Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Mahallada “Hurmat kuni”

14.8.2024 2264

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Bugungi kunda mahalladagi yoshlar yetakchilari chin ma’noda yoshlarning tayanchiga aylanib, mehnati, namunali faoliyati bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. Jahongir Ne’matov ham namuna qilib ko‘rsatiladigan yetakchilardan biri.

Jahongir Ne’matov – 29 yoshda, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani “Do‘stlik” mahallasi yoshlar yetakchisi. Ish faoliyatida sportning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlaganida birinchi qilgan ishi xatlov jarayonlari davomida yoshlarning sportga qiziqishini aniqlashdan iborat bo‘lgan. Jahongir sport insonni jismonan baquvvat, ruhan sog‘lom qilib tarbiyalashini mahalladoshlariga, tengdoshlariga singdira olgan. “Yilning eng namunali yoshlar yetakchisi” tanlovi “Xorijiy migratsiyadagi yoshlar bilan tizimli ishlagan eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” yo‘nalishida hududiy bosqich ishtirokchisi.

 

“Do‘stlik” mahallasi balansi:

Aholi soni: 2 014 nafar;

Xonadonlar: 1 069 ta;

Yoshlar soni: 567 nafar;

Ayol-qizlar: 270 nafar;

“Yashil” toifa: 389 nafar;

“Sariq” toifa: 177 nafar;

“Qizil” toifa: 7 nafar.

Yoshlar o‘zini “pulga urgan”

– Bolalikdan sport bilan shug‘ullanganim uchun yetakchilik faoliyatimni mahalladagi yoshlarning qay darajada sportga qiziqishini aniqlashdan boshlaganman, – deydi yoshlar yetakchisi Jahongir Ne’matov. – Xatlov jarayonida yoshlardan sportga qiziqishi haqida so‘raganimda aksariyati salbiy javob berib, maqsadi pul topish ekanini bildirgan. Bizning hudud tog‘li, turistlar ko‘p keladigan joy bo‘lgani uchun yoshlarning ko‘pchiligi voyaga yetmasidanoq o‘zini “pulga urgandi”. O‘qishga bormay qo‘yganlar ham ko‘pchilikni tashkil etgan. Mahalla raisi, profilaktika inspektori bilan birgalikda shunday yoshlarning ota-onalari bilan suhbatlashdik, tushuntirish olib bordik. Mahalla hududida joylashgan 17-maktab sport zalida yoshlarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoitlar qildik. Turli sport to‘garaklari, mashg‘ulotlar tashkil etib, yoshlarni jalb qila boshladik. Dastlab yoshlarni majburlab olib kelganmiz. Keyinchalik o‘z xohishi bilan kela boshladi.

 Ilk ishga kelgan paytimda sportsevarlar deyarli yo‘q edi, hozir “Do‘stlik”ning 65-70 foiz aholisi bo‘sh vaqtini sport maydonida o‘tkazmoqda. Bu ishda yoshi katta insonlar, keksalar namuna bo‘lyapti.

Jinoyatchilik 80 foizga kamaydi

Yoshlarning bandligi ta’minlash va ularni foydali ishlar bilan band qilishni asosiy vazifasi deb bilgan qahramonimiz “qizil” toifadagi yoshlar bilan ham reja asosida ish olib borgan. 7 nafar o‘gir toifadagi yoshning har biri bilan nuroniylar, rahbarlar, psixolog, profilaktika inspektori va yoshlar yetakchisi birgalikda ishlab, yoshlarni “qizil”dan chiqarish ishlari olib borilmoqda. Mazkur ishlar natijasida “Do‘stlik” mahallasida jinoyatchilik o‘tgan yilgiga nisbatan 80 foizga kamaygan.

Yoshlar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, profilaktika inspektori bilan hamkorlikda “xavf” guruhiga kiruvchi yoshlar ro‘yxati shakllantirilgan. “Obod va xavfsiz mahalla” qo‘shma qarori asosida jinoyat sodir etishi yoki jinoyatdan jabr ko‘rish ehtimoli mavjud yoshlar bilan individual suhbat olib borilib, aniqlangan muammolar tizimli hal etilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘nga yaqin sodir etilishi mumkin bo‘lgan jinoyatlarning oldi olindi. Yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida harbiy qismlar bilan hamkorlikda tadbirlar tashkillashtirilmoqda. 2023-yil mobaynida 15 ta harbiy vatanparvarlik tadbirlari tashkillashtirilib, 300 dan ortiq yosh qamrab olindi.

Murojaatlar 2 turga ajratildi

Jahongir Ne’matov xatlovni yakunlagach, aniqlangan muammo va murojaatlarni 2 turga ajratdi. Birinchisi – moddiy yordam orqali yordam ko‘rsatiladigan, ikkinchisi – kasb-hunar bilan ta’minlash yo‘nalishi. Ro‘yxat shakllantirilgach, kasb-hunar o‘rganish istagidagilar tumandagi monomarkazga o‘qishga yuborildi, ustoz-shogird tamoyili asosida usta hunarmandlarga ish o‘rganish uchun biriktirildi. Kredit va subsidiya olish istagidagi yoshlarga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda subsidiyalar ajratildi, yoshlarning kontrakt puli, harbiy xizmat badal puli, haydovchilik guvohnomasi olish to‘lovlarining bir qismi to‘lab berildi.

Yoshlar yetakchisi tomonidan 2022-yildan hozirgi kunga qadar 76 nafar yoshga 109 million so‘mlik yordam ko‘rsatildi.

– 2 nafariga kredit olib berildi;

– 13 nafariga ish qurollari uchun subsidiya ajratildi;

– 14 nafarining kontrakti to‘landi;

– 6 nafariga moddiy yordam berildi;

– 1 nafar yoshning pasport olishiga ko‘maklashildi;

– 3 nafari kasb-hunar va san’atga o‘qitildi;

– 31 nafarining bandligi taminlandi.

Anonim so‘rovnoma

Yoshlarning qiziqishi, iqtidori, kelgusidagi rejalaridan kelib chiqqan holda ish tutaman, – deydi yoshlar yetakchisi. Ularni qiziqmagan sohasiga yo‘naltirib, hech qanday natijaga erishib bo‘lmaydi. Har oy yakunida yoshlar va mahalla aholisi o‘rtasida anonim so‘rovnomani yo‘lga qo‘yganman. Faoliyatimiz borasida o‘z fikrini bildira olmayotganlar uchun bu usul yaxshigina maydonga aylandi. So‘rovnoma natijalariga qarab yangiliklar ustida ishlaymiz, xato va kamchiliklarni to‘g‘rilaymiz.

Birdamlik bor joyda o‘sish, rivojlanish bo‘ladi. “Do‘stlik” mahallasi yoshlari yetakchini qo‘llab-quvvatlab, unga yordam berib kelyapti. Mahalla yoshlari va yetakchi birgalikda tashabbus qilgan holda mahallaning ichki ko‘chalarining 2,5 kilometr qismi hashar yo‘li bilan ta’mirlandi. Haftaning har juma kuni mahallada “Hurmat kuni” sifatida e’lon qilingan. “Hurmat kuni” mahallaning ko‘ngilli yoshlari birlashib, nuroniylar va ehtiyojmand oilalar xolidan xabar olinadi. Ehtiyoji bor xonadonlarda hasharlar tashkil etiladi.

Iste’dodlar mahallasi

“Do‘stlik” mahallasi iste’dodlarga boy. Ular erishayotgan natijalarda ham bu yaqqol namoyon bo‘lmoqda. “Besh tashabbus olimpiadasi” 2023-yilgi mavsumida mahalla yoshlaridan 2 nafari “Milliy va zamonaviy cholg‘u ijrochiligi” yo‘nalishi bo‘yicha respublika bosqichida yuqori o‘rinni egalladi. “Kibersport”ning “CS:GO” yo‘nalishida olimpiadaning hududiy bosqichida faol ishtirok etdi.  2024-yil “Yoshlar ovozi – Bo‘zatov Fest” ko‘rik-tanlovida mahallaning 3 nafar vakili ikkinchi va uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Jahongirning tengdoshlari orasida xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqadiganlar ham talaygina. “Ibrat farzandlari” loyihasi orqali 159 nafar yosh xorjiy til bilish sertifikatini qo‘lga kiritgan. Bu natija orqali “Do‘stlik” mahallasi tumanda eng yuqori o‘rinda e’tirof etilmoqda.

Bo‘stonliqda kitobxonlik muhiti

“Do‘stlik”da 211 nafar yosh otaliqqa olingan bo‘lib, ular tuman adliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sardor Soyibjonovga biriktirilgan. Sardor Soyibjonov yoshlarning barchasi bilan individual uchrashib, ularning muammo va takliflari o‘rganib chiqildi. Aniqlangan muammolar “Yo‘l xaritasi”ga kiritilib, bosqichma-bosqich hal etilmoqda.

– Yoshlar bandligini ta’minlash, ularni foydali mashg‘ulotlar bilan band qilish uchun mas’ul rahbarlar yordamini ayamaydi, – deydi yoshlar yetakchisi. Hozir Bo‘stonliqda kitobxonlik muhiti hukm surmoqda. Tumanimiz hokimi Jo‘rabek Ahmedov tumandagi 59 ta mahalla yoshlari uchun mahalla idorasi binosidan kutubxonalar tashkil etib, zamonaviy kitoblar sovg‘a qildi.

16 mahalla yetakchisiga koordinator

Jahongir Ne’matovning faolligini mas’ullar ham ta’kidlamoqda.

– U iqtidori, tashabbuslari, mahallada yoshlar uchun amalga oshirayotgan ishlari bilan tumanimizning eng ilg‘or yetakchilaridan, – deydi yoshlar ishlari agentligi Bo‘stonliq tumani bo‘limi boshlig‘i Oqila Shokirova. – Hamkasblari orasida loyiha va tashabbuslarini targ‘ib qiladi, bilim va ko‘nikmalarini bo‘lishadi. Tumandagi 59 nafar yetakchi bilan birgalikda, hamfikr ishlashni yo‘lga qo‘ygan.

Jahongir 4-sektorga qarashli 16 ta mahalla yoshlar yetakchisiga koordinator bo‘lib, yangi tashabbuslar ustida ishlaydi. Yoshlar ishlari agentligi tizimidagi loyihalar targ‘iboti va qayd etilayotgan natijalar borasida uning mahallasi eng yuqori natijani ko‘rsatib turibdi.

Jahongirning armoni

Jahongir Ne’matov bolalikdan futbol bilan shug‘ullangan. Ko‘plab musobaqalarda qatnashib, sovrinli o‘rinlarni egallagan. Xususan, 2012-yili Qozog‘istonda o‘tkazilgan xalqaro futbol musobaqasida 2-o‘rinni egallagan, 2013-yilda futzal bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. Futbolchining dushmani jarohat deyishadi. Qahramonimiz ham futbol olamida tarbiya topib endigina professional futbolchilik faoliyatini boshlash arafasida oyog‘idan jiddiy jarohat oladi. Natijada Jahongir futbol maydoniga boshqa qayta olmaydi.

– Futbolchi bo‘la olmadim, yagona armonim shu, – deydi Jahongir Ne’matov. – Sportdan yetakchilikka kirib kelganim uchun faoliyatimda asosoiy urg‘uni sportga berganman. Oldimda maqsadlarim katta. “Do‘stlik” mahallasi futbol jamoasini DXX kubogida chempion qilishni asosiy vazifa qilib olganman. Yana bir maqsadim tumanimiz markazida futbol maktabi ochish. Bu uchun katta mehnat kerak. Biroq tinimsiz harakat orqali barchasiga erishish mumkinligiga ishonaman. 

Hozir mahalla radiosini ishga tushirish jarayoni ketmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad, yoshlar uchun maktabda radio eshittirishlarni yo‘lga qo‘yish orqali yurtimizda yoshlar siyosati va yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, yangiliklar va tariximiz haqidagi ma’lumotlardan yoshlarni xabardor qilib borish.

 

Migratsiyadan qaytarilgan yoshlar

Parvina Shosaidova 24 yoshda. 2022-yilda ishlash uchun Rossiyaga ketgan. U yerda do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlagan. Migratsiyada 1 yil ishlab uyiga qaytgach, yoshlar yetakchisi yordamida mahallada joylashgan mehmonxonaning qabulxona bo‘limiga ishga joylashgan.

Maftuna Qoraboyeva 30 yoshda. Oilasini boqish maqsadida Turkiya davlatiga ishlashga ketgan va u yerda enagalik bilan shug‘ullangan. Yoshlar yetakchisi bilan suhbatda qandolatchilikka uquvi borligini bildirgan. Yoshlar yetakchisi Maftunaga uyiga qaytishini, unga subsidiya asosida qandolatchilik uskunalari olib berishini ma’lum qilgan. Maftuna qaytgach, subsidiya asosida pishirish pechi va mikser olib berildi. Hozir singlisi bilan birgalikda qandolatchilik qilmoqda.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish