Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qo‘zi, qo‘chqor, tandir go‘sht va Lacetti: “Tashabbusli byudjet”da ovoz yig‘ish uchun nimalar taklif qilinmoqda?

27.3.2024 187

Daryo.uz

Xabaringiz bor, O‘zbekistonda 2024-yilning 16-mart kunidan e’tiboran “Tashabbusli byudjet”da ovoz berish jarayonlari boshlandi. Dastlab tanish-bilishlar orqali iltimosga olingan ovozlar, keyinchalik 20-30 ming so‘m mablag‘ evaziga sotila boshlandi. Ayni kunga kelib esa ovozlar ancha qimmatladi. Jumladan, kimdir 10 ta ovozga bitta qo‘zi va’da qilayotgan bo‘lsa, boshqasi 50 ta ovoz uchun qo‘chqor atagan. Yana birov esa 1000 ta ovoz uchun avtomobil sovg‘a qilishini aytgan.

“Daryo” jurnalisti tarmoqlarda tarqalayotgan videolarni to‘plab, “Tashabbusli byudjet”ga ovoz berish narxlari bilan qiziqdi.

10 ta ovozga bitta qo‘zi

Tarmoqlarda tarqalgan videolarning birida qo‘zichoq ko‘targan fuqaro 10 ta ovozga bitta qo‘zi berishini aytib, odamlarni ovoz berishga chorlagani ko‘ringan.

Aniqlashtirilishicha, Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanidagi O‘rachi qishlog‘ida yashovchi aholi yo‘lini asfaltlashtirish uchun 10 ta ovozga bitta qo‘zi, 50 ta ovozga buzoqcha, 100 ta ovozga toychoq berishini va’da qilib, ovoz to‘plamoqda.

Telegram’da tarqalgan yana bir videoda “Tashabbusli byudjet”ga ovoz to‘plashni maqsad qilganlar farg‘onaliklardan farqli ravishda, bitta qo‘zi uchun 15 ta ovoz so‘rab, narxni pastlatgan.

Bir lagan osh

Vohadagi bozorlarning birida ovoz to‘playotgan fuqaro odamlarga murojaat qilib, bitta ovoz uchun bir lagan osh, 50 ming so‘m pul va kolbasa berishini aytib, jar solayotgani ko‘ringan.

Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi dovonda faoliyat yurituvchi oshxonada esa 4 ta ovozga 1 kilo tandir go‘sht berilishi e’lon qilingan.

1000 ta ovozga LACETTI

Ko‘pchilik e’tiborini tortgan yana bir videoda Laсetti avtomobili egasi mashinasini u aytgan loyihaga 1000 ta ovoz berganlarga sovg‘a qilishini aytadi. Biroq avtomobil aynan qaysi hududdagi qaysi loyihaga ovoz berish evaziga berilishi noma’lum bo‘lib qolgan.

“Tashabbusli byudjet”ning 2024-yilgi birinchi mavsumida ovoz berish jarayoni 16-mart soat 00:00 dan qayta boshlangandi. Jarayon 4-aprel soat 23:59 gacha davom etadi.

O‘zbekistonda 13-martdan “Tashabbusli byudjet”ga ovoz berish jarayoni boshlanishi belgilangan. Biroq ovoz berish uchun zarur platforma – Open budget portalida texnik nosozlik kuzatilgan edi. Joriy mavsumda ilgari surilgan loyihalarni amalga oshirish uchun davlat byudjetidan 3 trillion so‘m ajratilishi belgilangan. Bunda har bir loyiha uchun eng yuqori qiymat 1 milliard 360 million so‘mni tashkil etadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish