Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Endi "suyunchi puli" yo'q: jamoatchilik nima deydi?

25.3.2024 252

Sarvinoz KOMILOVA, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

1-apreldan farzand tugʻilganda beriladigan nafaqa (suyunchi) puli faqat birinchi farzand uchun beriladi. Keyingi farzandlar uchun bir martalik pul faqatgina “ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi.

Yangi norma yaqindagina ijtimoiy davlat deb eʼlon qilingan Oʻzbekiston aholisi uchun bahsli mavzuga aylandi. Xoʻsh, jamoatchilik faollari bu mavzu yuzasidan qanday fikr bildirmoqda?

Tejalgan pullar nimaga sarflanadi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov “suyunchi puli”dan tejalgan pullar nimaga sarflanishi haqidagi savolni o‘rtaga tashladi:

Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilganlar va reyestrga kiritilgan ayollarning tug‘ish statistikasi bo‘yicha biron bir normal statistika yo‘q. Lekin yarmi yopiq va chala-chulpa demografiya statistikamizga ko‘ra, jami tug‘ilish ko‘rsatkichida birinchi farzandlarning ulushi 23,7 foiz atrofida.

Agar shu proporsiyani o‘tgan yilgi tug‘ilish soni ko‘rsatkichiga qo‘llasak, 2023-yilda ikkinchi va keyingi tug‘ilgan farzandlar 734 ming atrofida bo‘lgan, deb taxmin qilish mumkin.

Tendensiyaga ko‘ra bu yil tug‘ilish umumiy soniyam, ikkinchi va undan keyingi tug‘ilgan farzandlar soni ham o‘sadi. Demak, hukumat mazkur byudjet manyovridan 2024-yilda 415 milliard so‘mgacha tejab qoladi (kelasi yillarda iqtisod qilingan mablag‘ yanayam kattaroq ko‘rinish oladi).

Asosiy savol shundaki, bu pullar nimaga va qaysi maqsadlar uchun ishlatiladi? Agar gap ayanchli ahvolda qolayotgan maktablarga yo kasalxonalarga yo‘naltirish haqida ketsa, bu bitta keys. Shunday maqsadlar uchun mazkur manyovrga qo‘l urilgan bo‘lsa, shaxsan men ikki qo‘lim bilan quvvatlayman. Lekin bizning yangi tariximiz prioritetlaridan kelib chiqilsa, kambag‘al va muhtojlardan tejalgan mablag‘lar odatda yaqin oligarxlar cho‘ntagiga ishlaydigan loyihalar yoki sxemalarga taqsimlanishi ehtimoli ko‘pligi xavotirga soladi”.

 

“Aksar qismi erkaklardan iborat qaror qabul qiluvchilarimiz boshqacha o‘ylashadi”

Albatta, ayol sifatida, ona sifatida va fuqaro sifatida bu qaror meni xursand qilmadi. Biz ayollar uchun hamma farzandimiz birdek — 9 oy ko‘tarib, o‘n soatlab dard chekib tug‘iladi va bir xilda mashaqqat bilan katta qilinadi. Ertaga ular katta bo‘lsa, oilada nechanchi bo‘lib tug‘ilganidan qat’i nazar, shu vatan oldida teng huquqli va majburiyatli bo‘ladi. Afsuski, aksar qismi erkaklardan iborat qaror qabul qiluvchilarimiz boshqacha o‘ylashadi shekilli”, deb fikr bildiradi bloger Shahnoza Soatova.

Rasul Kusherbayev esa qarorni ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mutlaqo zid harakat, deb hisoblaydi:

Yer osti boyliklarimizni chetga sotayotganlar va monopolistlarga katta imtiyozlar berilgan bir vaqtda ayollar shu puldan ham mahrum qilingani ayanchli, albatta. Bu ayollar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash siyosatiga mutlaqo zid harakat”.

 

Bu borada jahon tajribasi qanday?

Ushbu mavzu diqqat markaziga koʻtarilar ekan, dunyo mamlakatlari bu masalaga qanday yondfshishmoqda degan savol tugʻiladi. Ularda yangi tugʻilgan bolalar uchun qanday imkoniyat-u imtiyozlar bor?

Muhtojligi isbotlansa, uy beriladi

Birlashgan Arab Amirliklarida fuqarolar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga imtiyozlar mavjud. Yangi oila qurgan kelin-kuyov (ikkisi ham amirlik fuqarosi bo‘lsa) BAA nikoh fondidan   20 000 AQSh dollari miqdorida kredit olishi mumkin. Ular farzand ko‘rsa, bu kreditdan voz kechiladi. Suyunchi puli esa 50 000 dan 200 000 dollargacha to‘lanadi. Agar muhtojligi isbotlansa, uy ham beriladi. Fuqarolarni bunday ijtimoiy himoyalashga sabab amirlikning tub aholisi kamayib borayotganidir. Hozir tub aholi mamlakatda istiqomat qiluvchilarning 10 foizini tashkil etadi.

Bepul tibbiy xizmat kafolatlanadi

Norvegiya fuqarolari ham o‘ziga xos ijtimoiy himoya bilan ta’minlanadi. Agar ona homiladorlik ta’tiligacha ishlamagan bo‘lsa, 5000 AQSh dollarigacha pul beriladi. Agar ishlagan bo‘lsa, suyunchi puli jami daromadlar miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

Homiladorlik, tug‘ish va undan keyingi tibbiy xizmatlar bepul.

Soliq imtiyozlari

Dunyoga kelgan har bir avstraliyalik chaqaloq uchun 4000 Avstraliya dollari (3000 AQSh dollari) miqdorida nafaqa beriladi. Agar chaqaloqlar soni 3 va undan ortiq bo‘lsa, bu summa 16 yoshgacha berib boriladi.

Yosh bolali oilalarga soliq imtiyozlari, hukumat tasdiqlagan ro‘yxat asosida turli xizmatlar uchun 50 foiz miqdorida chegirmalar beriladi.

5 ming dollardan 10 ming dollargacha

Singapurda chaqaloq tugʻilganida suyunchi puli 5 000 dan 10 000 AQSh dollarigacha. Bu yerda ota-onalarni pul mablag‘lari bilan rag‘batlantirish orqali mamlakatning tug‘ilish darajasini yaxshilash, bolalarni tarbiyalashdagi moliyaviy yukni kamaytirish va shu orqali ota-onalarni ko‘proq farzand ko‘rishga undash maqsad qilingan.

Qo‘shni davlatlardachi?

Qo‘shni Qozog‘istonda ham bola tug‘ilganda to‘lanadigan bir martalik nafaqa mavjud. Bu nafaqa 2024-yil holatiga ko‘ra, birinchi 3 nafar bola uchun 140 296 tenge (3 million 907 ming so‘m)ni tashkil qiladi. To‘rtinchi va undan keyingi bolalar uchun 232 596 tenge (6 million 477 ming so‘m) miqdorida.

Qirg‘izistonda oila daromadidan qat’i nazar har bir bolaga tug‘ilganda bir martalik 4 ming som (560 ming so‘m) miqdorida nafaqa beriladi. Agar bir vaqtning o‘zida 3 va undan ortiq chaqaloq tug‘ilsa, ularning har biriga 50 ming som (7 million so‘m)dan suyunchi puli beriladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish