining  10(2)-moddasida ham o‘z aksini topgan.  

Bundan tashqari, YeXHT 1990 yilgi Kopengagen hujjatida insonning huquq va erkinliklari faqat qonunda belgilangan tartibda va xalqaro standartlarga mos ravishda cheklovlar o‘rnatilishi mumkinligi to‘g‘risida qoidalar aks ettirilgan.

Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyalariga ham nazar tashlaydigan bo‘lsak, inson huquq va erkinliklarini cheklovchi normalar Bolgariya, Germaniya, Gruziya, Gresiya, Italiya, Ozarbayjon, Slovakiya, Turkiya, Shveysariya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan. 

Muxtasar qilib aytganda, mazkur kiritilgan yangi qoidalar birinchidan, inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytiradi; ikkinchidan, inson huquqlarini qanday asoslarda va shartlarda cheklanishi mumkinligi ko‘rsatilishi, inson huquqlarini asossiz cheklanishini oldini oladi; uchinchidan, inson huquqlarini ta’minlanishida davlat organlarining mas’uliyati yanada oshiriladi; to‘rtinchidan, jamiyatda inson qadri hamma narsadan ustunligini ta’minlashga yordam beradi; beshinchidan, fuqarolarning davlat organlariga nisbatan ishonchi yanada oshadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish