Bizning jamiyat uchun eng jozibador davlatlardan biri bu – Janubiy Koreya. Bu mamlakat madaniyatiga, san’atiga, rivojlangan infratuzlimasiga qiziqmagan yoshlar juda kam. Qiziqishning, ijobiy munosabatning sababi davlatning “yumshoq kuch”i. Maqolada shunga asos, imkoniyat bo‘lgan taraqqiyot yo‘li – inson kapitaliga va uning qanday paydo bo‘lganiga to‘xtalamiz.
Bugungi kunda jahondagi eng kuchli va barqaror iqtisodiyotlar inson resurslari, ya’ni bilimga, salohiyatga katta e’tibor beradi. Shulardan biri – Janubiy Koreya. Bu butun jamiyat, davlat uchun strategik ahamiyatga ega. Chunki haqiqiy boylik yoki innovatsiyalar insonning o‘zi bilan bog‘liq. Inson kapitalining ahamiyati faqat iqtisodiy o‘sish bilan cheklanmaydi. U ijtimoiy, madaniy rivojlanish va siyosiy barqarorlik uchun ham muhimdir. Har bir insonning potensiali va yaratuvchanligi jamiyatning umumiy salohiyatini oshiradi. Bu kapital davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik va raqobatni belgilovchi asosiy omilga aylanib borayotgani uning ahamiyatini yanada yaxshiroq ko‘rsatadi.
Janubiy Koreya bu natijalarga erishishda nimalarga ustuvorlik berdi, qanday yo‘lni bosib o‘tdi – shularga bir nazar solsak.
Ushbu mamlakatda tabiiy resurslar cheklangan, lekin inson kapitali hisobiga dunyoning iqtisodi eng kuchli davlatlari qatoridan tushmay kelyapti. Koreya Osiyoda Xitoy, Yaponiya va Hindistondan keyin to‘rtinchi, dunyoda esa 14-o‘rindagi iqtisodiyot hisoblanadi. Mamlakat 1960-yildan beri o‘zining yuqori iqtisodiy o‘sishini saqlab kelyapti – yillik 6 foiz.
Muammolar
So‘nggi asrlarda bir Xitoy, bir Yaponiya mustamlakasi bo‘lib kelgan Koreya yarimoroli 1945-yili – Jahon urushi yakunida shimoliy qism Sobiq ittifoq, janubiy qism esa AQSh ta’siriga tushdi. Nihoyat 1948-yilda Janub o‘z mustaqilligini e’lon qildi va zamonaviy davlatchilik asosida ishlar boshlandi.
Rivojlanishning dastlabki bosqichida Koreya boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar kabi muammolarga duch keldi. Kambag‘allikdan chiqish uchun birinchi navbatda ta’lim va malaka oshirish sohalaridagi eskicha yondashuvlarni yo‘qotishi kerak edi. Jamiyat kasb-hunar va texnik ta’limga bee’tibor bo‘lgan, chunki yangi tendensiyalar kirib kelmagan mamlakatga. Bir tomondan bu qisman konfutsiylik ta’limotiga bog‘liq edi, chunki konfutsiylik faqat olimlar va dehqonlarni ulug‘lab, ishlab chiqarish va savdo sohalaridagi kasblarni ahamiyatsiz deb hisoblaydi. Ota-onalar farzandlarini universitetda o‘qishga, “kursili” ishlarni tanlashga undagan, natijada sanoat sohasida texnik mutaxassislar, malakali ishchilar yetishmay qoladi.
Bundan tashqari, Yaponiya mustamlakachiligi koreyaliklarga sanoat sohasida inson kapitalini yig‘ishga to‘sqinlik qilgan edi. Koreya urushi va yarimorolning bo‘linishi jarayonida uch yil davom etgan urush ham iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilmalarga katta zarar yetkazdi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Koreya kapitalistik siyosat olib bordi, sanoat rivojiga e’tibor berdi, lekin mamlakatdagi ijtimoiy tengsizlik, qishloq joylarda sharoit yetishmasligi ham barchaning birday ta’lim olishi, kasb-hunarli bo‘lishiga – inson kapitaliga to‘siq bo‘la boshladi. Shu sabab hukumat oldida ijtimoiy davlatchilik siyosatini olib borish masalasi turardi. Natijada asrning 70-yillaridan boshlab Koreya ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, aholiga ko‘proq davlat yordamlarini taklif qilish siyosatini boshladi.
Ta’lim
Janubiy Koreya – ta’limga e’tibor berish bo‘yicha eng yuqori darajaga erishgan davlatlardan biri. 1949-yilda milliy ta’lim to‘g‘risidagi qonun qabul qilinadi, unga ko‘ra, butun mamlakatda savodsizlikni tugatish boshlanadi va natijada 1945-yildagi 77,8 foiz savodsizlik darajasi keskin pasayib, 1958-yilda 4,1 foizga tushdi, 1959-yilda davlat professional boshlang‘ich ta’limni ham to‘liq joriy qilishni deyarli yakunladi (96,4 foiz qamrov). 1954-yildan 1959-yilgacha Koreya hukumati olti yillik majburiy ta’limni kengaytirish rejasi orqali majburiy maktab ta’limini amalga oshirdi. Farzandlarini maktabga bermagan ota-onalar yoki vasiylar jarimaga tortildi yoki jazolandi.
Hukumat majburiy boshlang‘ich ta’limga erishish uchun ta’limga ajratilgan byudjetning qariyb 80 foizini shu yo‘nalishga sarfladi. Ta’lim uchun xorijdan ham yordam mablag‘lari olinib, maktablar ta’miri va qurilishiga tikildi. Boshlang‘ich maktablarga o‘qituvchilar yetishmas edi, bunga yechim sifatida hukumat vaqtinchalik “Normal school”lar tashkil qildi, u yerda 18 haftalik kursni tamomlagan mutaxassislar o‘qituvchilik qilishi mumkin edi. Keyinchalik bunday “normal school”lar ikki yillik kollejlarga, so‘ng 1981-1984-yillarda milliy ta’lim institutlariga aylantirildi. Umuman, ta’lim sohasining bunday izchil va to‘xtovsiz rivojlanish dinamikasiga hukumatning to‘g‘ri siyosati bilan birga aholining qashshoqlikdan chiqishga intilishi hosil qilgan katta rezonans ham sabab, deyiladi.
Umumiy boshlang‘ich ta’lim muvaffaqiyatli joriy etilgach, Koreya hukumati o‘rta, kasb-hunar va oliy ta’limni ketma-ket kengaytirishga o‘tdi. Ta’limning bunday iyerarxik kengayishi Koreya ta’lim tizimini qurishdagi eng muhim xususiyat bo‘lgan. Bunda davlat inson kapitalini yaratish, bozordagi taklif va talabni o‘rganish, sohalarda inson kapitali paydo bo‘lishi, to‘planishini muvozanatlashtirish nuqtayi nazaridan yondashgan. Natijada foydali va sohalarga bosim yuzaga keltirmaydigan inson kapitali shakllana boshladi.
XX asr 80-yillarida Koreya hukumati inson kapitalini rivojlantirish, tadqiqot va texnologik innovatsiyalarga strategik sarmoya kirita boshladi. Koreya aholisi ham shaxsiy investitsiyalarini ta’limga tika boshladi. Bu davrga kelib xalq rivojlanish yo‘li faqat ta’limda ekanini tushunib yetgan edi. 1980-yillarning boshi va 2000-yillarning o‘rtalarida mamlakatning oliy ta’lim muassasalariga yalpi qabul qilish koeffitsiyenti besh baravar oshdi, oliy ta’limdagi talabalar soni esa UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 1980-yildagi 539 000 nafardan 2015-yilda 3,3 millionga ko‘tarildi. Bugungi kunda Janubiy Koreya dunyodagi “eng oliy ma’lumotli davlat” hisoblanadi, mamlakatdagi 24 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning 70 foizi oliy ta’limning qaysidir shaklini tamomlagan. Koreya Xalqaro talabalarni baholash dasturida (PISA) doimiy ravishda eng yaxshi natijalarga erishgan davlatlar qatoriga kiradi.
Qiziq tomoni shundaki, Janubiy Koreyaning oliy ta’lim muassasalari dunyo reytingida u darajada yuqori o‘rinda turmaydi, ammo uning ta’lim tizimi milliy ta’lim tizimlari orasida 21-o‘rinda qayd etilgan. Bu Koreya ta’lim tizimi mavjud dasturlar, tasdiqlangan o‘qitish tizimlaridan maksimal foydalanishi sabab yaxshi kadrlar yetishtirib chiqarishi bilan izohlanadi.
Janubiy Koreya dunyodagi eng katta repetitorlik sanoatiga ega mamlakat hamdir. U yerda ta’lim olish, yaxshi universitetlarga kirish, ta’lim karyerasini shakllantirish haqiqiy ma’nodagi poygaga yoki marafonga aylangan. Bu davlatdagi o‘quvchilar eng ko‘p stress va bosimda bo‘ladi, chunki yaxshi o‘qish qadriyat darajasiga ko‘tarilgan. Buni bizga tanish kino-seriallardan ham sezish mumkin. Ma’lumotlarga ko‘ra, aksariyat koreys bolalar maktabda va darsdan keyingi tayyorgarlik kurslarida kuniga 16 soat yoki undan ko‘proq vaqt o‘tkazadi.
2014-yilda Koreyaning Yoshlar siyosati milliy instituti o‘tkazgan so‘rovlar shuni ko‘rsatdiki, o‘rta maktab o‘quvchilarining deyarli 53 foizi tunda o‘qigani uchun yetarlicha uxlamaydi. Respondentlarning 90 foizi ish kunlarida ikki soatdan kam bo‘sh vaqtlari borligini aytgan. “Hagwon”larda (xususiy o‘quv markazlariga o‘xshash muassasa) o‘quvchilar shu qadar ko‘p o‘qib, kechasi qolib ketayotgani sabab 2000-yillarda hukumat komendantlik soatlari, ba’zi tumanlarda tungi patrullar joriy qilish masalasini ko‘rib chiqadi. Koreya jamiyatidagi bunday mukkadan ketib o‘qishni “ta’limga sig‘inish” deb ham atashadi.
Koreya faqatgina ichki ta’lim tizimini kuchaytirmagan, mamlakatdan har yili chet elga o‘n minglab talabalar o‘qish uchun ketadi (2017-yilda 239 824, 2022-yilda 124 320 nafar). Jarayon 1960-yillarda boshlangan, bu strategiya mamlakatning iqtisodiy va ilmiy rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi.
1990-yillarda ikkinchi to‘lqin boshlanadi, bu vaqtga kelib Koreya hukumati yoshlarning chet davlatlarda ta’lim olishi uchun yana bir qator davlat dasturlarini amalga oshira boshlaydi. “Overseas Study Program” – Chet elda o‘qish dasturi ishlab chiqiladi. Chet elda o‘qigan talabalarning qaytishi bilan Koreya texnologiya va ilm-fan sohalarida sezilarli yutuqlarga erisha boshladi. Natijada mamlakat dunyodagi eng innovatsion davlatlardan biriga aylandi, global raqobatbardoshlikni oshirdi.
G‘arb bilan hamkorlik
Janubiy Koreya rivojlanishi tarixida eng muhim o‘rin tutgan strategiyalaridan biri – G‘arb davlatlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik. Bir qarashda, Koreyaning jahondagi eng zamonaviy va texnologik rivojlangan davlatlardan biriga aylanishi faqat ichki siyosat va resurslarga bog‘liq bo‘lib tuyulishi mumkin. Ammo jarayonda G‘arb davlatlarining yordam va sarmoyalarining o‘rni ham juda katta bo‘lgan.
Koreya urushidan keyin 1950-yillarda Janubiy Koreya iqtisodiy va ijtimoiy inqirozga yuz tutgan, qishloq xo‘jaligini tiklash, sanoatni rivojlantirish va ta’lim tizimini yangilash kerak edi. Bunda dunyoning eng yirik iqtisodiy qudrati bo‘lgan AQSh Koreyaga qo‘l uzatdi. 1953-yildan boshlab AQSh tomonidan ajratilgan yirik miqdordagi yordamlar nafaqat Koreyaning infratuzilmasini, iqtisodiyotini qayta tiklashga yordam berdi. AQShning harbiy va iqtisodiy yordamlari 1950-1960-yillarda Koreyaning sanoatni rivojlantirish, transport va infratuzilma qurilishi, shuningdek, ta’lim tizimini mustahkamlashga qaratilgan edi. Bu yordamlarning aksariyati grantlar shaklida bo‘lib, Koreya iqtisodiyoti uchun poydevor yaratishda muhim rol o‘ynadi. An’anaviy tarzda AQSh yordamlar evaziga Koreyani G‘arbning liberal dunyosiga, demokratiyaga tortdi. Shu omil Koreyada inson huquqlari ta’minlanishi, demokratik davlatchilik va jamiyat paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.
Marshall rejasining (Yevropani tiklash dasturi) bir qismi sifatida Koreya ham G‘arb texnologiyalaridan foydalangan. G‘arbdan kelgan sarmoyalar Koreyaning texnik salohiyatini oshirdi, sanoat poydevorini yaratish va zamonaviylashtirish imkonini berdi. Koreyaning sanoat infratuzilmasi G‘arbning ilg‘or texnologiyalari yordamida yangilandi va samaradorligi oshdi. Yaponiya va G‘arb texnologiyalari asosidagi Koreyaning ishlab chiqarish quvvati butun dunyo bo‘ylab eksport qilish uchun mahsulotlar yaratish imkonini berdi. Shu jarayonda ishchi kuchi, malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezilib, kadrlarni qayta tayyorlash, o‘qitish borasida ham hamkorlik paydo bo‘ldi.
Koreya universitetlari G‘arbning eng yaxshi o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda o‘z ilmiy salohiyatini oshirdi va talabalarga eng zamonaviy bilimlarni yetkazishga intildi. Ko‘plab koreyalik professorlar G‘arbning ilg‘or universitetlarida o‘qib, ilmiy tadqiqotlar olib borgan va orttirgan tajribasini Koreyada tatbiq etgan.
Kadrlarni qayta tayyorlash
Koreyada kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash uchun ham butun boshli tizim, aql markazlari, institutlar ishlaydi.
Koreya mehnatni rivojlantirish instituti 1998-yilda tashkil topgan va Koreyaning mehnat bozorini tahlil qilish, bu bozorni rivojlantirish va kadrlar malaka oshirish strategiyalarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Institut har yili turli sohalardagi ishchi-xodimlar uchun 2000 dan ortiq trening dasturlarini tashkil etadi. Koreya ishlab chiqarish texnologiyalari instituti (KITECH) esa 1997-yilda tashkil etilgan. U Koreya sanoatida innovatsion texnologiyalarni qo‘llash va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatadi. Institut har yili 15 000 dan ortiq texnik malaka oshirish kurslari o‘tkazadi.
Koreyaning ishchilarni qayta tayyorlash milliy dasturi (National Skills Development Program). Koreya ishchilar malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlariga har yili 2 trillion von (taxminan 1.5 milliard AQSh dollari) sarflaydi. 2019-yilda 1,7 million kishi malaka oshirish va qayta tayyorlash dasturlarida ishtirok etgan. Bu raqam har yili ortib bormoqda, chunki Koreya iqtisodiyoti va texnologiyalar doimiy o‘zgarishlarni talab qiladi.
2020-yilda mamlakat 360 000 yangi ishchi uchun malaka oshirish kurslarini taqdim etdi va yana 100 000 dan ortiq yosh mutaxassislarni texnologik sohalarga o‘qitdi.2018-yilda Koreya Mehnat vazirligi 200 mingta yangi sertifikatlangan malaka oshirish kurslarini tashkil etgan, bu 2020-yilda 300 mingga yetdi. Bu kurslar asosan IT, robototexnika, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalariga qaratilgan. Koreya hukumati har yili 100 000 dan ortiq kishi uchun texnologik va sanoat sohalarida malaka oshirish sertifikatlarini beradi.
Yoshlar uchun ham alohida malaka oshirish dasturlari mavjud, bu ham bir tizim, boshqa davlatlarda malaka oshirishning bu kabi struktur ko‘rinishini topish qiyin. 2017-yilda Koreya Yoshlar malaka oshirish dasturi (Youth Skill Development Program) ishga tushirilgan. Bu dasturda 2017-2020-yillar davomida 200 000 ga yaqin yosh ishtirok etgan. Yoshlarni texnologik sohalarga yo‘naltirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha 2021-yilda 100 000 yosh uchun texnologik ta’lim dasturlari tashkil etilgan.
Butun dunyoda inson kapitalining qiymati, strategik ahamiyati oshib bormoqda. Inson kapitali rivojlangan davlatlar tashqi investitsiya uchun ham qulay. Migratsiya sifati oshadi, tashqaridagi diasporalarning kuchayishi esa davlatlarning yumshoq kuch siyosatiga ham, lobbi shakllanishiga ham yo‘l ochadi.
Demografik o‘sishi yuqori bo‘lgan O‘zbekiston uchun ham inson kapitalining rivoji juda katta imkoniyatlarni yaratadi. Ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash, zamonaviy texnologiyalarga moslashish mavjud migratsiyaning sifatini oshirib, rivojlangan davlatlarga yo‘nalish olishiga, ichki rivojlanish kuchayishiga, ilmni eksport qilishga olib keladi. Shuning uchun bizning jamiyatga tanish bo‘lgan, sinovdan o‘tgan Janubiy Koreyaning inson kapitalini rivojlantirish tajribalaridan foydalanish foydadan xoli bo‘lmaydi.