Universitetni bitirish ko‘pchilik uchun katta marradek ko‘rinadi. Ammo diplom qo‘lga tekkanidan keyin yana bir muhim bosqich boshlanadi – ish topish. Bu davr yoshning olgan ta’limi mehnat bozorida qanchalik talabgir ekanini, qaysi kasblarga ehtiyoj yuqoriligini va universitet bitiruvchini real ishga qanchalik tayyorlaganini ko‘rsatib beradi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi e’lon qilgan Bitiruvchilar sifati indeksining (BSI) dastlabki natijalari O‘zbekistonda bu jarayon o‘rtacha qancha davom etishini ko‘rsatdi. Tadqiqotda 170 ta oliy ta’lim tashkilotini tamomlagan 249 432 nafar bitiruvchining mehnat bozoriga chiqish natijalari tahlil qilingan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda oliy ta’limni tugatgan yosh birinchi ishini topishi uchun o‘rtacha 2 oy 27 kun vaqt sarflaydi. Raqam o‘rtacha ko‘rsatkich xolos. Chunki ayrim yo‘nalishlarda yoshlar ikki oyga yetmasdan ish topayotgan bo‘lsa, ayrimlarida bu jarayon to‘rt, besh, hatto sakkiz oygacha cho‘zilmoqda.
Qaysi kasb egasi tezroq ish topadi?
Ish topish tezligi qaysi yo‘nalishda diplom olinganiga ham bog‘liq. Tadqiqotda eng tez ish topayotganlar pedagogik yo‘nalishlar bitiruvchilari bo‘lib, ularga o‘rtacha 2 oy 4 kun kerak. Humanitar fanlar bitiruvchilari esa o‘rtacha 2 oy 9 kunda birinchi ishiga ega bo‘lmoqda. Ya’ni bu yo‘nalishlarda diplomdan mehnat bozoriga o‘tish nisbatan tez kechyapti.
Birinchi ishni izlashning eng uzoq muddati yuridik yo‘nalishlar bitiruvchilarida qayd etilgan – o‘rtacha 4 oy 20 kun. Mehnatni muhofaza qilish va gigiyena sohasi bitiruvchilariga esa 4 oy 19 kun kerak. Ijtimoiy ta’minot yo‘nalishi bitiruvchilari o‘rtacha 4 oy 5 kun ish izlaydi.
Qashqadaryo yetakchi
Hududlar kesimida ham qiziq manzara paydo bo‘ladi. Ishga joylashishning eng qisqa o‘rtacha muddati Qashqadaryo viloyatida qayd etilgan – 2 oy 8 kun. Navoiy va Andijon viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2 oy 9 kundan iborat.
Hududlar bo‘yicha ish topish muddati:
- Qashqadaryo – 2 oy 8 kun
- Navoiy – 2 oy 9 kun
- Andijon – 2 oy 9 kun
- Namangan – 2 oy 14 kun
- Farg‘ona – 2 oy 16 kun
- Jizzax – 2 oy 18 kun
- Surxondaryo – 2 oy 19 kun
- Xorazm – 2 oy 20 kun
- Sirdaryo – 2 oy 21 kun
- Toshkent viloyati – 2 oy 23 kun
- Buxoro – 2 oy 25 kun
- Samarqand – 3 oy 3 kun
- Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 3 oy 7 kun
- Toshkent shahri – 3 oy 13 kun
Universitetlar o‘rtasidagi tafovut
Agar hududlar o‘rtasidagi farq sezilarli bo‘lsa, universitetlar kesimida u yanada yaqqol ko‘rinadi. Reytingga kiritilgan 119 ta oliy ta’lim muassasasi orasida bitiruvchilari eng tez ish topayotgan universitet – Qarshi xalqaro universiteti. Bu yerda bitiruvchilar birinchi ishini atigi 1 oy 4 kunda topmoqda.
Bitiruvchilari ishni eng tez topayotgan OTMlar:
- Qarshi xalqaro universiteti – 1 oy 4 kun
- Toshkentdagi Vebster universiteti ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazi – 1 oy 8 kun
- Nordik xalqaro universiteti – 1 oy 14 kun
- V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent filiali – 1 oy 17 kun
- Andijon davlat universiteti – 1 oy 18 kun
Ammo reytingning salbiy tomonida ish topish muddati ancha uzun. Eng katta ko‘rsatkich VGIKning Toshkent filialida kuzatilgan – uning bitiruvchilari birinchi ishini o‘rtacha 8 oy 13 kunda topmoqda. O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali bitiruvchilarida bu ko‘rsatkich 6 oy 1 kun.
Birinchi ishini eng uzoq kutgan talabalar bitirgan OTMlar:
- VGIKning Toshkent filiali – 8 oy 13 kun
- O‘zbekiston davlat xoreografiya akademiyasining Urganch filiali – 6 oy 1 kun
- M. Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universitetining Toshkent filiali – 5 oy 21 kun
- ISFT instituti – 5 oy 13 kun
- Toshkent farmatsevtika instituti – 5 oy 10 kun
Maosh qancha?
O‘zbekistonda OTM bitiruvchilarining o‘rtacha rasmiy oylik daromadi 4,9 million so‘mni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich 2025-yil iyulidan 2026-yil iyunigacha bo‘lgan davrdagi ma’lumotlar asosida hisoblangan. Biroq yo‘nalishlar bo‘yicha daromadlar sezilarli farq qiladi.
Ijod va sport sohasi bitiruvchilari eng yuqori o‘rtacha daromadga ega – 6,33 million so‘m. Amaliy fanlar yo‘nalishlarida bu ko‘rsatkich 5,5 million so‘m, ijtimoiy-humanitar yo‘nalishlarda 4,61, tibbiyot yo‘nalishlarida esa 4,43 million so‘mni tashkil etmoqda.
Ayrim universitetlarda bitiruvchilarning rasmiy daromadi umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichdan bir necha baravar yuqori. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari o‘rtacha 23,4 million so‘m, Inha universiteti bitiruvchilari 12,6 million so‘m, Vestminster universiteti bitiruvchilari esa 12,5 million so‘m rasmiy daromad olyapti.
Bu yerda muhim izoh bor: hisob-kitoblarda faqat rasmiy qayd etilgan daromadlar inobatga olingan. Shuning uchun raqamlar bitiruvchilarning barcha real daromadini to‘liq aks ettirmasligi mumkin.
Eng qiziq jihati shundaki, ish topish tezligi va daromad miqdori har doim ham bir-biriga mos kelmaydi. Masalan, VGIKning Toshkent filiali bitiruvchilari birinchi ishini topish bo‘yicha eng uzoq muddat – o‘rtacha 8 oy 13 kunni qayd etgan. Ammo filial bitiruvchilari o‘rtacha daromad bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan.
Demak, “Kim tezroq ish topadi?” va “Kim ko‘proq pul topadi?” degan savollarning javobi bir xil emas. Mehnat bozorida tez ishga kirish har doim ham yuqori daromad degani emas. Ba’zan tor yoki murakkab mutaxassislik egasi uzoqroq ish izlaydi, biroq o‘z sohasiga mos va yuqori daromadli ish topishi mumkin.
Shu nuqtadan qaraganda, Bitiruvchilar sifati indeksi kasb tanlashda yana bir mezonni ko‘rsatadi: diplomni olgach, bu kasb bilan qayerda va qanchada ish topish mumkin, daromad qancha bo‘ladi? Bugungi abituriyent uchun universitet tanlashda shu savollar ham kontrakt narxi yoki o‘tish balidek muhim.
