Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Samarqandda “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressi bo‘lib o‘tmoqda

6.11.2023 1597

Kecha, 5-noyabr kuni “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida “O‘zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans asosi” VII xalqaro kongressi ish boshladi.

Keng ko‘lamli tadbir bir qator milliy va xalqaro hamkor tashkilotlar ishtirokida O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati tomonidan tashkil etilmoqda.

 – O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati yetti yildan beri samarali faoliyat olib bormoqda. Har yili bir marta bajarilgan ishlar haqida hisobot berish va kelgusidagi rejalarni belgilash an’anaga aylangan, – deydi Butunjahon jamiyati boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqov. – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosati tufayli  boshlangan ushbu loyiha o‘tmishda zaminimizda yaratilgan, turli sabablar  tufayli hozirda chet ellarda – yirik kutubxonalar, muzeylar va shaxsiy kolleksiyalarda saqlnayotgan san’at va madaniyat durdonalari  haqida ma’lumot to‘plash maqsadini ko‘zlaydi. Bu ezgu g‘oyani mamlakatimiz va xorijdagi olimlar, xalqaro va jamoat tashkilotlari, ijtimoiy mas’uliyatli biznes vakillari  qo‘llab-quvvatlab kelayotganidan mamnunmiz. Loyihaning asosiy homiysi, madaniy merosni chuqur anglash va maqsadlarimizni hayotga tatbiq etishda bizga katta yordam berayotgan “Eriell group” rahbariyatiga ham minnatdorlik bildiramiz.

Xalqaro kongressning ilmiy qismi 5 ta xalqaro anjumandan iborat bo‘lib, “Merosning yangi qirralarini kashf etish: jahon to‘plamlaridagi o‘zbek kolleksiyalari”, “Butunjahon jamiyati loyihalarida Sharq qo‘lyozma merosi durdonalari”, “Butunjahon jamiyati loyihalarida Markaziy Osiyo muzeylari va kutubxonalari”, “Markaziy Osiyo tarixi va san’ati: izlanishlar va kashfiyotlar” hamda “Kino va media olami: merosga yangicha nigoh” kabi mavzularda 120 ga yaqin ilmiy ma’ruzalar tinglandi.

Kongressda “O‘zbekiston madaniy merosi” turkumidan 61–70 jilddan iborat 10 ta yangi kitob-albom taqdim etildi. Ular Ozarboyjon, Hindiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya (shu jumladan, Tatariston), Turkiyadagi O‘zbekiston madaniy merosi to‘plamlariga bag‘ishlangan. E’tiborlisi, ushbu kitoblar kutubxonalarga bepul tarqatilyapti.

Butunjahon jamiyatining boshqa noshirlik loyihalari – “Sharq miniaturasida tarixiy shaxslar”, “Klavixo: Samarqanddagi Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406)”, “Rishton kulolchiligi”, “O‘zbekiston san’ati durdonalari”, “Orol va Amu bo‘ylarida: qoraqalpoq san’ati”, “Badiiy atamalar ensiklopediyasi” albomlari, shuningdek, “Bezak ensiklopediyasi” kabi nashrlar, “O‘zbekiston gilamlari”, “114 Qur’on”, “Sharqning 100 nodir qo‘lyozmasi” loyihalari ham ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati (WOSCU)  2018-yili dunyoning 40 mamlakati 300 dan ortiq sharqshunoslari tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, 2019-yili Parijda rasman ro‘yxatdan o‘tgan. Bu yil Butunjahon jamiyati O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tdi va Toshkent shahrida vakolatxonasini ochdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish