Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Inklyuziv taʼlim markazi 55 nafar yoshga kasb va bilim bermoqda

6.12.2023 1543

Oyatulloh Hasanov, Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi huzuridagi “Inklyuziv taʼlim markazi” mutaxassisi

Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi huzuridagi “Inklyuziv taʼlim markazi” bugungi kunda nogiron yoshlarning jamiyatga moslashuvini taʼminlash, ularning ijodiy qobilyatlarini namoyish qilishlarida koʻmaklashish hamda rivojlantirish, ularga zamonaviy kasb-hunar oʻrgatish orqali inklyuziv taʼlimni ommalashtirish borasida bir qancha natijalarga erishmoqda.

Bugungi kunda markazda tahsil olayotgan yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda 8 ta yo‘nalishda toʻgaraklar tashkil etilgan:

  1. Kompyuter savodxonligi;
  2. Qoʻl mehnati;
  3. Musiqa;
  4. Raqs taʼlimi;
  5. Psixolgiya;
  6. Tikuvchilik;
  7. Rassomchilik;
  8. Shaxmat-shashka.

Yoshlarning moliyaviy va huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida seminar-trening va amaliy darslar ham tashkil etib kelinmoqda. Qolaversa, ularning kasb-hunar egallashi, oʻrganganlari yordamida oila byudjetiga foyda keltirishi, kelgusida oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishi va ijtimoiy hayotga tez moslashishi uchun monomarkazlar bilan hamkorlikda kasb-hunarga oʻqitib kelinmoqda.

Markazimiz oʻquvchilarining xorijiy tillarga qiziqishi yuqori boʻlganligi sababli Yoshlar ishlari agentligi tomonidan tashkil etilgan “Ibrat farzandari” loyihasi va uning “Ibrat academy” mobil ilovasi orqali intensiv tarzda darslar tashkil etilgan. Turli seminar-trening va darslar ularning miya faoliyatiga ham yaxshi taʼsir koʻrsatib, rivojlanishi uchun koʻmak beradi.

Markazimizda 9 nafar tayanch harakatida nuqsoni boʻlgan, 12 nafar zaif koʻruvchi va koʻzi ojiz, 5 nafar daun sindromi, 5 nafar autizm sindromi, 24 nafar boshqa tashxisdagi yoshlar tahsil olmoqda. Ular bilan dars jarayonlarida va suhbatlashganimizda oʻzlarining alohida dunyosi borligini, katta-katta orzu-umidlar bilan yashashini, oʻziga ishonchi naqadar yuqori ekanligini koʻrib hayratda qolamiz. Nogiron, lekin imkoniyatlari cheksiz bu yoshlar boshqalarga namuna va oʻrnak boʻla oladi, – deydi inklyuziv taʼlim markazi mutaxassisi Barchinoy Abduraimova.

“Inklyuziv taʼlim markazi” tomonidan reja-jadval asosida nogironligi boʻlgan yoshlar uchun respublikamizning tarixiy va diqqatga sazovor shaharlariga sayohatlar ham tashkil etilmoqda. Iyun oyida Samarqandga, sentabrda Buxoroga inklyuziv sayohatlar oʻtkazildi. Sayohatda jami 55 nafar nogironligi boʻlgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar vatanimizning koʻp yillik tarixga ega qadamjolari bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi.

Markazimizda tahsil olayotgan 55 nafar yoshning 12 nafari zamonaviy kasblarga qiziqishini inobatga olgan holda ularning zamonaviy kasblarni egallashi uchun “Kelajak kasblari” loyihasi orqali oʻqitish uchun “Yoshlar daftari”ga kiritildi va oʻz mahallalaridagi hokim yordamchilari tavsiyasi asosida monomarkazlarga yoʻllanmalar olib berildi.

2023-yil davomida “Inklyuziv taʼlim markazi” tashabbusi orqali 47 nafar nogironligi boʻlgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlar “Yoshlar daftari”ga kiritilib, hozirga qadar ularning 38 nafariga amaliy yordam koʻrsatildi va daftardan chiqarildi.

Imkoniyati cheklangan yoshlarning 7 nafariga tibbiy xizmat koʻrsatish boʻyicha, 5 nafariga asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish boʻyicha, 6 nafariga pulli psixologik xizmat koʻrsatilishi boʻyicha, 9 nafariga fuqarolik pasporti (biometrik pasport) olish badali boʻyicha, 9 nafariga maktab formasi ajratish boʻyicha, 2 nafariga bandligini taʼminlash boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatildi va 9 nafar yoshlarning murojaati hal etilish jarayonida.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish