Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Rektor va mahalla yoshlari

15.11.2023 1449

Sherzod Abdullayev, Namangan davlat pedagogika instituti Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, nazorat va monitoring boʻlimi boshligʻi

Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy ahvolini oʻrganish, qobiliyatini shakllantirish maqsadida Namangan davlat pedagogika instituti rahbariyatiga ham Kosonsoy tumani Chindovul qishlogʻi Uchqoʻrgʻon mahallasida yashovchi 43 nafar yosh biriktirilgan.

Institut rahbariyati bu yoshlar bilan alohida uchrashuv tashkil qilib, har birining ijtimoiy ahvoli, qiziqishlarini oʻrgandi. Har bir yosh yuzasidan uning oilaviy ahvoli, kasbi, qiziqishlari, muammolari va boshqa maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan 43 ta anketa maʼlumotlari shakllantirildi.

Yoshlarning 2 nafari surunkali kasallikka chalingan, 11 nafari nogiron va 30 nafari migratsiyadan qaytib kelgan yoshlar ekanligi aniqlandi. Oʻtkazilgan jonli suhbatlar davomida har bir yoshning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, qiziqishlari va kelajakdagi rejalari, orzu-niyatlarini hisobga olgan holda alohida “Yoʻl xaritasi” tuzilib, tasdiqlandi. Yashash xonadonining geolokatsiyasi olindi. Mahalla yoshlarining bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida har oyda bir marta Uchqoʻrgʻon mahallasidagi Madaniyat saroyida institut qoshida faoliyat koʻrsatayotgan ashula va raqs ansambli, “Quvnoqlar va zukkolar” jamoasi, aktyorlik va sanʼatkorlik sohasida iqtidorli talabalar ishtirokida koʻngilochar badiiy konsert dasturi tashkil qilinadigan boʻldi.

Eng muhimi, bu yoshlarning oilaviy ahvoli, nimaga ehtiyoji borligi oʻrganildi. Masalan, Kosonsoy tumani Uchqoʻrgʻon mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Javohir Ahmadaliyevning TATU Fargʻona filialida 2-bosqich talabasi ekanligi, oʻquv jarayonlarida masofadan turib ishtirok etayotgani, bu borada bir qancha muammolarga duch kelayotganini bilib, oʻqish jarayonida foydalanishi uchun zamonaviy noutbuk sovgʻa qilindi.

Shu mahallada istiqomat qiluvchi yana bir yosh – Bilolxon Sharipovga tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun avtomobillarni yuqori bosim bilan yuvish uskunasi olib berildi.

Ularning orasida pazandachilikka qiziquvchi, ammo oilaviy sharoiti ogʻir boʻlgani uchun oʻz tadbirkorligini boshlay olmayotgan Muxlisa Qurbonboyevaga ehtiyojidan kelib chiqib, elektr pech hamda par koʻrpa sovgʻa qilindi.

Bundan tashqari, Uchqoʻrgʻon mahallasi yoshlar yetakchisi bilan hamkorlikda shu kungacha biriktirilgan alohida toifadagi yoshlarning 1 nafari ish bilan taʼminlandi, 1 nafariga chet tili oʻquv kursida tahsil olishiga koʻmaklashildi, 6 nafariga asbob-uskuna xarid qilish uchun toʻlovlarini amalga oshirishga koʻmaklashildi, 31 nafariga moddiy yordam berildi, 2 nafariga davolanish xarajatlari qoplab berildi.

Ular orasida 11 nafari xorijiy davlatlarga ishlash uchun chiqib ketdi, 6 nafari esa 30 yoshdan oshgani sabab toifa roʻyxatidan chiqarildi.

Hisobot davrida biriktirilgan yoshlar bilan institut rektori va masʼul xodimlari tomonidan oʻn toʻrt marotaba uchrashuv tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, yoshlar bilan ishlash barcha rahbarlarning, jamoatchilikning, shu bilan birga, butun jamiyatning ustuvor vazifasidir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish