Yoshlar ishlari agentligi “Kelajak kasblari” loyihasini yo‘lga qo‘ygan. Bu loyihadan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Kelajak kasblari deganda qaysi sohalar nazarda tutilmoqda? Loyiha doirasidagi subsidiyalar kimlarga beriladi? Miqdori qancha? Viloyatlarda ahvol qanday? Bu kabi savollarga ushbu maqolada javob berishga harakat qilamiz.
Loyihaning asosiy maqsadi ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz yoshlarga zamonaviy kasblar, axborot texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘rganish uchun imkoniyat yaratish, sifatli va bepul ta’lim berish, o‘quv markazlarini qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlarning hayotda o‘z yo‘lini topishiga ko‘maklashish. Shu bois axborot texnologiyalari, xorijiy tillarni o‘rganish niyatidagi yoshlarga olti oygacha muddatli o‘quv kurslari uchun har oyda subsidiya ajratiladi. Subsidiya BHM (bazaviy hisoblash miqdori)ning 4 baravarigacha yoshlar yetakchisining tavsiyasi asosida “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ajratiladi. Ariza beruvchiga “1+1” tamoyili asosida bir vaqtning o‘zida zamonaviy kasb yoki axborot texnologiyalari o‘quv kursi bilan birgalikda chet tili o‘quv kursida o‘qish xarajatlari uchun ham subsidiya berilishi mumkin.
Zamonaviy kasblar deganda marketing va digital marketing, ijtimoiy tarmoqlarda marketing (SMM), grafik dizayn, moliya-buxgalteriya menejeri, loyiha boshqaruvchisi, sotuv menejeri, robototexnika mutaxassisi, video montaj ustasi yo‘nalishlari; axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha esa dasturiy ta’minot (frontend, backend, Python, Java, data analysis, mobil dasturlash va boshqalar), 3D (interyer dizayn, animator, modeling), Game Development, sun’iy intellekt yo‘nalishlari hisobga olinadi.
Xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha esa dastlabki bosqichda chet davlatlarga mehnat qilish maqsadida jo‘nab ketgan yoshlar sonidan kelib chiqib, ingliz, rus, koreys, yapon, xitoy, nemis tillari bo‘yicha ta’lim beradigan o‘quv markazlari qo‘llab-quvvatlanadi. Boshqa yo‘nalishlar o‘quv markazlari arizasiga ko‘ra, Yoshlar ishlari agentligining xulosasi asosida kiritilishi mumkin. O‘quv markazi ta’lim olgan yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashganda loyiha doirasida hamkorlik qilish uchun ustuvorlik beriladi.
Loyiha imtiyozlaridan respublikamizning barcha viloyatlaridagi yoshlar foydalanishi mumkin. Birgina Xorazm viloyati misolida oladigan bo‘lsak, loyihaga tanlab olingan yoshlar soni 328 nafarni tashkil etadi. Hozir ularning o‘qish xarajatlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan qoplab berilgan. Loyihada ishtirok etayotgan o‘quv markazlari soni esa 9 ta. Yana 22 ta o‘quv markazi hamkorlik qilish maqsadida ro‘yxatdan o‘tish istagini bildirgan. Loyihaning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, ishtirokchilarning har biri boshqa bir insonning hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berishidir.