Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Turli mamlakatlarda nimalarni suratga olish mumkin emas?

9.11.2023 3936

Diqqatga sazovor joylarda suratga tushishni istamaydigan odam bo‘lmasa kerak. Ammo bu bilan cheklanmaydigan qiziquvchan sayyohlar ham bor. Borgan mamlakati muhitining suratlarda yaxshiroq aks etishi uchun ko‘p narsalarni obyektiv orqali muhrlashga harakat qilib, ba’zida jarima yoki jazoga tortilishi ham mumkin.
Har bir malakatning suratga olish-olmaslik borasida o‘z tartib-qoidalari bor. Keling, ba’zilari bilan tanishib chiqamiz. 

Angliya

Bu o‘lkaga borayotganingizda, esingizda bo‘lsin: u yerda shaxsiy makonining osoyishtaligini saqlashga qattiq harakat qilishadi va unga so‘roqsiz suqilishlarini yoqtirishmaydi.
Angliyada alohida ruxsat so‘ramasdan metroda suratga olish mumkin emas, funt sterlinglarni rasmga olish uchun – Markaziy bankdan, shaxsiy mol-mulkni suratga olishda esa egasidan so‘rashingizga to‘g‘ri keladi. Jarimalar 50 funtdan boshlanadi. 
Shaxsiy galereyalarda buning uchun alohida bilet sotib olmagan bo‘lsangiz – foto va videotasvir taqiqlanadi. 

Gretsiya

Gretsiya – sayyohlarga ancha xayrixoh, ammo bu yerda harbiy obyektlarni suratga olish mumkin emas, garchi ular jamoat joylarida savlat to‘kib turgan bo‘lsa-da. Yo‘qsa, ayg‘oqchilikda ayblanish xavfi bor. Muzeylarda shtativ bilan suratga olish va eksponatlar fonida rasmga tushish mumkin emas.  

Italiya

Eng mashhur shaharlardan biri Venetsiyada Dojlar saroyini suratga olish mumkin emas. Kaptarlar bilan suratga tushish, ayniqsa, ularga don berayotgandagi fotolarni esingizdan chiqaring – yo‘qsa, 500 yevro jarima sizni kutib turadi. Venetsiyada kaptarlarni chetlab o‘tgan ma’qul. Do‘konlar vitrinalari va rastalarni suratga olish uchun egasidan ruxsat olish lozim. 

Ispaniya

Bu quyoshli o‘lkada kamerali turistlarga xotirjam munosabatda bo‘lishadi. Suratga olish uchun joy tanlayotganingizda, obyektivga bolalar tushib qolmasligiga diqqatli bo‘ling, ular mahalliy aholidan bo‘lmasa ham. Jazo – deportatsiya. Mahalliy politsiyani suratga olish ham mumkin emas. 3000 yevro jarima solinishi mumkin. 

Chexiya

Yirik shaharlarda – tartib posbonlarini suratga olishga taqiq qo‘yilgan. Kichik shaharlarda bundan bexabar sayyohlarni kechirishlari mumkin. Muzeylarga tashrif buyurganda, qoidalari bilan yaxshi tanishib olgan ma’qul, yo‘qsa, taqiqlangan narsani suratga olib, 20-50 yevrodan ajralib qolishingiz hech gap emas. 

Finlandiya

Bu yerda Yevropaga xos umum qabul qilingan qoida amal qiladi – odamlarni suratga olish taqiqlangan. Bundan tashqari, derazadan qarab turganlarni ham suratga tushirmaslik kerak – bu irim hisoblanadi. Shuningdek, mast holdagi finni suratga olishni xayolingizga ham keltirmang, hatto xalq sayllarida ham. Jarima xavfi bor. Ba’zida juda katta: 300 yevro va undan yuqori. 

Turkiya

Bu yerda ayollarni ruxsatsiz suratga olish taqiqlangan, turklar ayollarini eng katta boyligi deb hisoblaydi. Ayniqsa, hijobli ayollarni suratga olmagan ma’qul. Mahalliy aholi sizni to‘xtatib, suratlarni o‘chirtiradi, agar bo‘yin tovlasangiz “jandarma”lar kelib jarimaga tortadi yo so‘roq qilgani olib ketadi. 

Misr

Bu mamlakatda ham mahalliy ayollarni suratga olish mumkin emas, shuningdek, harbiy obyektlar va politsiyani ham. Muzeylarda kamera (vspishkani yoqqan holda) bilan suratga olganlik uchun jarima solinadi. 

Shu tariqa, chet elga sayohat qilishda, u yoki bu mamlakatdagi taqiqlar bilan yaxshilab tanishgan ma’qul – pulingizni tejaysiz.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish