Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

KIBERJINOYATCHILIK DUNYOGA 26 MILLIARD DOLLAR ZARAR YETKAZADI

1.12.2022 417

Muhammadyunus MAMAJANOV, Yoshlar ishlari agentligining Andijon viloyati boshqarmasi yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha mutaxassisi

XXI asrda insoniyatga xavf soluvchi ekstremizm, terrorizm, odam savdosi, giyohvandlik kabi global muammolar qatoriga kiberjinoyatchilik ham kirib keldi. Bu jinoyat virusli dasturlarni tarqatish, parollarni buzib kirish, bank plastik kartasi va boshqa bank rekvizitlaridagi mablag‘larni o‘zlashtirish, talon-toroj qilish, shuningdek, in­ternet orqali qonunga zid axborot, xususan, bo‘hton, ma’naviy buzuq ma’lumotlarni tarqatish bilan bashariyat hayotiga katta xavf solyapti.

Axborot texnologiyalari yutuqlar bilan birga, global muammolarni ham kun tartibiga olib chiqmoqda. Keyingi paytlar­da tilimizda tez-tez aylanayot­gan “kiberhujum”, “kiberjinoyatchilik” atamalari zamirida turli virusli dasturlarni tarqatish, parollarni buzish, xakkerlik hujumlari, veb-saytlar­ga noqonuniy kirish, firibgarlik, plastik kartalar­dan pul o‘g‘irlash kabi jinoyatlar yashiringan.

Xo‘sh, begona kimsalar shaxsiy karta­lardagi pullarni qanday yo‘llar bilan yechib olyapti? Bu yo‘nalishdagi jinoyatlarning qanchasi fosh etilgan? Firibgarlik qurboni­ga aylanmaslik, chuv tush­maslik uchun mutaxas­sislar qanday tavsiyalar beradi? Milliy qonun­chiligimizda kiberhujum va kiberjinoyatchilikning oldini olish borasida qan­day yangiliklar kutilmoqda?

Kiberjinoyatchilik – axborotni egallash, uni o‘zgartirish, yo‘q qilish yoki axborot tizimlari va resurslarini ishdan chiqarish maqsa­dida kiber makonda dasturiy ta’minot va texnik vositalardan foydalanilgan holda amalga oshiriladigan jinoyatlar yig‘indisi.

Kasperskiy laboratoriyasining ma’lumot berishicha, bugungi kunda har kuni xalqaro in­ternet tarmog‘ida 310 mingdan ziyod zararlan­gan dasturiy viruslar tarqatilmoqda. 2006-yil­da bu ko‘rsatkich 1,4 mingtani tashkil etgan. Bu xalqaro internet tarmog‘idagi kiberhujumlar diapazoni o‘tgan o‘n besh yil ichida kamida 200 marta oshganidan dalolat beradi.

Ayni paytda virus­li kiberhujumlar juda xatarli tus olmoqda. Tarqatilayotgan vi­ruslarning aksariya­ti bank xizmatlarini ko‘rsatadigan jahon axborot tarmog‘ini zaiflashtirish orqali u yerdan moliyaviy ma’lumotlarni o‘g‘irlashni ko‘zlaydi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, kiberji­noyatchilik bir yilda dunyo iqtisodi­yotiga o‘rtacha 26 milliard dol­lar zarar yetkazmoqda. Bugun internetdan foydalanuvchilar soni 3,5 milliarddan oshgan. Shuningdek, 20 milliardga yaqin qurilma internetga ulangan holda ishlamoqda. Bu esa kiber­hujumlarning qanchalik jid­diyligini ko‘rsatadi.

Kiberhujumning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri bu firibgarlik yo‘li bilan plastik kar­talardan pul o‘marishdir. Yaqinda Buyuk Britaniyaning tadqiqot kompaniyasi kiberxavfsizlik darajasi nisbatan yuqori bo‘lgan 60 ta davlat reytingini e’lon qildi. Yaponiya yetak­chi bo‘lgan bu ro‘yxatda O‘zbekiston 56-o‘rinni egallagan. Bu borada yurtimizda birgina o‘tgan 2021-yilda 2700 dan ortiq, joriy yilda 300 dan or­tiq murojaatlar bo‘lgan. Mazkur jinoyatchilikning aksariyati yoshlar o‘rtasida uchrayapti. Shu sa­babli yoshlarda axborot madaniyatini shakl­lantirish, kiberjinoyatlar va ular bilan bog‘liq har qanday jinoyat uchun jazo muqarrar ekanini tushuntirish, informatika va zamonaviy axborot texnologiyalari, dasturiy ta’minot kabi yo‘nalishlarda ularning savodxonligini oshirish va kiberxavfsizlikka qarshi kurashish immunitetini shakllantirish mumkin.

Mamlakatimizda axborot sohasida rivojlan­gan xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, kiberjinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, 2022- yil 15-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasining “Kiberxavfsizlik to‘g‘risida”gi qonuni qa­bul qilindi. Mazkur qonunning asosiy maqsadi kiberxavfsizlik sohasidagi munosabatlarni tar­tibga solishdir.

Shuningdek, yoshlar o‘rtasida kiberxavfsizlikni ta’minlash maqsadida “Bir million dasturchi”, “Hakaton” kabi yirik loyiha va tanlovlar o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur tanlovlarda g‘olib bo‘lgan yoshlar munosib rag‘batlantirilib, ularning iqti­doridan samarali foydalanish ishlari olib borilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, kelgusida kibertahdidlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish