Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Otaliqqa olingan yoshlar

19.4.2024 172

Ilhomjon ABDUSALOMOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

OTALIQQA OLINGAN YOSHLAR

ularning bandligini ta’minlash, muammolarini hal etish, tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash mas’ul idora va tashkilot rahbarlariga yuklatilmoqda

Joriy yil 12-yanvar kuni davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida yoshlarni jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etishdan saqlash, ular bilan manzilli va tizimli ishlash bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berilgan edi. Xususan, mahallalardagi uyushmagan, ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash, ularning muammolarini hal etish, tashabbus va loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga  mas’ul idora va tashkilot rahbarlari biriktirildi.

Boyqozon mahallasi Parkent tumanining markaziy mahallalaridan biri. Ayni paytda 2990 nafar aholi yashovchi mazkur mahallada 14-30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 712 nafarni tashkil qiladi. E’tiborlisi, yuqoridagi yig‘ilishda yoshlar masalalari bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida mahalladagi 257 nafar yoshni tuman prokurori, 2-sektor rahbari Jasurbek Hayitboyev otaliqqa olgan.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bunday yoshlar toifasida 6 nafar og‘ir toifaga kiritilgan,  2 nafar Vazirlar Mahkamasining 468-sonli qarori bo‘yicha qamrab olingan  va  4 nafar ishsiz yoshlar,   2 nafar mehnat migranti, 124 nafar maktab o‘quvchisi, 11 nafar professional ta’lim hamda 109 nafar oliy ta’lim muassasasi talabalari mavjud.

Mahallamizda otaliqqa olingan yoshlar bilan tizimli ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Boyqozon mahallasi yoshlar yetakchisi Billura Shoyo‘ldoshova. — Xususan, bunday yoshlarning 20 nafarida turli xil muammolar aniqlanib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari yuzasidan yo‘l xaritalari ishlab chiqildi.

Billura Shoyo‘ldoshovaning ma’lum qilishicha, shu kungacha 13 nafar yoshni qiynab kelayotgan muammolar ijobiy hal etilgan. Jumladan, ishsiz yoshlarning ikki nafari o‘zlari qiziqqan  sohalarda rasmiy ishga joylashtirilib, bir nafariga dehqonchilik ishlarini boshlash uchun prokuror va homiylar tomonidan urug‘lik olib berilgan.

Profilaktik hisobda turuvchi 2 nafar yoshning qiziqishlaridan kelib chiqqan holda tumandagi o‘quv markaziga kasb-hunarga o‘qish uchun yuborilgan bo‘lsa, probatsiya hisobida turuvchi bir nafar yosh “E-auksion” elektron tizimi orqali ijara asosida yer olishga yo‘naltirilgan.

Mahalla hududidagi 31-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Nafisa Qutpiddinova bolalikdan dasturchi bo‘lishga qiziqadi. Ayniqsa, maktabdagi informatika darslarida faol ishtirok etib, berilgan topshiriqlar, uyga vazifalarni a’lo bahoga bajaradi. Dasturchilik bo‘yicha qo‘shimcha chuqurlashtirilgan darslarga qatnab, bilimini oshirishga bel bog‘lagan Nafisa tuman prokurori bilan uchrashuvda bu uchun moddiy imkoniyati yetmasligini aytgandi.

O‘tgan yili muddatli to‘lovga noutbuk olgan Nafisa yetakchining tavsiyasi bilan tuman markazidagi dasturchilik kursiga qatnay boshladi. Qolaversa, mahalla yetakchisi markaz rahbariyati bilan kelishgan holda Nafisa uchun har oylik kurs to‘lovidan  50 foizli chegirma qilinishiga erishdi.

Uyimizda “Wi-fi” o‘rnatilmaganligi sababli uy vazifalarini o‘z vaqtida bajara olmay, o‘quv markaziga hammadan oldin kelib bajarar va hammadan kech ketar edim, – deydi Nafisa Qutpiddinova. — Prokurorimiz va mahalla yetakchisi sa’y-harakati bilan dasturchilik kursimning 6 oylik to‘lovi to‘lab berildi  hamda “Wi-fi” tizimi o‘rnatildi. Bildirilgan bu ishonchni oqlab, axborot texnologiyalari sohasida kerakli dasturchi bo‘lmoqchiman. Bu yil Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga davlat granti asosida o‘qishga kirish asosiy maqsadimga aylangan.

Shuni ham alohida qayd etish joizki, tuman prokurori 2-sektor hududida tashkil etilgan uchrashuvlar va individual suhbatlar asosida yoshlar bilan uchrashib, ularning muammo, taklif va mulohazalarini o‘rgandi. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha sektor hududidagi 11 ta mahalla yoshlari sport musobaqalari, intellektual o‘yinlar va kitobxonlik tanlovlariga muntazam jalb qilinmoqda. Masalan, joriy yilning 9-12-mart kunlari Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limi hamda tuman Sport maktabi bilan hamkorlikda sportning mini-futbol, shaxmat-shashka va stol tennisi musobaqalari, “Prokuror kubogi” doirasida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi. Musobaqalarda Boyqozon mahallasidagi otaliqqa olingan yoshlardan tuzilgan “Boyqozon” jamoasi  2-o‘rinni, “Zakovat” intellektual o‘yinida esa 3-o‘rinni egalladi. G‘olib bo‘lgan jamoalar tuman prokuraturasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Bugun har bir yoshni tinglash, ularning muammolariga yechim topishda rahbar, mutasaddilarning amaliy yordami katta samara beradi. Qolaversa, bu yoshlarning jamiyat va davlat hayotida o‘z pozitsiyasi borligi, yurt taraqqiyotiga daxldorligini anglab yetishida poydevor vazifasini o‘tasa, ajab emas.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish