Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Sun’iy intellektni javobgarlikka tortish mumkinmi?

13.1.2025 928

Jasurbek NABIJONOV, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Bugun turli gadjet va axborot qurilmalari, sun’iy intellekt sud tizimiga ham kirib bordi. Bu huquq sohasida yangi munosabatni vujudga keltirib, huquqshunoslar oldiga bir qator vazifalarni qo‘ymoqda. Xo‘sh, sun’iy intellect (SI)ning biror qarori natijasida huquqning boshqa subyektiga va uning manfaatlariga ziyon yetkaziladigan yoki daxl qiladigan holatlar paydo bo‘lsa, yechim qanday bo‘ladi? Kimni javobgarlikka tortish o‘rinli? Shikoyat qilish tartibi qanday? Bu masalalarga turli huquq oilasiga mansub davlatlar turlicha yondashmoqda. Darhaqiqat, sun’iy intellekt yetkazgan zararni undirish a’nanaviy usullardan farq qiladi.

Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh, Germaniya, Singapur, Xitoy, Janubiy Koreya kabi mamlakatlarda sun’iy intellekt to‘g‘risida qonunlar allaqachon qabul qilingan. Bundan tashqari, Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti (WIPO) doirasida jami 30 ga yaqin sun’iy intellekt texnologiyalari sohasidagi stategik hujjatlar amalgam tatbiq etilgan. SI texnologiyalari jamiyatda hal qilinishi lozim bo‘lgan etik va huquqiy masalalarni ham yuzaga keltirmoqda. U bilan bog‘liq masalalarni tartibga solishning huquqiy bazasini yaratishga ikkita yondashuv mavjud.

Birinchisi – previntiv yoki oldini oluvchi. Hujjatlar strategik istiqbolni hisobga olib ishlab chiqiladi. Qator mamlakatlar bu masalada robotlar va SIni yaratish, ekspluatatsiya qilishning ayrim jihatlarini tartibga solish imkonini beruvchi bevosita ta’sir normalariga asosiy urg‘uni beradi yoki strategik rejalashtirish va bevosita javobgarlik o‘rtasida me’yorni ushlashga harakat qiladi. Sun’iy intellekt sohasida eng ilg‘or davlatlarda sohani tartibga solishga qaratilgan normativ akt va loyiha hujjatlari mavjud.

Bu masalada O‘zbekistonda 2021-yil 17-fevralda Prezidentining “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Mazkur hujjat sun’iy intellekt texnologiyalarining kelgusi rivoji uchun huquqiy asos yaratib, uning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, mamlakatda SI texnologiyalarini jadal joriy etish va ulardan keng foydalanish, raqamli ma’lumotlarning sifatliligi va hamma foydalana olishini ta’minlash, belgilangan sohada malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida 2021-2022-yillarda sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘rganish va joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan bo‘lib, u normativ-huquqiy bazani yaratish kabi yo‘nalishlarni ham o‘z ichiga oladi.

Yevropa Kengashi Vazirlar Qo‘mitasi buyrug‘i bilan ishlab chiqilgan va Yevropa hamda butun dunyoda sun’iy intellekt texnologiyalari rivoji va ularning huquqiy tartibga solinishi istiqbollari bahosini mujassam etgan bir qator hujjatlarni ishlab chiqqan SI bo‘yicha maxsus qo‘mita (Ad hoc Committee on Artificial Intelligence, CAHAI) bahosiga ko‘ra, sun’iy intellekt bir vaqtning o‘zida insonning fundamental huquqlarining 4 ta sohasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi: inson sha’nini hurmat qilish, shaxs erkinligi, tenglik, deskriminatsiyasizlik va hamjihatlik, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlar kabi.

Asosiy huquqiy muammo shundaki, tashqi dunyodan olingan axborotdan o‘rganayotgan tizim yaratuvchilar taxmin qila olmaydigan usulda ish ko‘rishi mumkin. Shuning uchun murakkablik bu sohada mas’uliyat subyektini aniqlashdan iborat. Ya’ni SI yetkazgan zarar uchun javobgar shaxs hozir eng bahsli masala. Sun’iy intellektdan foydalanadigan texnologiyalarni mualliflik huquqlari yoki mulk obyekti sifatida tartibga solish mumkin.

Biroq yaratuvchi, mulkdor yoki huquq egasi irodasidan qat’i nazar SIning avtonom tarzda ish tutish qobiliyatini inobatga olsak, qiyinchiliklar yuzaga keladi. Shu sababli SIga ham xuddi hayvonlarni tartibga soluvchi me’yorlarni qo‘llash kabi yondashish taklifi mavjud, chunki jonivorlar ham avtonom xatti-harakatlar qila oladi. Bunday tizimlarga nisbatan yuridik shaxslar to‘g‘risidagi normalarni qo‘llash taklifi ham keng tarqalgan. Boisi yuridik shaxs huquqning sun’iy shakllantirilgan subyekti sanalsa, robotlar va SI tizimlarini ham shunday maqom bilan belgilash mumkin. Huquq ancha moslashuvchan bo‘lishi va istalgan kishiga huquq berishi yoki uni cheklashi mumkin. Masalan, SI boshqaradigan kontent muallifligi kimga tegishli ekani belgilansa, masala yanada oydinlashadi. Ya’ni fikrimizcha, o‘sha SI yoki u yaratgan kontent kimga tegishli bo‘lsa, o‘shani javobgarlikka tortish eng samarali yo‘ldir.

Shikoyat tartibi

Biz SIga yuridik shaxs maqomi berilishi tarafdorimiz. Shunda u yetkazgan zarar uchun ta’sischi yoki yuridik shaxs rahbari javobgarlikka tortilganidek, uning “creator”i ham xuddi shu tartibda javobgarlikka tortiladi. Shikoyat tartibi esa fuqarolik kodeksida belgilangan shaklda amalga oshirilaveradi. Yurtimizda buni tartibga solish uchun sun’iy intellekt to‘g‘risida alohida normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqishimiz zarur. Bu bugungi davr huquqshunoslari uchun ustuvor masalalardan biriga aylanishi lozim.

Taklifni quyidagi nazariya bilan asoslasa bo‘ladi. Bu yondashuv yuridik shaxsning zamonaviy tor tushunchaga, xususan, uning fuqarolik huquqlariga ega bo‘lishi va amalga oshirishi, fuqarolik javobgarligi, sudda o‘z nomidan da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin bo‘lgan majburiyatiga mos kelmagani uchun uning yaratuvchisiga shunday majburiyat yuklash o‘rinlidir. Buni amaliyotga tatbiq etish uchun yuridik shaxs maqomi berilgan barcha sun’iy intellektlarni tizimlashtirish va yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish zarurati paydo bo‘ladi.

Aslida yuridik shaxslar pozitsiyalari va SI tizimlari o‘rtasida huquqiy o‘xshashlik qisman mavjud. Chunki yuridik shaxslarning barcha yuridik ahamiyatga ega harakatlariga bevosita bu qarorlarni qabul qiluvchi jismoniy shaxslar hamroh bo‘ladi. Yuridik shaxsning irodasi har doim jismoniy shaxslarning irodasi bilan belgilanadi va to‘liq nazorat qilinadi. Shunday ekan, yuridik shaxslar jismoniy shaxslarning xohishisiz faoliyat yurita olmaydi. SI tizimlari avtonomiyasining shakli ham yuqoridagi holatga o‘xshab ketadi, ya’ni bunday tizim to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaratilgan paytdan keyin jismoniy shaxsning aralashuvisiz qaror qabul qilish qobiliyati mavjud bo‘lsa-da, unga avval-boshdan uning yaratuvchisi shunday mexanizmni kiritgan bo‘ladi.

Yuqorida ko‘rib chiqilgan tushunchalarning o‘ziga xos cheklovlarini hisobga olgan holda ko‘plab xalqaro tadqiqotchilar sun’iy intellekt tizimlarining huquqiy holatini hal qilish uchun o‘zlarining yondashuvlarini taklif qiladi. Misol uchun, Lyuven universiteti tadqiqotchisi DM Mokanuning fikriga ko‘ra, an’anaviy ravishda SI tizimlarining cheklangan yoki qisman huquqiy maqomi va huquqiy qobiliyatini hisobga olib, unga majburiyatlarni yuklamaslik lozim, buning o‘rniga unga minimal chegara o‘rnatgan holda yaratuvchisini javobgar qilish to‘g‘riroq bo‘lar edi.

Biroq tan olish lozimki, mazkur taklifni joriy qilish uchun O‘zbekistonda hali to‘liq qonunning o‘zi mavjud emas, shuning uchun huquq sohasida yangi institut, sun’iy intelektning huquqiy maqomi va uning javobgarlik masalalarini tartibga soluvchi yaxlit normativ-huquqiy hujjat yoki hech bo‘lmaganda fuqarolik huquqi sohalarida keng qamrovli qonunchilik islohotini talab qiladi.

Biz sun’iy intellekt yetkazgan zararni qoplash tartibini belgilashdan oldin sun’iy intellektning huquqiy maqomini aniqlab olishimiz kerak. Ya’ni SIga har bir davlat o‘z qonunchiligidan kelib chiqib yuridik shaxs maqomi berishni nazarda tutuvchi alohida akt, normativ-huquqiy hujjat yoxud qonun qabul qilishi lozim. Xalqaro huquq maydonida ham islohotlar bo‘lishi kerak. Masalan, xalqaro tashkilotlar, ayniqsa, WIPO bu borada xalqaro shartnoma ishlab chiqishi va a’zo davlatlar qonunchiligi muvofiqlashtirilishi lozim. Chegara bilmas SI turli mintaqalarda huquqiy maqom jihatdan katta farq qilib qolmasligi kerak. Bu uning javobgarlik masalasida yana turli xil muammolarga olib kelishi mumkin.

O‘zbekiston bu bo‘yicha WIPO shartnomasiga qo‘shilishi bilan bir qatorda boshqa davlatlar bilan sun’iy intellektdan kelib chiqadigan nizolarni hal qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar imzolashi lozim. Qolaversa, Oliy Majlis imkon boricha tezroq sun’iy intellektga oid qonunni ishlab chiqishi kerak, chunki sun’iy intelekt kun sayin emas, soat sayin o‘sib borayotgan, yangilanayotgan soha.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish