“Numbeo” xalqaro internet nashri ipoteka krediti boʻyicha so‘nggi 20 yilda dunyo davlatlarida kuzatilgan ish haqi va moliyalashtirish jarayoni uchun yillik foiz stavkasi tahlilini e’lon qildi. Ro‘yxatda eng yuqori ipoteka foiz krediti bo‘yicha kuchli beshtalikni O‘zbekiston 21,5 foiz bilan yakunlab bergan. Qo‘shni davlatlardan faqat Qozog‘iston mazkur reytingga kiritilgan bo‘lib, qardoshlarimiz nisbatan yaxshi ko‘rsatkich – 16,54 foiz bilan 10-o‘rinni egallagan.
Cheklangan subsidiya, qimmat kredit
Ayni vaqtda kam ta’minlangan oilalarga ipoteka kreditlari uchun subsidiya ajratish maqsadida arizalar qabul qilinyapti. Bir hafta ichida 162 mingdan ortiq ariza kelib tushganining o‘zi bu borada talab naqadar yuqori ekanini bildiradi.
Bu arizalar kam ta’minlangan oilalar, muayyan shartlarga mos kelgan fuqarolar tomonidan berilgan. Aslida atrofimizda uy olish maqsadida kredit, subsidiya, bo‘lib to‘lash, boringki, har bir eshikka bosh urib ko‘rguvchi insonlar juda ko‘p. Chunki narxlar yuqoriligi, oylik maosh kamligi, aholining sotib olish qobiliyati pastligi bu kabi xizmatlarga ehtiyojni keskin oshirmoqda.
Taklif talabga yarasha emas – subsidiyalar juda kam, davlat dasturi bo‘yicha ipoteka miqdori cheklangan, banklardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olinadigan kreditlar esa nihoyatda qimmat. Kishi beixtiyor og‘riqli savol qarshisida qoladi: qachon uy olamiz?
Qadamlar tashlangan...
2021-yil 9-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmon ipoteka bozorini yanada rivojlantirish, aholining uy-joyga talabini qondirish, davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar taqdim etishni davom ettirish, xususiy pudrat tashkilotlarini zamonaviy koʻp qavatli uylar qurilishiga keng jalb etishni maqsad qilgan.
Xo‘sh, mazkur vazifalar natija berdimi? Ayni vaqtda ipoteka kreditlari olish tartiblari qanday?
Ipoteka kreditlari qanday turlarga bo‘linadi?
O‘zbekistonda banklar ikki turdagi ipoteka kreditlarini ajratadi:
- Davlat dasturi bo‘yicha foydalanishga topshirilgan yangi binolardagi kvartiralar uchun;
- Ham yangi binolardagi kvartiralar, ham ikkilamchi bozordagi uy-joylar uchun.
Davlat dasturi bo‘yicha ipoteka krediti stavkalar yiliga 17−18 foiz orasida o‘zgarib turadi (Iqtisodiyot va Moliya vazirligi hisobidan). Biroq bunday kreditlar miqdori cheklangan. Ikkinchi turdagi kredit cheklanmagan, ammo foiz stavkasi ancha yuqori, chunki bunday kreditlar bankning o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat dasturi bo‘yicha...
Davlat dasturi bo‘yicha ipoteka kreditlarini 11 ta bankdan olish mumkin. Yillik stavka 16,5−18 foiz. Kredit 20 yil muddatga beriladi. Ba’zan ikki oydan ikki yilgacha imtiyozli davr ham beriladi.
Davlat dasturi bo‘yicha ipotekada maksimal summa Toshkentdagi uylarga 416,5 million so‘m (Savol tugʻiladi: 416 millionlik limit qanday mezonlar asosida belgilangan? Hozir bu pulga Toshkentdan 1 xonali xonadon topish ham qiyin), Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi turar joylar uchun 327,2 million so‘mni tashkil qiladi. Kam ta’minlangan fuqarolar uchun boshlang‘ich to‘lovni qoplash uchun belgilangan subsidiya miqdori 32 million so‘m. Ilgari boshlang‘ich to‘lov summasi barcha banklarda bir xil — 15 foiz bo‘lgan. Endilikda 30 foizlik boshlang‘ich to‘lov bilan stavka 17,5 foizga, 50 foiz boshlang‘ich to‘lovdan 16,5 foizga tushirildi.
21-28 %
Tijoriy ipoteka kreditlari 13 ta bankda beriladi. Kredit stavkasi 21 foizdan 28 foizgacha. O‘tgan yilning aprel oyidagi ko‘rib chiqish bilan solishtirganda, stavkalar 2−3 foiz punktga oshgan. Kreditni to‘lash muddati 5 yildan 20 yilgacha. Imtiyozli davr bir necha banklar tomonidan bir yildan ikki yilgacha muddatga beriladi. Boshlang‘ich to‘lov miqdori qancha ko‘p bo‘lsa, foiz stavkasi shuncha pasayadi.
Har ikki holat uchun ham kreditni rasmiylashtirish tartibi deyarli bir xil. Birinchi marta bankka murojaat qilganda kamida oxirgi 6 oy uchun daromadlar haqidagi maʼlumotnomani koʻrsatish lozim. Agar qarzni toʻlash uchun mablagʻ yetarli boʻlmasa, birgalikda qarz oluvchini jalb qilish mumkin. Eng muhimi, kredit olishga talabgorning boshqa kreditlar boʻyicha qarzdorligi boʻlmasligi lozim.
Agar kredit berish shartlari qarz oluvchini qoniqtirsa, keyingi bosqichga – xonadonni tanlash, mulk egasi yoki ishlab chiqaruvchi bilan dastlabki shartnoma tuzish, mustaqil baholashni oʻtkazishi mumkin.
Ammo kredit stavkalari aholi daromadlariga qanchalik mos keladi?
Real kuzatuvlar
2023-yilda O‘zbekistonda korxona va tashkilot xodimlarining o‘rtacha oylik ish haqi 4 million 551,4 ming so‘mni tashkil etgan.
Endi Toshkent shahridan 2 xonali uy-joyni 320 million so‘mga 18 foiz yillik stavka bilan 20 yilga olgan kishi oyiga qancha to‘lashini bilish uchun subsidiyashtirilgan ipoteka kalkulyatorini ishga soldik.
Unga ko‘ra, fuqaro 12 va davlat 6 foiz to‘lov amalga oshirganda, o‘rtacha oylik to‘lov 4 million 197 ming so‘mni tashkil etyapti: asosiy qarz – 1 million 133 ming, foiz – 3 million 64 ming so‘m. Bu bir oyda fuqaro hissasiga 2 million 730 ming, davlat hissasiga 1 million 336 ming so‘m to‘g‘ri kelishini anglatadi. Yakunda jami kredit to‘lovi 1 milliard 7 million 473 ming so‘mni tashkil etadi. Bunda asosiy qarz 272 million bo‘lsa, unga 735 million 473 ming so‘m foiz stavkasi “minadi”.
Foiz miqdori o‘z yo‘liga, uch millionga ham bormaydigan to‘lov bilan uyli bo‘lish juda yaxshi. Biroq xursand bo‘lishga shoshilmang. Bu baxt hammaga ham nasib etavermaydi. Davlatning aholini uy-joy bilan ta’minlash uchun ko‘rsatayotgan yordami sizning bankdan borib oladigan ixtiyoriy oddiy ipoteka kreditingizdan tamomila farq qiladi.
Ya’ni siz bankdan yillik 26 foiz stavka bilan 20 yilga oladigan 320 million so‘mlik ipoteka krediti yuqoridagi hisobdan karrasiga ortadi. Xo‘sh, agar shunday bo‘lsa, yagona boquvchisi bo‘lgan oilalar nima qiladi?
Aytaylik, 4-5 million so‘m oylik oladigan odam Toshkent shahridan 400-450 million so‘mlik uyning ipoteka xarajatini to‘lash uchun 8 million so‘mni qayerdan oladi?! Oilada ikki kishi ishlagan taqdirda ham kommunal va iste’mol xarajatlarini kim qoplaydi? Odamlar buni qanday uddalayapti?
“Yuragim orqaga tortib ketadi…”
Z.N. (shifokor):
“Yaqin hududdagi ayrim banklarga ipoteka surishtirib borsak, xodimlari xuddiki buyragini so‘rayotganddek, yaxshi servis ko‘rsatmadi. Kamiga shunday hisob-kitob qildiki, och qornim-tinch qulog‘im deb, eshikni yopa qoldik. Kreditga uy olib, qozonni suvga tashlab qo‘ygandan ko‘ra, xo‘jayinim bilan ijarada yashashga kelishdik. Nima qilibdi: xorijda bu odatiy hol!”
- L. (agronom):
“E, ipoteka olib, birim ikki bo‘ladimi, desam, o‘lganning ustiga tepgandek bo‘ldi. Bu yil shaharga kelganimga 4 yil bo‘ladi. Qishloqda mutaxassisligim bo‘yicha ish topishim qiyin bo‘lgani bois shaharda qolgandim. Bir-ikki tanishim ipotekaga uy olishni maslahat berdi. Sergelidan 2 xonali uyni bir amallab ipotekaga rasmiylashtirdim. Yiliga 25 foiz stavka bilan 12 yilga 530 million oldim. Hozir oyligimning 90 foizi kreditga ketyapti. Yashash xarajatlarim uchun qishloqdan ota-onam pul jo‘natishadi. Hali vaziyat 10 yil shunday davom etishini o‘ylasam, yuragim orqaga tortib ketadi”.
A.X. (professor):
“Kundalik o‘ylarim, ishlatadigan eng ko‘p so‘zim – kredit. Ayniqsa, shogirdlarimga. Doktorantlarim orasida oilasi bilan Toshkentga kelib, katalakdek joyda ijarada yashaydiganlar, kreditga uy olganlar bor. O‘zingiz bilasiz, bir tovuqqa ham don kerak, ham suv kerak. Ularning ko‘pchiligi kundalik xarajatlar, tadqiqotdan ham ko‘ra ijara haqi va kreditini to‘lashga qiynaladi. Shuning uchun ham maktablarda, professional ta‘lim muassasalarida qo‘shimcha ishlashiga to‘g‘ri keladi. Bu ularning faoliyatiga, ilmiy ishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi”.
Butun umr ijarada yashaymizmi?
Tahlillarga ko‘ra, poytaxtda uy-joy narxlari pufak xavfi chegarasiga yaqinlashmoqda: o‘rtacha ta’mirlangan 2 xonali xonadon sotib olish uchun talab etiladigan muddat (o‘rtacha ish haqiga nisbatan) 10 yilgacha yetgan. Boz ustiga uy-joy narxlarining 500 million so‘mdan oshishi aholining 80 foizdan ziyodining uy sotib olish imkoniyatlarini pasaytirib yuborgan. Tahlilda aholining aksariyat qismi ipoteka krediti yoki uy-joy pulini bo‘lib to‘lash uchun oyiga 4 million so‘mgacha to‘lov qobiliyatiga ega ekani qayd etilgan.
Boshpana – insonning asosiy ehtiyojlaridan biri. Uning oddiy va kundalik ehtiyojlari qondirilmaguncha o‘z kasbining ustasi bo‘lishi, biror yuqori marrani ko‘zlashi qiyin. Doimiy o‘ylov, bosim insonni holdan toydiradi, odamlarning asabiy va jizzakilashishiga ham shu sababdir, ehtimol.