Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

RESPUBLIKA TAʼLIM MARKAZI O‘QITUVCHIGA E’TIROZ BILDIRDI

18.5.2022 11354

 “...Nodira Isayevaning Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilgan yan­gi o‘lchamdagi zamonaviy dars­liklarni “filning qulog‘i”ga qiyoslashi, ularda rasmli maʼlumotlar ko‘payib ketgani, darslik uchun yaratilgan mobil ilovalar o‘quvchilarni danga­sa qilib qo‘yishi haqidagi eʼtirozla­rini, darsliklarning mazmun-mohi­yatidagi o‘ziga xos jihatlarini tahlil qilmay turib, darslik hajmiga qarab baho berishini noprofessionallik, o‘qituvchiga xos bo‘lmagan nomu­nosib xatti-harakat deb baholay­miz”, deyiladi munosabatda.

Munosabat “Darsliklarni yaratish jarayoni shunchaki bir nechta muallif ishtirokida amalga oshirilmadi. Jarayonda xalqaro ekspertlar, mutaxassislar va, asosan, o‘qituvchilardan iborat katta jamoa ishladi. Darslikdagi har bir o‘zgarish xalqaro darslik yaratish standart­lari va ilg‘or davlatlarning tajribasi o‘rganib chiqilganidan keyingina kiritildi. Baʼzi ish bermagan yangi­liklar tajriba-sinov jarayonida bosh­qasi bilan almashtirildi yoki olib tashlandi”, deya davom etadi.

E’tirozli munosabatda darsliklar hajmi masalasiga ham to‘xtab o‘tilgan.

“Vazirlar Mahkamasining “Taʼlim muassasalari uchun xavf­siz poligrafiya mahsulotlarining umumiy texnik reglamentini tas­diqlash to‘g‘risida”gi qarori hamda Sanitariya-epidemiologik nazorat markazining o‘quv nashrlariga qo‘yadigan gigiyenik talablariga ko‘ra, 1–4-sinf o‘quvchilari uchun bir dona darslik og‘irligi 300 gramdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan. 2-sinf darsliklarining o‘rtacha og‘irligi esa 200–220 gramni tashkil qiladi va bu belgilangan talablarga mos keladi. Avvalgi 1–2-sinf darsliklari 70x90 bi­chimda 225 ga 175 sm o‘lchamda edi. Bu o‘lchamdagi kitobni sumka­da olib yurish qulaydek tuyulgani bilan kitob kichkinaligi hisobiga 1-sinf o‘quvchisi uchun noqulay shrift va dizayndan foydalanib kelingan. Yangi darsliklar esa 60x84 bichimda, yaʼni 300 ga 208 sm hajmda tayyor­landi. Bu o‘lchov xalqaro darslik yaratish standartlaridan kelib chiqib tanlangan bo‘lib, o‘quvchining yoshiga, psixologik-fiziologik rivojla­nishiga har tomonlama mos keladi.

Taʼlim mazmunining o‘zga­rishi shakliy o‘zgarishlarni ham talab qiladi. Ilgari darsliklarda, asosan, nazariy maʼlumotlar berilgani uchun rasmlarga kam joy ajratilgan. Tangadek joy­da juda kichik hajmda berilgan rasmlar bolalarni zavqlantirma­gan, taʼlim olishida ahamiyatli sanalmagan. Zamonaviy dars­liklarni esa taʼlimiy maqsadni ko‘zlagan turli rasmlar, chizma­lar, diagramma va jadvallarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Chunki maʼlumotlarni vizual holatda qa­bul qilish o‘rganishning eng sa­marali usullaridan biri hisobla­nadi. Bunda o‘quvchilarning na­faqat fanga qiziqishi ortadi, balki matn bo‘lmagan materialni ham tushunish ko‘nikmasi rivojlanadi”.

Munasabatda qayd etilishicha, rasmlarning berilishiga nisbatan “qoida kam, rasm ko‘p” qabilida baho berish noo‘rin. Chunki aksar topshiriqlarda rasm asos qilib olingan. Yaʼni kitobdagi rasm va be­zaklar taʼlim jarayonining muhim omiliga aylangan.

Respublika taʼlim markazi “Raqamli dunyo bolalarini kompyuter va smartfonlardan ajratish de­yarli ilojsiz. Bunday vaziyatda eng maʼqul yo‘l ularga qurilmalardan ilm olish maqsadida foydalanishni o‘rgatishdir. Yangi darsliklarda har bir o‘quvchining o‘rganish imkoni­yati turlicha ekanini inobatga ol­gan holda turli mobil ilovalar ham­da geymifikatsiya metodidan foy­dalanilgan. Chunki hamma bolalar ham mavzuni kitobdan o‘zlashti­rishga qiziqavermaydi. Material­ni smartfondagi o‘yin ko‘rinishi­da o‘zlashtirish esa allaqachon raqamli dunyoning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan bolalar uchun qulaylik yaratdi”, deya o‘z xulosasini yakunlagan.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish