Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

"Obod ta'lim" "meva"si

10.1.2024 921

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV

Qo‘shni Qirg‘iziston bilan yondosh Farg‘ona tumanining olis “Obod” mahallasi zamonga hamohang tarzda rivojlanib bormoqda. Mahalla aholisining 1113 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Mahalla mahalla yoshlari intiluvchan, kreativ fikrlaydi. Mahalladagi yoshlar yetakchisi Islomjon Muhammadjonov o‘z tengdoshlarini bir maqsad yo‘lida birlashtira olgan. Obodlik yoshlar ham Islomjonga ishonch bildirib, barcha muammolariga u orqali yechim topmoqda. Islomjonning qariyb ikki yillik yetakchilik faoliyati davomida yoshlarning 10 mingga yaqin murojaatlari ijobiy yechim topgan.

Islomjon Muhammadjonov 2023-yilda Yoshlar ishlari agentligi tashkil etgan “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” respublika tanlovining “Yoshlar daftari” tizimi asosida samarali ish tashkil etgan eng namunali mahalla yetakchisi” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Tanlovga taqdim etilgan loyiha mahallada tashkil etilgan “Obod ta’lim” markazidir.

Mahallamizda yoshlarning jamiyatda munosib o‘rinini topishi, farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish yo‘lida salmoqli ishlar qilinyapti, – deydi Islomjon Muhammadjonov. – O‘tgan yili zamonaviy kasblarni egallash, axborot texnologiyalarini o‘rganish va xorijiy tillarga o‘qitish bo‘yicha yoshlarimizdan 21 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarga yechim topish maqsadida mahalliy tadbirkorlar homiyligida mahalla guzarida 50 kishiga mo‘ljallangan “Obod ta’lim” markazini ishga tushirdik.

“Obod ta’lim” markazida ingliz va rus tili, kompyuter savodxonligi, grafik dizaynerlik to‘garaklari ochildi. Loyiha avvalida 4 ta to‘garakka 12 nafardan yosh qamrab olinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, hozir ilmga qiziqqan yoshlar soni 60 ga yetdi. Ta’lim markazida o‘qish sifatini yaxshilash maqsadida yoshlarga ta’lim berish uchun professional ustozlar ham jalb etilgan. Islomjonning ta’kidlashicha, “Obod ta’lim” markazi eshiklari qo‘shni mahalla yoshlari uchun ham ochiq. Loyiha boshida qiziquvchilar soni bunchalik ko‘p bo‘lishi va bu orqali mahalladagi 70 foiz yoshning bandligi ta’minlanishi kutilmagani haqida aytib o‘tdi.

Oxirgi 6 oy davomida ta’lim markazida tahsil olayotgan 14 nafar yoshga “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida zamonaviy kasblarni egallashi, axborot texnologiyalarini o‘rganishi va chet tiliga o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun 47 640 000 so‘m mablag‘ to‘lab beriladi.

“Obod ta’lim” markazida boshlang‘ich bilimni egallagan Dostonbek Alijonov “Kelajak kasblari” loyihasi doirasida ingliz (IELTS, CEFR) tili kurslarini tamomlab, “Chet tilini bilish darajasi to‘g‘risida”gi sertifikatni qo‘lga kiritdi.

Markazda o‘qishni tamomlab, yuqori natijaga erishgan yoshlarning yana o‘z mahallasiga qaytib tengdoshlariga bilim berishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan.

O‘z mahallasining faxriga aylangan Islomjon yurtimizning chinakam qahramonlarini izlab topish va ularga yordam berishni o‘zining bosh maqsadi deb biladi. Muzarof Rahimov shunday yoshlardan biri.

Muzarof 23 yoshda. Bolalikdan sportga mehr qo‘yib, milliy kurash bilan shug‘ullanib kelgan. Bundan 2 yil oldin kurash tushayotgan paytda qattiq yiqilishi oqibatida oyoq va qo‘llari ishlamay, birinchi guruh nogironi bo‘lib qolgan.

Doim harakatda bo‘lganim uchun bir joyda o‘tirish men uchun o‘limga teng bo‘lgan, – deydi Muzarof Rahimov. – Tushkunlikka tushib, “hayotim tugadi, endi qanday yashayman!” degan paytlarim bo‘lgan. Shunday kunlarning birida mahallamiz yoshlar yetakchisi Islomjon oldimga kelib, ahvolim haqida so‘radi. Suhbat davomida “Agar xohlasangiz, sizning sportga qaytishingizga yordam beramiz” degan gapi men uchun yangi hayot taqdim etgandek bo‘ldi. Oradan ikki kun o‘tib, yana o‘z sevgan ishim bilan mashg‘ul bo‘lishim, sport bilan shug‘ullanishim  uchun barcha sharoitlarni yaratib berishdi.

Yetakchi Muzarofni “Yoshlar daftari”ga kiritgach, sport bilan shug‘ullanish uchun barcha zarur jihozlarni xarid qilishga 12 million so‘m ajratildi. Muzraof yaratib berilgan imkoniyatdan xursand. Hozir u para yengil atletika bilan shug‘ullanmoqda. Bir necha bor O‘zbekiston chempionatida ishtirok etib sovrinli o‘rinlarni band etib kelmoqda.

Inson tabiati shunday: hayot yo‘lida muammolarga uchrasa, tushkunlikka tushishi, yiqilgan joyidan turib, yo‘lida davom etishga qiynalishi mumkin. Nodiraxon Hamraliyeva uchun ham bu holatlar tanish. U bir vaqtlar hammasini yig‘ishtirib, xorijga ketish o‘yida yurardi. Oilada 4 qizning eng kichigi, boquvchisi yo‘q. Ham kasal onasi, ham kasal opasining yagona boquvchisi bo‘lgani uchun oilaning bor mas’uliyati uning gardanida qolgan edi.

Biroq mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni xatlov orqali “Yoshlar daftari”ga kiritish jarayonida u Islomjonning e’tiborimga tushadi. Nodira go‘zallik saloni ochishga qiziqadi. Biroz turtki bo‘lsa, albatta, o‘z ishining ustasiga aylanishi shubhasiz edi.

Tadbirkor Liana Kalashyandan hunarning sir-asrorini egallayotgan qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun imkoniyatlar borligi haqida maʼlumot berilib, “Yoshlar daftari” tizimi orqali subsidiya asosida zarur mehnat qurollari olib berildi. Tadbirkorlik foaliyatini yuritishi uchun qishloq markazidan imtiyozli ijara asosida zarur imkoniyatlar yaratildi. Shu tariqa Nodiraxon 26 yoshida tadbirkor sifatida faoliyat boshlab, go‘zallik saloni ochdi. Bugun atrofida 2 nafar qizni birlashtirdi, oylik daromadi esa 2-3 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Xotin-qizlarimizning jamiyatda faol, manan sog‘lom va oilaviy hotirjam yashashi uchun birinchi navbatda moliyaviy himoya zarur. Ishonamizki, Nodiraxon unga berilgan imkoniyatlardan shaxsiy baxt formulasini yarata oladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish