O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-sonli qarori o‘n minglab yoshlarning bandligini ta’minlash, doimiy daromad manbayiga ega bo‘lishida dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqdsa. Xususan, Buxoro shahridagi Otbozor mahallasida 36 nafar yoshga yer ajratilgan. Mahalladagi yoshlar yetakchisi Mustafo Ismatov Prezident qarori asosida yaratilgan imkoniyatdan unumli foydalanib, yoshlarga yangi daromad manbari yaratishga intilmoqda.
Mahalla balansi:
Aholi soni: 15 933 nafar;
Yoshlar: 3 080 nafar;
Ayol-qizlar: 1 995 nafar.
“Yashil” toifa: 2 113 nafar;
“Sariq” toifa: 934 nafar;
“Qizil” toifa: 33 nafar.
Mahalla drayveri: qishloq xo‘jaligi.
Dehqonchilik ilmi o‘rgatilyapti
Otbozor mahallasida yoshlarni dehqonchilikka jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ularni mehnat bozoriga tayyorlash masalalariga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan:
Yoshlar uchun qishloq xo‘jaligida ish o‘rinlarini yaratish. Yoshlar yetakchisi yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida ularga yer ajratish, yerdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va bozorgir mahsulotlarni yetishtirish yo‘nalishida maxsus loyihani yo‘lga qo‘ydi.
– Yoshlar yetakchisi yordami bilan 30 sotix yer olib, dehqonchilik qilyapman, – deydi Nutfullo Orzuyev. – Bir yilda 3 marta hosil olyapman. Yer maydonining yarmida zamonaviy issiqxona tashkil qildim. Issiqxonada haroratni nazorat qilish, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish va boshqa agrotexnik tadbirlar orqali yil davomida barqaror hosil olish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Ekinlarimiz erta pishadi, hosildorligi yuqori bo‘ladi va bozorda yaxshi narxda sotish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Yerning qolgan yarmida fasllarga qarab turli ekinlarni yetishtiramiz. Bahor faslida pomidor ko‘chatlarini ekamiz. Bu davrda tuproq unumdorligi yaxshi bo‘lgani sababli pomidorimiz serhosil bo‘ladi. Yoz mavsumi yakuniga yetgach, ekin almashinuvi asosida kuz-qish mavsumiga mo‘ljallab kartoshka ekamiz. Qish oylarida esa yer bo‘sh qolmasligi uchun ko‘katlar yetishtiramiz. Oilamiz daromadi oshyapti, mahalla aholisini ham arzon va sifatli mahsulotlar bilan ta’minlayapmiz.
Dehqonchilikda yangi yondashuvlar. Dehqonchilikni rivojlantirish maqsadida yangi texnologiyalarni olib kelish va yoshlarni bu texnologiyalarga o‘rgatish choralari ko‘rilyapti. Talabgorlar Yoshlar ishlari agentligining shahar bo‘limi bilan kelishilgan holda “Agrobank” ATBning “Fermerlar maktabi”, “Suvchilar maktabi”, agrar sohada kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasalariga va hududlardagi kichik biznesga ko‘maklashish markazlariga o‘quv kurslariga yo‘naltirildi.
Agrar ta’lim va malaka oshirish. Yoshlar yetakchisi yoshlarni dehqonchilikni ilmiy asoslarga tayangan holda olib borishga o‘rgatish uchun maxsus trening va seminarlar tashkil etib keladi. Treninglarda dehqonchilikni boshlash istagidagi yoshlar hududdagi ilg‘or fermerlar, dehqonchilik sohasida yaxshi daromad topayotgan, sohada o‘z o‘rniga ega kishilardan maslahat, tavsiyalar olishadi. Talabgor yosh dehqonlar soha ilg‘orlariga shogirdlikka tushib ekin ekish, parvarishlash, yerni boqish sirlarini o‘rganmoqda.
– Hozir yerga karam ekkanmiz, – deydi Dilbar Po‘latova. – Umumiy 30 sotix yerimizni uch teng qismga bo‘lgan holda, yiliga uch marotaba hosil olyapmiz. Birinchi navbatda 10 sotix maydonga karam ekamiz. Karam yarim tayyor holatga kelgach, darhol ikkinchi 10 sotixga ham urug‘lik ekamiz. Bu jarayon bosqichma-bosqich olib borilgani sababli uzluksiz hosil olish imkoniyatiga ega bo‘lyapmiz. Uchinchi hosil ham xuddi shu ketma-ketlikda ekiladi. Bu usul orqali yerimiz biror kun ham bo‘sh turmaydi. Bo‘sh turgan kichik maydonlarga tez pishadigan mahsulotlarni ekib, daromadni oshirib boryapmiz. Kelgusida ekin turini kengaytirish, texnik uskunalar bilan ta’minlash hamda boshqa ayollarni ham ushbu faoliyatga jalb etish niyatidamiz.
Mustafo Ismatov migratsiyadagi yoshlarni ham Vatanga qaytarib, yer bilan ta’minlashga harakat qilmoqda. Xususan, Sardorbek G‘aybullayev 5 yildan buyon xorijda ishlar edi. Yoshlar yetakchisi uning holatini o‘rganish maqsadida suhbatlashganda unga Vatanga qaytishi, yoshlar uchun yer berilayotgani, dehqonchilik qilib yaxshigina daromad topish mumkinligi haqida aytib o‘tadi. Sardorbek O‘zbekistonga qaytdi. Unga 30 sotix ekin maydoni olib berildi. Dehqonchilik ko‘nikmalariga ega bo‘lishi uchun mahalladagi ilg‘or dehqonga biriktirildi. Hozirgi paytda Sardorbek issiqxona tashkil qilgan. Pomidor yetishtirib, yiliga 3 marotaba hosil oladi. Daromadi 50-60 million so‘m atrofida.
Dehqonchilik va tadbirkorlik maktabi
– Yoshlar uchun faqat ish o‘rinlari yaratish emas, ularning tadbirkorlik ko‘nikmalarini ham rivojlantirish muhim, – deydi Otbozor mahallasi yoshlar yetakchisi Mustafo Ismatov. – Ish o‘rni bu – vaqtinchalik yechim. Biz yoshlarga baliq berishimiz emas, baliq tutishni o‘rgatishimiz kerak. Ular faqat biror joyda ishlab, maosh olish bilan cheklanib qolmasin, o‘zlarining ishini ochishga, iqtisodiy mustaqil bo‘lishga intilsin. Tadbirkorlik faqat daromad topish emas, balki g‘oya bilan yashash, jamiyatga foyda keltirish, boshqalar uchun ham ish o‘rinlari yaratishdir.
Qishloq joylarda yashovchi yoshlar orasida katta salohiyat bor. Ular yer bilan ishlashni biladi, mehnatdan qo‘rqmaydi, tabiatni tushunadi. Bu yoshlardan kelajakning yirik fermerlari, innovatsion agro-tadbirkorlari chiqadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Faqat ularga yo‘l ko‘rsatish, ishonch bildirish kerak.
Shuning uchun biz mahallada yoshlar uchun “Dehqonchilik va tadbirkorlik maktabi”ni yo‘lga qo‘yish ustida ishlayapmiz. Bu yerda yoshlar yerga egalik qilish, uni sug‘orish, urug‘ tanlash, hosil yetishtirishni o‘rganadi, hosilni qanday qadoqlash, sotish, bozorda o‘z mahsulotini tanitish, marketing yuritish kabi bilimlarni ham oladi. Ularni moliyaviy savodxonlikka, raqamli texnologiyalarni ishlatishga o‘rgatamiz.
Yoshlar bilishi kerak: agar ular o‘z g‘oyasiga ishonsa, unga harakat va bilimni qo‘shsa, u holda faqat o‘z hayotini emas, balki butun mahallasining, hatto tumanining iqtisodiy qiyofasini o‘zgartirishi mumkin. Biz esa shunday yoshlar bilan ishlashga tayyormiz va ularning har bir tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ijtimoiy faol qatlam
Qahramonimizning fikricha, yoshlarni ish bilan ta’minlash bilan birga ularni ijtimoiy jihatdan faol bo‘lishga, o‘z mahallasida ijobiy o‘zgarishlar qilishga rag‘batlantirish kerak. Ular dehqonchilikdan tashqari jamiyatning boshqa sohalarida ham o‘zlarini namoyon etishlari lozim. Bu tashabbus bo‘yicha yoshlar yetakchisining dasuri quyidagicha:
Mahalla infratuzilmasini rivojlantirishda yoshlar ishtiroki. Yoshlarni mahalla rivojiga hissa qo‘shishga rag‘batlantirish va loyihalarini amalga oshirishda ko‘maklashish zarur. Masalan, mahalla parklarini obodonlashtirish, ekotizimlarni yaxshilash kabi ijtimoiy loyihalarda ishtirok etishlari mumkin.
Yoshlar uchun sport va madaniyat tadbirlari. Yoshlarni faollik va sog‘lom turmush tarziga jalb qilish uchun sport tadbirlari, madaniy-ijtimoiy faoliyatni tashkil etish ham muhim. Natijada otbozorliklar “Besh tashabbus olimpiadasi”, “DXX kubogi”, “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalarida faol ishtirok etishmoqda.
Ma’naviy va axloqiy tarbiyani oshirish. Yoshlarni ijtimoiy mas’uliyatga o‘rgatish, jamiyatda hurmat, mas’uliyat va hamjihatlik kabi axloqiy qadriyatlarni, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamiyat farovonligining asosiy mezonlaridan. Shuning uchun yoshlar yetakchisi mahalla ko‘ngillilar jamoasini shakllantirgan. Bu jamoa yordamida haftaning juma kunida nogiron, imkoniyati cheklangan va qariyalar holidan xabar olishni yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, mahallada kitobxonlik muhiti ham shakllanyapti. Maktab kutubxonasi homiylar yordamida kitoblar bilan boyitilib, mahallaning barcha qatlami foydalanish imkoniyati yaratilgan.
Yoshlarni tadbirlarga muntazam jalb qilinishi natijasida 2024-yilda mahalla yoshlari o‘rtasida jinoyat sodir etilmagan.
– O‘tgan yil yakunida dehqonchilik bilan shug‘ullanayotgan yoshlar faoliyatini tahlil qildik, – deydi qahramonimiz Mustafo. – Tahlillarga ko‘ra, Otbozor mahallasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida yoshlarning bandligi sezilarli darajada oshdi. Yoshlar uchun ajratilgan yer maydonlari ularning o‘zini o‘zi ta’minlash imkoniyatlarini yaratdi. Ular qishloq xo‘jaligida ishlashni o‘rgandi, shuningdek, bu jarayonda o‘zlarining tadbirkorlik ko‘nikmalarini ham rivojlantirmoqda. Bu dehqonchilik loyihalari mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham namuna bo‘lib, ularni ishni davom ettirishga undamoqda. Mahallada yoshlarning bandligini ta’minlash, mehnat va bilimga qiziqishlarini uyg‘otish orqali, o‘zi uchun doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlariga yordam berdik.
Shaxsiy namuna
Mustafo Ismatov 2025-yil I choragi yakunlari bo‘yicha respublikadagi “Top – 100” yetakchi safida e’tirof etildi. Joriy yil boshida Sport vazirligining “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak-nishoni bilan taqdirlandi. 2024-yilda “Eng fidoyi yoshlar yetakchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan. O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriy va nogironlar birlashmasining “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun” medali sohibi.
Yoshlarga namuna sifatida yetakchining o‘zi ham dehqonchilik bilan faol shug‘ullanmoqda. U har yili mavsumiy ekinlarni ekib, yerdan unumli foydalanadi. Bu orqali o‘zining ro‘zg‘origa foyda keltirish bilan birga mahalladoshlarga ham mehnatga bo‘lgan mehrni, halol daromad topishning yo‘lini ko‘rsatadi. U g‘alla, sabzavot va poliz ekinlari kabi mahsulotlarni ekib, hosilni mahalliy bozorlarda sotish orqali qo‘shimcha daromad olmoqda. Shu bilan birga, yoshlarni ham ushbu sohaga bilan qiziqtirish, amaliyotga jalb qilish orqali mehnatsevarlik va tadbirkorlik ruhida tarbiyalashga intilmoqda.