Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Turfa manzaralar aks etgan asar

14.3.2023 319

Umarjon SOBIROV, Toshkent davlat yuridik universiteti talabasi

Adabiyot har bir xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi taʼsir kuchiga ega muhim vositadir. Unda har bitta millatning madaniyati, urf-odati, dunyoqarashi, maʼnaviyati aks etadi. Demak, adabiyot yashasa – millat yashaydi, uning shaʼni ulug‘lanadi, qadriyatlari qadr topadi.

Bugungi kunda adabiyotimizning zabardast vakillaridan biri G‘afur G‘ulom hayoti va ijodini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish borasida Toshkent davlat yuridik universiteti o‘ziga yuklatilgan ko‘plab vazifalarni amalga oshirib, adib ijodini jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Universitetda faoliyat yuritayotgan “G‘afur G‘ulom izdoshlari” hamda “TSUL ART” teatr klubi tomonidan adib hayoti va ijodiga bag‘ishlanga tanlovlar, sahna ko‘rinishlari o‘tkazilib kelinmoqda.

Adib ijodiga boqar ekanmiz bo‘lajak huquqshonoslar uchun ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tayotganining guvohi bo‘lamiz. G‘afur G‘ulom ijodida o‘sha davrning siyosiy qarashlari, korrupsiya masalalari hamda xalqning manfaati uchun xizmat qilish masalalari ilgari surilgan. Xususan, adib 1929-yilda yozgan “Muxbirning sudi” pyesasi orqali XX asrdagi sud faoliyatini yoritib bergan.

Pyesada qishloqda bir yildan beri o‘qituvchilik qilib kelayotgan muxbirning qishloq ijroqo‘mi Tursunqul haqida gazetaga chiqargan maqolasi yuzasidan sud majlisi o‘tkazilganligi bayon etilgan.

Muallim ijroqo‘mni qishloqdagi poraxo‘rlik, kambag‘allar dardi, elning g‘ami bilan qiziqmaslikda hamda ko‘p xotinlikda ayblab gazetaga maqola yozadi hamda qishloq raisi boshchiligida Tursunqul ustidan sud ishi amalga oshiriladi.

Ma’lumki, sud faoliyati hozirgi Oʻzbekiston hududida davlatchilikka xos koʻp asrlik tarixga ega. Oʻzbekistonda qariyb 13 asr davomida shariat qonunlariga amal qilgan qozilik sudi hamda xalq urf-odatlari va anʼanalariga suyanib qaror qabul qilgan biylar sudi mavjud bo‘lgan.

Adib asari orqali sud faoliyatini qadimdan xalq madaniyati, anʼanalari va maʼnaviy negiziga asoslanib, obro‘-eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega boʻlgan kishilar ya’ni qishloq raisi tomonidan odilona guvohlar ijrosida amalga oshirilganligini bayon etgan.

G‘afur G‘ulom o‘zining qisqagina asari orqali adolatlilik, halollik, o‘z xalqiga vijdonan xizmat qilish kabi ijobiy illatlarni ilgari suradi, poraxo‘rlik, loqaydlik, o‘zgalar haqqini yeyishdek salbiy illatlarni qoralaydi. Yozuvchi asarida xalq hayotining, inson ichki olamining turfa manzaralarini aks ettira olgan.

Bir so‘z bilan aytganda, G‘afur G‘ulomning har bir asari kitobxon yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata oladigan, yoshlarni to‘g‘ri tarbiya etadigan kuchga egadir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish