Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MASHQNING MEVASI

9.12.2022 546

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

NAVOIYLIK QIZLAR PESHQADAM

Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi “streetball” bo‘yicha qizlar o‘rtasidagi musobaqaning respublika bosqichiga mamlakatimizning 14 ta hududidan 210 nafar, Toshkent shahri mezbonlik qilgan yigitlar o‘rtasidagi bellashuvga 245 nafar mahalla yoshlari yetib keldi.

An’anaga muvofiq, 3 ta (16-21, 22-26, 27-30) yosh toifasida g‘olib­lik uchun kurashgan 14 jamoa 4 gu­ruhga bo‘lingan holda guruhlarda­gi saralash bosqichlarida 90 dan ortiq o‘yin o‘tkazdi. Guruhlarda dastlabki ikki o‘rinni band etgan ja­moalar yarim final va final bahslarida maydonga tushdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Tosh­kent shahar Olmazor tumanidagi “G‘alaba” mahallasi, Sirdaryo viloyati Boyovut tumanidagi “Markaz” ma­hallasi, Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Uchko‘prik” mahallasi yigitlari o‘z yosh toifasi bo‘yicha g‘olib­likni qo‘lga kiritdi. Qizlar o‘rtasida esa Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani­dagi “Ayronko‘l” mahallasi, Navoiy viloyati Xatirchi tumanidagi “Jaloyir” mahallasi va Navbahor tumanidagi “Qo‘xron” mahallasi jamoasi 1-o‘rinni egallab, musobaqa g‘olibiga aylandi.

Finalda Farg‘ona jamoasiga qarshi maydonga tushdik, – dey­di 16-21 yosh toifasida musobaqa g‘olibi, “Ayronko‘l” mahallasi ja­moasi a’zosi Dinora Abdullayeva. – Vodiy jamoasida juda kuchli qizlar o‘ynaydi. O‘yindan oldin katta hadik bilan maydonga tushgan bo‘lsak-da, o‘zimizga ishonch bor edi. Sababi biz o‘z uyimizda, ham­shaharlarimiz qatorida o‘ynayap­miz. Va yakunda bizga bildirilgan ishonchni oqladik. Farg‘onaliklarni 14:7 hisobida mag‘lub etdik.

SPORT BILAN HAMNAFAS

Andijon viloyatida bo‘lib o‘tgan “street workout” musobaqalarining respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyat bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 280 nafar ishtirokchi 3 ta yosh (16-21, 22-26, 27-30) toifasida o‘zaro bellashib, o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rdi.

Qizg‘in va keskin kurashlar ostida o‘tgan musobaqalarda Toshkent shahri vakili Hasanboy Nurillayev, andijonlik Nodirbek Teshaboyev, sirdaryolik Bekzodbek Ismoilov o‘z yosh toifasida 1-o‘ringa munosib deb topildi.

Musobaqalarda 1-o‘rinni olgan sportchilar mahallasida universal sport maydonchasi, ikkinchi o‘rinni olgan ishtirokchilar mahallasida “streetball” hamda “street workout” maydonchasi, uchinchi o‘rinni olgan sportchilar mahallasida esa “street workout” maydonchasi qurib beriladi.

– “Street workoutasosan kuchga yo‘naltirilgan kurashdir, – dey­di sirdaryolik Bekzodbek Ismoilov. – Anchadan beri turnik va brusda mashq qilaman. Bugun bu mashqlar foydasini ko‘rsatdi. Biz Andijonga kelib Bobur yurtining eng go‘zal maskanlariga sayohat ham qildik. Ta­assurotlar ajoyib!

AHMAD DONISH MAHALLASIGA 100 MILLION SO‘M

Poytaxtimizdagi “Yoshlar ijod” saroyida Yoshlar ishlari agentligi hamda “Zakovat” intellektu­al klubi NNT hamkorligida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida ikkinchi bor tashkil etil­gan, sovrin jamg‘armasi 200 million so‘mlik “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovning tuman bosqichlarida qatnashgan 17 472 nafar yoshlardan iborat 2496 ta jamoa orasidan saralangan eng kuchli 42 jamoa (294 nafar bilimdon) o‘z bilimini sinab ko‘rdi.

Murosasiz bahslarda Buxoro shahridagi Ahmad Donish mahallasi yoshlari birinchi o‘rinni egallab, 100 mil­lion so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin va 60 million so‘m pul mukofoti Olmazor tumanidagi “Be­runiy” mahallasi jamoasiga, uchinchi o‘rin – 40 million so‘m pul mukofoti esa G‘ijduvon tumanidagi “Sarvari” mahallasi jamoasiga topshirildi.

MAHALLA ATLETLARI

Samarqand shahridagi “Afro­siyob arena” sport majmuasida o‘tkazilgan yengil atletika sport musobaqasining final bosqichi o‘z yakuniga yetdi.

Hududlardan saralanib kelgan 280 nafar ishtirokchi o‘z nomini tarixga yozish uchun harakat qildi. Yakunda Samarqand viloyati Paxta­chi tumanidagi “Bog‘oloni” mahalla­si, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Chorshanbi” mahallasi, Xorazm viloyati Xonqa tumanidagi “Obod” mahallasi, Navoiy viloyati Kar­mana tumanidagi “Jaloyir” mahallasi, Andijon viloyati Jalaquduq tumani­dagi “Qizilmozor” mahallasi jamoasi vakillari g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

AL-BERUNIY I XALQARO SHAXMAT TURNIRI

Xiva shahrida Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamkorligida mukofot jamg‘armasi 50 000 AQSh dollariga teng Al-Beruniy I xalqaro shaxmat turniri bo‘lib o‘tdi. FIDE tomoni­dan qo‘llab-quvvatlangan ushbu musobaqa 9 tur­dan iborat bo‘lib, Shveytsarcha tizimda uchta guruh ishtirokida o‘tkazildi.

“A” guruhdan FIDE reytingida 2000 va undan yuqori balga ega ishtirokchilar o‘rin oldi. 1500-2000 reyting­ga ega bo‘lgan ishtirokchilar “B” guruhda, reytingi 1500 dan past bo‘lgan ishtirokchilar esa “C” guruhda musobaqalarga kirishdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, “A” guruhida Abdimalik Abdisalimov 7 ochko bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. 6 ochko bilan Mirjalol Qosimov “B” guruhda va 8 och­ko bilan Vasila Abdujabborova “C” guruhda birinchi o‘rinni band etdi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish