Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Iqtisodiy sudlarda tadbirkorlik subyektlari huquqlari himoya qilinishi kafolatlarining takomillashuvi

23.2.2024 339

A.Xayitboyev, E.Kurbonov, Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi raislari

Sud-huquq islohotlari mamlakatimizda jadallik bilan olib borilib, oxirgi yillarda odil sudlovni ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi sud hokimiyatining yagona oliy organi – O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga birlashtirildi.

Fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini yanada kengroq himoya qilinishi ta’minlash maqsadida sud qarorlarini qonuniyligini va asosliligini tekshirish mexanizmlari yanada takomillashtirilmoqda va sud qarorlarini qayta ko‘rishning yangi tartibi joriy etildi.

Jumladan, 2023-yil 25-dekabrda Prezident tomonidan imzolangan “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy prosessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga (O‘RQ–888)ga ko‘ra 2024-yil 1-yanvardan boshlab:
- tumanlararo, tuman (shahar) sudlari tomonidan birinchi instansiyada;
- viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan qonuniy kuchga kirmagan sud hujjatlari apellyasiya tartibida yoki qonuniy kuchga kirgan, apellyasiya tartibida ko‘rilmagan sud hujjatlari kassatsiya tartibida hamda apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan sud hujjatlari mazkur sudlarda taftish tartibida;
- viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassatsiya hamda taftish tartibida ko‘rilgan sud hujjatlari ustidan shikoyatlar (protestlar)

Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida taftish tartibida, alohida hollarda Oliy sudning Iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ko‘rilgan sud hujjatlari ustidan Oliy sud Rayosatida taftish tartibida ko‘rib chiqilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, sud qarorlarining barqarorligini, ish bo‘yicha yakuniy qarorlar qabul qilinishini ta’minlash maqsadida yuqori instansiya sudlari tomonidan quyi sudlar qarorini bekor qilgan holda yangidan ko‘rish uchun quyi sudga yuborish amaliyotini tugatish nazarda tutilmoqda.

Apellyatsiya instansiyasi Kodeks 279-moddasi beshinchi qismining 7-bandida nazarda tutilgan asos mavjud bo‘lgan taqdirda, hal qiluv qarorini bekor qilishga va ish materiallarini sudga taalluqliligiga ko‘ra boshqa sudga yuborishga haqli. Bundan tashqari Kodeks 279-moddasi beshinchi qismining 2, 3 va
6-bandlarida nazarda tutilgan asoslar ya’ni:
- ishning ishda ishtirok etuvchi, sud majlisining vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir shaxs yo‘qligida ko‘rilganligi;
- ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari to‘g‘risida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;
- bildirilgan talab bo‘yicha sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinmaganligi aniqlangandaapellyasiya instansiyasi ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘radi va ishni birinchi instansiya sudida ish yuritish qoidalari bo‘yicha ko‘rishga o‘tish haqida ajrim chiqarilib, unda bajarilishi lozim bo‘lgan harakatlar ko‘rsatiladi.

Kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarning yana bir muhim jixati shundaki, endilikda sud xarajatlarini taqsimlash to‘g‘risidagi masala hal qilinmaganligi yoki noto‘g‘ri hal qilinganligi sudning hal qiluv qarorini bekor qilish yoki o‘zgartirish uchun asos bo‘lmaydi. Bunday holda, yuqori instansiya sudlari qarorning xulosa qismida sud xarajatlari ushbu Kodeksning 118-moddasida nazarda tutilgan tartibda taqsimlanishi ko‘rsatib o‘tishlari lozimligi belgilab berilda.
Qonun bilan sud qarorlari ustidan kassatsiya va taftish tartibida shikoyat qilish muddatlari ham o‘zgartirildi. Xususan, kassatsiya shikoyati (protesti) birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran olti oy ichida, taftish tartibidagi shikoyat (protest) esa, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori, ajrimi, qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran bir yil ichida beriladigan bo‘ldi.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) berish muddati quyi instansiya sudlari tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilinguniga qadar o‘tgan bo‘lsa, shikoyat (protest) ushbu sudlar tomonidan ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy ichida berilishi mumkin, ya’ni yana qo‘shimcha uch oylik muddat berilishi nazarda tutildi.

Oliy sud Rayosatiga Oliy sud raisining, Bosh prokurorning protesti tegishli shaxslarning murojaati kelib tushgan kundan e’tiboran uch oy ichida, lekin sudlov hay’ati tomonidan ishni taftish tartibida ko‘rish natijalari bo‘yicha qaror qabul qilingan kundan e’tiboran olti oydan kechiktirmay kiritilishi mumkin.
Sud qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibidagi shikoyat (protest) berishning o‘tkazib yuborilgan muddati shikoyat (protest) bergan shaxsning iltimosnomasi bo‘yicha, agar iltimosnoma shikoyatni (protestni) berish muddati o‘tgan kundan e’tiboran uch oydan kechiktirmay berilgan va shikoyat (protest) berish muddati o‘tkazib yuborilishining sabablari sudya (sud) tomonidan uzrli deb topilgan bo‘lsa, tiklanishi mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish