Jazo choralari qattiq, jarimalar katta, haydovchilik kurslari takomillashtirildi... lekin nega avtohalokatlar soni ko‘payib bormoqda?
Biz pandemiya yoki urush davrida emas, tinch zamonlarda yashayapmiz. Biroq bir fojia borki, u bugun kuniga 5-6 nafar odamning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sababchi bo‘lyapti. Bu – avtohalokatlar!
O‘zbekistonda ko‘chaga chiqqan odamning yo‘l-transpot hodisasi (YTH)ga uchrab o‘lish ehtimoli rivojlangan davlatlarga qaraganda 3 barobarga yuqori ekan. Yangiliklar tasmasini aylantirar ekansiz, kun davomida hech bo‘lmasa bir marta avtohalokat haqidagi xabarga ko‘zingiz tushadi. Bu kabi axborotlar, avtohalokatlar aks etgan videolarni xuddi kino ko‘rganday ko‘rishga o‘rganib qoldik, diydamiz qotdi, raqamlar esa kundan-kunga o‘sib bormoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yer yuzi bo‘ylab har 24 sekundda bir nafar, har kuni 3,5 ming odam YTH qurboni bo‘ladi. Bir yilda 1,3 million nafar va undan ko‘proq odam halok bo‘ladi. Halok bo‘lganlarning asosiy qismini 5 yoshdan 29 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi.
Afsuski, yurtimizda ham holat ancha tashvishlanarli. IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning yetti oyi davomida 1 115 kishi halok bo‘lgan, 4 ming 564 nafari turli tan jarohatlari olgan. 2022-yilda 2,3 ming, 2021-yilda esa 2,5 ming kishi aynan shu fojia sabab hayotdan ko‘z yumgan. Eng achinarlisi, bevaqt vafot etganlarning aksariyati yosh bolalardir.
SABAB NIMA?
Oxirgi yillarda mamlakatimizda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida ko‘plab chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Avvaliga haydovchilik guvohnomasi olishda qator o‘zgarishlar bo‘ldi: tezlik pasaytirildi, ta’mirtalab yo‘llar ta’mirlandi, jarimalar oshirildi, biroq vaziyat hech yaxshilanmayapti.
Xo‘sh, shu o‘rinda savol tug‘iladi, avtohalokatlarga qaysi omillar eng ko‘p ta’sir ko‘rsatmoqda? Fojialarda piyodalar aybdormi yoki haydovchilar? Bu borada Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbitdin Burхаnov shunday fikrda:
“O‘zbekiston IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati maʼlumotlariga ko‘ra, joriy yilning yetti oyi davomida respublika hududida 4 772 ta YTH qayd etilgan. Shundan 2 453 tasi yoki 51,4 foizi subyektiv sabablarga ko‘ra sodir etilgan, yaʼni haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga eʼtibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan. Agar haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga rioya qilganda yuqoridagi barcha YTH sodir bo‘lmasligi mumkin edi.
Achinarlisi, o‘tgan yetti oyda YTHlar natijasida 1 115 kishi halok bo‘lgan, 4 ming 564 nafari turli tan jarohatlari olgan. Bir raqamga eʼtibor qaratish lozim – yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlarning 1 078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagan. Soha mutaxassislarining fikricha, agar orqada o‘tirgan yo‘lovchilar xavfsizlik kamarini taqqan bo‘lganida oldingi o‘rindiqlarda o‘tirgan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi avtohalokatda omon qolishi mumkin edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, agar orqadagi yo‘lovchilar kamar taqmagan bo‘lsa, YTH vaqtida oldingi o‘rindiqda o‘tirgan yo‘lovchining halok bo‘lish ehtimoli besh barobar ortadi.
Aslida, haydovchilar uydan chiqishlari bilanoq, yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishlari, jumladan, xavfsizlik kamarlaridan foydalanish odatiy holga aylanishi kerak. Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-moddasiga ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini boshqarish va yo‘lovchilar tashishda xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik bazaviy hisoblash miqdorining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Dalillar shuni ko‘rsatadiki, ko‘pchilik haydovchilar hanuzgacha xavfsizlik kamarlaridan muntazam foydalanmaydi, yo‘l harakatining asosiy qoidalariga amal qilmaydi. Yo‘l harakati qoidalari aholi o‘rtasida hanuzgacha taʼsirchan va samarali targ‘ib qilinmaydi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning bu boradagi madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan materiallar yetarli darajada berilmayapti.
Xulosa qilib aytganda, yo‘l harakati qatnashchilarining huquqiy madaniyatini oshirishda nafaqat ichki ishlar organlari xodimlari, balki taʼlim tizimi, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoat tashkilotlari vakillari muhim rol o‘ynashi zarurligiga eʼtibor qaratish lozim. Bundan tashqari, huquqiy nigilizmga barham berish, huquqiy ongni yuksaltirish, yo‘l harakati xavfsizligini taʼminlash targ‘ibotini kuchaytirish har qachongidan-da dolzarbdir”.
Advokat, avtobloger Kamol Bahovuddinov esa:
“Nima uchun qon bilan yozilgan yo‘l harakati qoidalariga amal qilgin deb birov bizni majbur qilishi kerak? Hayotimiz o‘zimiz uchun shirin emasmi? Nima uchun yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimlari bizni kamar taqib yurishga majburlashi kerak? Nima uchun o‘zimiz ongli ravishda bunga amal qilmaymiz?!
Yo‘l harakat qoidalariga amal qilishni talab qilgan inson qolib, oqibat biz bilan ro‘y beradi-ku. Buning badalini esa o‘zimiz bilan birga boshqalar ham to‘lashga majbur bo‘lishadi. Qoidani kim buzdi-yu, badalini kim to‘ladi?! Bu juda ham achinarli ahvol. Toki har bir inson, u xoh haydovchi bo‘lsin, xoh piyoda ostona hatlab ko‘chaga chiqa turib, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni ko‘ngliga tugmas ekan, biz har yili yuqoridagi kabi hisobotlarni o‘qishda davom etaveramiz”, – deydi.
Avtohalokatlarning asosiy sabablari:
– 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi;
–10 foizi haydovchilarning tajribasizligi;
– 25 foizi yo‘l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi;
– 20 foizi piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.
Ijtimoiiy tarmoqlarda shu xususda so‘rov o‘tkazar ekanmiz, aksar piyodalar haydovchilarni, haydovchilar esa yo‘lovchilarni ayblashiga guvoh bo‘lamiz:
“Yoʻlovchilar yoʻlning istalgan qismidan oʻtaveradi, svetoforning yashil chirog‘i yonishini kutmaydi. Katta koʻchada, chorrahada, har qanday serqatnov yoʻllarda qulogʻida “naushnik” bilan yuraveradi. Qoidalarni buzgancha zebradan oʻtayotganda yoki yoʻl chetidan yurayotganda signal bossang eshitmaslikka oladi yoki yaxshilab soʻkib beradi. Oʻng qoʻl qoidasini umuman bilmaydi. Natijada, zebra, eskalator, avtobus, metro, trotuar va boshqa joylarda chumoli uyasiga oʻxshash betartib va asabga oʻynaydigan “probka”lar hosil boʻladi. Avtobusni yoʻlning istagan qismida (bekat boʻlmagan joyda, probkali holatda) toʻxtatib olaveradi”, – deydi Qobil Ahmedov.
Yo‘lovchilar esa haydovchilardan norozi.
“Agar rulga o‘tirgan har qanday kishi haydovchilik madaniyatiga amal qilsa, yo‘l-transport hodisalari sezilarli darajada kamayadi. Bizda esa haydovchilar bir-birini hurmat qilmaydi, yo‘l harakati qoidalarini ochiq-oydin mensimaydi. Yo‘l-transport hodisalarining tezlik va mastlikdan tashqari yana bir asosiy omili ana shu. Masalan, katta yo‘lning birinchi qismida turgan avtomashina haydovchisi dabdurustdan yo‘lning uchinchi qismiga o‘tib olmoqchi bo‘ladi yoxud orqaga qaytishga urinadi. Oqibatda orqadan kelayotgan haydovchi u bilan to‘qnashib ketadi. Yoki chorrahada svetoforning rangiga e’tibor bermay harakatlanadi”, – deydi Ilhom Abdullayev.
Yana bir toifa borki, ular haydovchi va yo‘lovchi barobarida infratuzilmalar ham avtohalokatlarga birdek aybdor degan fikrda. Yuz berayotgan yo‘l-transport hodisalariga yo‘llarning nosozligini sabab qilib ko‘rsatishadi. Darhaqiqat, nosoz va notekis yo‘lda harakatlangan har qanday avtoulovning murvatlari zararlanmay qolmaydi. Murvati shikastlangan transport esa yo‘lda ravon harakatlanmaydi. Pirovardida katta-kichik “avariya” sodir bo‘lib, haydovchi yoki uning hamrohi tan jarohati oladi. Hatto ba’zan fojia ham yuz berishi mumkin.
JAZOLASH YECHIM EMAS
Yuz berayotgan avtohalokatlarning ko‘pi yo‘l-harakati qoidalarini yaxshi bilmaydigan, “prava”sini tanish-bilish qilib olgan haydovchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. Aholi orasida “prava” olish summasi ham ma’lum — 200 dollardan 500 dollargacha!
Aslida bu raqamlar yo‘llarda minglab uquvsiz haydovchilar transport vositasini boshqarib yurganligi va ular qanchalik xavfli ekanini anglatadi.
Yo‘llarda o‘qimasdan “prava” olgan potensial qotillarni kamaytirish maqsadida Prezident qarori asosida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish va baholashni inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirish yo‘lga qo‘yildi.
Yo‘llardagi qotillikar haqida gap ochilsa, jarimalar oshirilganini, jazolar qat’iyligi haqida bong uriladi. Biroq jazo choralarini keskin oshirish ham muammoga yechim emasligi ayon bo‘lib bormoqda.
– Jazo choralarini keskin oshirish muammoga yechim bo‘lmasligi o‘z isbotini topdi, – deydi advokat, avtobloger Kamol Bahovuddinov. – Nima uchun boshqa o‘rnak bo‘ladigan mamlakatlardagi amaliyotni o‘zimizda qo‘llay olmaymiz? Masalan, Finlandiya yoki Islandiya. Islandiyada o‘tgan bir necha yilda o‘lim bilan tugagan birorta YTH qayd etilmagan. Yoki Stokholmni olaylik. U yerda antiqa holat bor ekan. Ya’ni umuman qoida buzmagan haydovchilar avtomatik tarzda kameralarga muhrlanib, o‘ziga xos lotereya ishtirokchisiga aylanar ekan. Ushbu maxsus lotereyaning maxsus fondi bo‘lib, uning mablag‘lari belgilangan tezlikni buzuvchi haydovchilardan undiriladigan jarimalardan yig‘ilar ekan. Bu ham qoidani buzmagan haydovchilarga qandaydir rag‘bat bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun ham rag‘bat yo‘li bilan maqsadga erishish oson bo‘ladi. Faqat jazo usuli bilan maqsadga erishish mumkin bo‘lganda, bizda o‘lim bilan tugagan YTHlar soni keskin kamayishi kerak edi. Chunki jarimalarimiz mukammal, summa ham oz emas.
Ko‘rib turganingizdek, bugungi kungacha neki chora-tadbir qo‘llagan bo‘lsak, kutilgandek natija bermadi. Bu borada bizga balandparvoz gaplar emas, xavfsiz yo‘llar, xavfsiz harakat va tartib-intizomli yo‘l-harakati ishtirokchilari kerak. Balki inson o‘limi bilan bog‘liq ayanchli raqamlarda biz aybdor emasdirmiz, lekin bunday holatlar haqida ayyuhannos solish, bu orqali kelgusidagi shunday fojialarning oldini olishga barchamiz mas’ulmiz.