Bugungi kunda yurtimizga kirib kelayotgan Yevropa madaniyati o‘zbekona urf-odatlarimizga, kiyinish, so‘zlashish madaniyatimizga salbiy ta’sir etmay qolmayapti. Bunga yaqqol misolni o‘zbek qizlarining sochlarini kesib, turli ranglarga bo‘yab, momolarimiz yuzlariga oyoq qo‘yayotganida ko‘raman.
Shahar ko‘chalarida kezar ekanman, qizlarning sochlarini sariq, qizil va boshqa ranglarga bo‘yab olganini, yoki yigitlar singari sochini kalta qilib qirqqani, yohud sochlarini o‘zbek qizlariga xos bo‘lmagan tarzda turmaklab olganini ko‘rib vujudim larzaga keladi. Beixtiyor tarix sahnalariga nazar solgim kelaveradi. Shunda sochlari yerni o‘pgan, egnidagi milliy libosi husniga yana yuz husn qo‘shib turgan momolarimiz ko‘z oldimda namoyon bo‘ladi. Eh, o‘sha damlar qanday go‘zal bo‘lgan ekan-a?!
Barchamizga ma’lumki, har doim ham o‘zbek qizlariga uzun soch ibo, hayo, ko‘rk va go‘zallik baxsh etgan. Kimning sochi uzunroq bo‘lsa, u boshqalardan go‘zalroq, suluvroq ko‘ringan. Shoir-u yozuvchilar esa bunday go‘zallar shaniga doston-u g‘azallar bitgan.
O‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin namoyandalari bo‘lmish Lutfiy, Sakkokiy, Navoiy, Gadoiy, Atoiy, Bobur kabilar ijodida ham shunday sumbul sochli go‘zallar ta’rif etilgan. Bunday satrlardan namunalarni Gadoiy ijodida ko‘ramiz:
Ey sabo, yetkur salomimni guli xandonima,
Sochi yaldo, orazi oy, ko‘zlari cho‘lponima.
Baytning mazmuniga bir nazar solaylik. Birinchi misrada oshiq saboga murojat qilib, quyoshdan bahra olib ochilib turgan gul kabi yoriga salomini yetkazishini so‘rayapti. Ikkinchi misra esa e’tiborimizni ko‘proq tortadi: unda yorning sochi yaldoga, ya’ni qishning eng uzun va eng qorong‘i kechasiga o‘xshatilyapti. Modomiki, uzun va qora soch mumtoz adabiyotda yor go‘zalligini bildiruvchi asosiy unsurlardan biri. Ayni paytda, ushbu misradagi o‘xshatish go‘zal va ishonarli chiqqan. Shoir yorning yuzini oyga, ko‘zlarini cho‘lpon – eng yorqin yulduzga qiyoslagan.
Ana shunday mumtoz adabiyot namunalarini o‘qib, hozirgi zamonga nigoh tashlar ekanman, haqiqatdan ham o‘zbek go‘zallari ancha o‘zgarib ketayotganiga amin bo‘laman. O‘zbek xalqining suyukli shoiri Muhammad Yusuf ham shu hollardan ko‘ngli ranjib ushbu satrlarni bitgan bo‘lsa ne ajab:
Momom o‘rib o‘tgan soch,
O‘sib tovon o‘pgan soch,
O‘sib tovon o‘pganda,
Yig‘lab-yig‘lab ketgan soch...
Kokiling kim kesdi, yor?
To‘g‘ri, ko‘pgina qizlar uzun sochlaridan voz kechmoqda, lekin hozir ham sochlari oyog‘ini o‘pib turadigan qizlar ko‘plab topiladi.
Qizlarning sochi haqida gap ketar ekan, yana bir holat diqqatimizni tortmay qolmaydi. Bu ayol-qizlarning sochlarini yoyib yurishidir. Uzunmi, kaltami sochlarning yoyib yurilishi o‘zbekona urf-odatlarimizga sira mos kelmaydi. Qay bir soha bo‘lmasin, o‘rnak olish kerak bo‘lsa, doim momolarimizga yuzlanamiz. Bu borada ham ularning tutgan yo‘lini bir eslab ko‘raylik-a. Ota-onalarimizning so‘zlari, shoir-u yozuvchilarning ta’riflariga asoslansak, momolarimiz sochlarini uzun qilib o‘stirish bilan birga doim o‘rib yurganlar yoki yig‘ishtirib olganlar. Sochini faqat chimildiqda yoyganlar. Hatto, shoirlar sochlarini yoyib yurgan ayollarni alvastiga qiyoslagan ekan.
Ba’zan o‘ylanib qolasan kishi: nega endi ibo-yu hayoda tengi yo‘q Nodirabegim, Zulfiyaxonim avlodlari chet el aktrisa va xonandalariga taqlid qilmoqda, nega endi ularga o‘xshab “Alvasti” bo‘lishga harakat qilmoqda?
Sochlarni yoyib yurish gigiyenaga, suhbatlashish, ovqatlanish odobiga ham to‘g‘ri kelmydi. Oddiygina misol: sochlari yoyilgan qiz bilan ovqatlanmoqdasiz. Uning bir tola sochi taomingiz oldiga tushsa qay holatga tushasiz?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev boshchiligida milliylikka qaytish uchun juda ko‘plab ishlar amalgam oshirilmoqda. Mana shunday ajoyib davrda qizlar kimlargadir yoqish, zamonaviy bo‘lish uchun sochlarini kesib, turli ranglarga bo‘yab, yoyib yurishi o‘rniga, avvalo, ota-onasiga, Ollohga yoqish uchun harakat qilishini, milliylikka qaytishini tilab qolardim.