Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Tilni buziish "trend"mi?

28.3.2024 201

Rayxona TO‘XTAYEVA, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

Biz har jabhada boshqalarga taqlid qilishga, ularning madaniyatini, tilini, uslubini aynan o‘xshatishga, ko‘chirishga harakat qilamiz. Chet so‘zlarni qo‘shib gapirganlar “moda”da, brendiga xorij so‘zlaridan nom topib qo‘yganlarning bozori chaqqon. Shu haqda o‘ylarkanman, Abdulla Oripovning shu satrlari yodimga keladi:

Ona tilim, sen borsan shaksiz,

Bulbul kuyin she’rga solaman.

Sen yo‘qolgan kuning shubhasiz,

Men ham to‘ti bo‘lib qolaman.

Ish, o‘qish yuzasidan Toshkentning deyarli barcha hududlarida bo‘laman. Shahar markazi, bozorlar atrofi, odamlar gavjum joylarda o‘zimni boshqa bir davlatga tushib qolgandek his qilaman. Negaki, duch keladigan barcha brendlar yoki reklama afishalari chet tillarda nomlangan.

Bir kuni “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” kitobini izlab, Chorsuga otlandim. Universitetdan avtobus bekatigacha “Max Way”, “Cream store”, “Orient House”, “Socials”, “Internation”, “Make up”, “Bistro kafe” kabi jim-jimador nomlarni o‘qib, hayratlandim.

Avtobusga chiqib, joy qidirayotgan bir paytda avtobus peshtaxtasida paydo bo‘lgan “следущая остановка” so‘zi xayolimni o‘g‘irladi.

Tengqurlarimga qarab, o‘zimni ba’zida zamondan orqada qolgandek tasavvur qilaman, ya’ni ular tilida aytganda “trend”da bo‘lib, chet so‘zlarni qo‘shib gapirolmayman. Aslida bu zamonaviylikmikan? Yo‘q! Turli tillardagi so‘zlarni qo‘shib gapirish savodsizlik va madaniyatsizlikning namoyishi bo‘lsa kerak.

Xayollarimni jamlay olmayotgan bir paytda, telefonimga kelgan “xushxabar”, meni yanada hayratda qoldirdi. Bir tashkilotga yuborgan ish so‘rovnomam qaytarilibdi. Bunga asos qilib esa rus tilini mukammal bilish shartligi, o‘zbek tili muhim emasligi keltirilgan.

Yana o‘sha og‘riqli “davlat tilimiz o‘zi qaysi til?” degan savol meni o‘z domiga tortib ketdi…

Atrofga nazar tashlasak, kimdir maktabida faqat rus sinflari borligi, o‘zbek tili o‘qitilmasligi bilan maqtanadi. Boshqasi o‘zbek tilida gapirmasligi bilan faxrlansa, ruschani bilmaydiganlar o‘zbekcha gapirishidan uyalib yuribdi. Hamma xizmat ko‘rsatish doirasidan tashqarida. Qachon bu holga keldik o‘zi?! Nima uchun o‘z ona tilimizdan uyalamiz, undan or qilamiz?

O‘zligidan, ona tilidan uyaladigan insonni o‘z onasidan or qiladigan, hurmat qilmaydigan va uning farzandi ekanidan afsus qiladiganlarga qiyoslash mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish