Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Chekish o'smirlar organizmiga o'nglab bo'lmas zarar yetkazadi

25.3.2024 206

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

Soʻnggi vaqtlarda yoshlar orasida turli psixotrop moddalar qabul qilish, elektron, turli tam va hid beruvchi tamakilarni chekish holatlari ko‘paygan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu zararli odatlar maktab yoshidagi bolalar orasida ham uchramoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 1,7 foizi – o‘g‘il bolalarning 2,3 foizi, qizlarning 0,9 foizi tamaki chekadi. O‘smirlarning 7,7 foizi – 10 foiz o‘g‘il bolalar hamda 5,2 foiz qizlar hayotida bir marta bo‘lsa ham chekib ko‘rgan. Har 6 nafardan biri tamaki tutuni taʼsirida boʻladi.

Statistikaga qaraganda, 13-15 yoshdagi maktab o‘quvchilarining 7 foizi uyda va 16 foizi yopiq jamoat joylarida tamaki tutuni ta’sirida bo‘ladi. Bundan tashqari, 18-69 yosh oralig‘idagi O‘zbekiston aholisining 16,5 foizi, shu jumladan, erkaklarning 32,9 foizi, ayollarning 0,8 foizi tamaki chekadi. Aholining 9,9 foizi tutunsiz tamaki, o‘z navbatida tutunsiz tamaki chekuvchilarning 89 foizi esa nosvoy chekadi.

Organizmga o‘nglab bo‘lmas zarar

Tamaki ta’siri o‘smirlar organizmida qaytarib bo‘lmas asoratlar qoldirishi aniq. Sog‘liqni saqlash vazirligining tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurov bu illatning yoshlar salomatligiga ko‘rsatadigan jiddiy zararlari haqida ma’lumot berdi:

Tamaki tutunida 7000 dan ortiq kimyoviy moddalar bo‘lib, ularning aksariyati sog‘liq uchun xavfli. Tamaki va uning tutuni har qanday ko‘rinishda insonning barcha organlariga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Uning organizmga xavfi tarkibidagi kuchli narkotik ta’sirga ega bo‘lgan va o‘ziga qaramlikni keltirib chiqaradigan nikotin bilan bog‘liq. Ayniqsa, o‘smirlarda nikotinga jismoniy va ruhiy qaramlik jadal rivojlanadi. Uning oz miqdori ham bo‘shashish va yaxshi kayfiyat hissini tug‘diradi, ko‘p miqdori esa yurak va markaziy asab tizimiga tez ta’sir qiluvchi zahar hisoblanadi.

Tamaki mahsulotlari ta’mni shirin qiluvchi, xushbo‘y hid taratuvchi konservantlar va boshqa qo‘shimchalar qo‘shilgan holda tayyorlanadi va bu mahsulotning jozibadorligini oshiradi. O‘smirlik — miya rivojlanishida kritik davr bo‘lib, bu paytda nikotin o‘quvchilarning, avvalo, miyasiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Natijada xotira va bilim olish qobiliyati pasayishiga, kuchli qaramlik va tahlikali nevrozlarga olib keladi.

Tamaki chekuvchi o‘quvchilarda nafas yo‘llari va quloq infeksiyalari yuqish ehtimoli ortadi, ularda yo‘tal, bronxit, pnevmoniya, astma va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Bundan tashqari, tamaki chekish milk, suyak to‘qimasi, tish bog‘lamalarining buzilishiga, tishlarning barvaqt to‘kilishi kabi saraton oldi holatlarga olib keladi. Keyinchalik esa chekuvchilarda og‘iz bo‘shlig‘i, til, lab, milk, hiqildoq, qizilo‘ngach, oshqozon va oshqozonosti bezi saratoni rivojlanish ehtimoli keskin oshadi.

Bunday holat yurtimizda tamaki chekishga qarshi olib borilayotgan profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish va keskin choralar ko‘rishni taqozo etadi”.

20 yillik “staji” borlar...

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 1,3 milliardga yaqin odam muntazam ravishda chekadi yoki boshqa shakllarda tamaki iste’mol qiladi. Erkaklarning taxminan 47 foizi va ayollarning taxminan 12 foizi chekadi. Chekishni erta boshlash va 20 yildan ortiq vaqt davomida muntazam chekish umr ko‘rish davomiyligini 20-25 yilga qisqartirar ekan.

Bugun har bir yosh-u qari chekish – bu zararli odat ekanligi, salomatlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini biladi. Lekin sigaretning salomatlikka ziyoni haqida qancha ko‘p gapirilmasin, undan voz kechuvchilardan ko‘ra kashandalikka ruju qo‘yayotganlar soni ortib boryapti.

Inson uchun eng katta boylik — sog‘lik. U faqat sog‘ bo‘lgandagina baxt ta’mini to‘liq tuyushi mumkin. Chekish muhimmi yoki salomatlik? Tanlov o‘z qo‘lingizda.

Sarvinoz KOMILOVA,

“Yoshlar ovozi” mahurat maktabi tinglovchisi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish