Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi tashkil etilganidan so‘ng yoshlarga e’tibor kuchaydi. Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mahallalarda yoshlar siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirishda alohida natijalarga erishgan yoshlar yetakchilari reytingi shakllantirilib, “Top 100” yetakchilar reytingi e’lon qilib kelinmoqda. Bugungi qahramonimiz Avazxon Naqibxonov ham “top” yetakchilardan.
Avazxon Naqibxonov – 30 yoshda, Namangan viloyati Kosonsoy tumani “Namuna” mahallasi yoshlar yetakchisi. “Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovi ishtirokchisi.
Avazxon oddiy oilada katta bo‘lgani uchun yoshlar tarbiyasi, kamol topishi, har bir ishda yutuqlarga erishishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratishga intiladi. Kichik imkoniyatdan katta natijalar yaratishga harakat qiladigan, intiluvchan shaxs. Hamkasblari orasida “Xon” degan nomga ega. Nega bunday murojaat qilishlarini esa Avazxonning o‘zi gapirib berdi:
– Turkiston zaminida qadimdan uchta xonlik o‘tgan. Maktab paytlarimda tarix darsligida xonliklar haqida o‘qib, katta bo‘lsam “xon” bo‘laman deb bolalarcha orzu qilib yurardim. Oradan vaqtlar o‘tdi. Yaxshi niyat qilgan ekanman, hozir barcha “xon” deb chaqiradi.
Albatta, “xon” deb chaqirishlarining sabablari bor. Har bir ishda liderlikka intilishi, birinchi bo‘lishga harakat qilishi, barchaga yordam qo‘lini cho‘zishi, rahbarlik qobiliyatining borligi uchun kosonsoylik yoshlar yetakchilari qahramonimizni “xon” deb e’tirof qilishadi.
“Namuna” mahallasi balansi:
Aholi soni: 2718 nafar;
Xonadonlar: 558 ta;
Yoshlar: 754 nafar;
Ayol-qizlar: 348 nafar;
“Yashil” toifa: 663 nafar;
“Sariq” toifa: 81 nafar;
“Qizil” toifa: 10 nafar;
Mahalla drayveri: Parrandachilik, dehqonchilik, chorvachilik.
Xulqi og‘ir yoshlar bilan ishlash
Avazxon yoshlar yetakchisi sifatida ish boshlagach, e’tiborini xulqi og‘ir, jinoyatga moyilligi bor yoshlar bilan ishlashga qaratdi. “Namuna” mahallasida “og‘ir” toifadagi yoshlar 10 nafarni tashkil etadi. Ular Kosonsoy tumani hokimining o‘rinbosari Alisher Sheraliyevga biriktirilgan. Hokim o‘rinbosari “og‘ir” holatdagi yoshlar bilan kuchaytirilgan tartib o‘rnatib, nazoratga olgan.
Yoshlar yetakchisi ular bilan ishlash uchun uzoq muddatli reja ishlab chiqqan. Inson kimga yaqin yursa, shu insonga qarab intiladi. Yoshlar yetakchisi ushbu g‘oyani o‘z rejasining asosi qilib olgan. Har bir “qizil”dagi yoshga “yashil” toifadagi, yuqori natijalarga erishayotgan, mahallada o‘rni bor yoshlardan 2 nafarini biriktirgan. Bu strategiya xulqi og‘ir yoshlarni nazorat qilishni ancha yengillashtiradi.
– Albatta bu bilan cheklanib qolmadik, – deydi Avazxon Naqibxonov. – Yoshlar profilaktika inspektori nazoratiga olinib, psixolog bilan suhbatlar tashkil etilyapti. Qilayotgan mehnatlarimiz o‘z samarasini bermoqda. Mahallada jinoyat xavfi yo‘q, 3 yildan beri jinoyat sodir etilmayapti. 6 nafariga yer maydoni olib berildi, 2 nafari profilaktik hisobdan, 1 nafari probatsiya nazoratidan chiqarildi.
Homiylar ham jalb qilingan
Yetakchi “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlashda daftardagi har bir yosh bilan suhbatlashib chiqishni odat qilgan. Bir marta yordam ko‘rsatilgach, yoshlarni tashlab qo‘ymaydi. Tez-tez ularning xonadoniga borib, muammolari haqida gaplashadi.
2022-2024-yillarda mahalla yoshlariga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi orqali qariyb 115 million so‘mlik yordamlar ko‘rsatilgan:
– 2022-yilda 13 nafar yoshga 31,9 million so‘m;
– 2023-yilda 23 nafar yoshga 67,9 million so‘m;
– 2024-yilda 12 nafar yoshga 15 million so‘m.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan 75 nafar yoshga turli xil yordamlar ko‘rsatildi:
– 8 nafari ish bilan ta’minlandi;
– 53 nafariga dehqonchilik uchun yer olib berildi;
– 6 nafari monomarkazda kasb-hunarga o‘qitildi.
Yoshlarga yordam berishni burch deb biladigan qahramonimiz ehtiyojmand oilalarga yordam ko‘rsatish maqsadida homiylarni ham jalb qilgan. Maxsus jamg‘arma tashkil qilinib, karta biriktirilgan. Yordam berish istagidagi insonlar jamg‘armaga o‘z ulushini qo‘shishi mumkin. Yig‘ilgan mablag‘ qiyin vaziyatga tushib qolgan yoshlar uchun yo‘naltiriladi.
Profilaktika kuni
“Namuna” mahallasida otaliqqa olingan yoshlar 329 nafarni tashkil qiladi. Ular orasida “og‘ir” toifadagi, ishsiz, migratsiyadan qaytgan, maktab o‘quvchilari, uyushmagan yoshlar bor. Mahalla yoshlari tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Rustamjon Karimovga biriktirilgan. Tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi boshchiligida mahallada yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha maxsus shtablar tashkil etildi. Shtab yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, huquqiy savodxonligini oshirish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularni kasb-hunarga oʻqitish va bandligini taʼminlash chora-tadbirlarini ishlab chiqdi.
– Tuman ichki ishlar bo‘limi hamkorligida haftaning har payshanba kuni “Profilaktika kuni” deb e’lon qilindi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Shu kuni yoshlar, ularning ota-onalari, maktab direktori va jamoat tashkilotlari bilan uchrashuvlar tashkil etyapmiz. Uchrashuvda yoshlar murojaatlari tinglanib, ijobiy hal etilyapti.
11 nafar yosh xorijdan qaytarildi
“Namuna” mahallasidan 37 nafar yosh ishlash va o‘qish maqsadida xorijga ketgan edi. Avazxon Naqibxonov ular bilan doimiy aloqa o‘rnatib, yashash tarzi, qanday ishlar bilan shug‘ullanayotgani, muammolaridan xabardor bo‘lib turadi. Yoshlar yetakchisi joriy yil boshidan beri 11 nafar yoshni Vatanga olib kelish choralarini ko‘rdi. Yurtga qaytarilgan yoshlarning 6 nafariga yer berilib, band qilindi. Har bir yoshning yillik o‘rtacha daromadi 50-60 million so‘mni tashkil qiladi. 3 nafar yosh o‘zi qiziqqan yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha ishga joylashtirildi. Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan yoshlarning 2 nafariga imtiyozli kredit olib berildi va ular tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Yetakchi migratsiyadagi 26 nafar yoshni ham ortga qaytarish harakatida. Tez orada yana 5 nafari Vatanga qaytadi. Ular kasb-hunarga o‘rgatish uchun monomarkazga o‘qishga joylashtiriladi.
Yetakchidan taklif va tashabbus
– Bizning tumanda 59 ta mahalla va atigi 1 ta sport maktabi hamda shu maktabning filiali bor, – deydi qahramonimiz Avazxon Naqibxonov. – U ham tuman markazida joylashgan. Sport bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlar tuman markaziga borishiga to‘g‘ri keladi. Yoshlarga qulaylik yaratish maqsadida bir-biriga yaqin mahallalar uchun sport maktabi tashkil etish kerak. Shunda iqtidorlar ko‘payishi va tuman markaziga borish imkoniyati yo‘q yoshlar uchun sharoit yaratilgan bo‘lardi. Bunday muammo hozir barcha mahallalarda mavjud. Deyarli har bir mahallada maktab bor. Mahalladagi maktabni baza qilib olsa bo‘ladi.
“Open budget”da mahallamdagi markaziy stadionni ta’mirlash imkoniyatini qo‘lga kiritdik. Hozir ishlar boshlangan. Ushbu stadionda futbol, mini futbol, yugurish, uzunlikka sakrash, basketbol, voleybol, gandbol, vorkaut kabi sport turlari bilan shug‘ullanish imkoniyatiga ega majmua qilmoqdamiz.
Barcha e’tiborda!
“Namuna” mahallasida 26 nafar alohida e’tiborga muhtoj yoshlar bor.
Maftuna Ziyayeva 27 yoshda. I guruh nogironi. O‘rganishlar natijasida nogironlik aravachasiga ehtiyoji borligi lekin olishga imkoniyati yo‘qligi aniqlandi. Yoshlar yetakchisi tashabbusi bilan zamonaviy nogironlik aravachasi olib berildi.
Noʻmonjon Abdullayev 30 yoshda. Xorijga ishlash uchun ketib 1 yildan so‘ng qaytib kelgan. Yoshlar yetakchi bilan uchrashuvda qassobchilikka uquvi borligini aytgach, unga mahalla markazidagi bo‘sh turgan tadbirkorlik obyektidan go‘sht do‘koni ochib berildi. U 1 ta ish o‘rni yaratdi. Bu orqali No‘monjon o‘zi kabi migratsiyadan qaytgan Shukurullo Umarovni ish bilan ta’minladi.
Husanboy Turdiboyev probatsiya hisobida turar edi. Probatsiya nazoratidan chiqarib, hokim yordamchisi bilan birgalikda dehqonchilik qilishi uchun 30 yilga 30 sotix yer olib berildi. Yerga mavsumiy ekinlar ekib, daromad topmoqda.
Sobirova Mohinur 23 yoshda. Chorva boqish istagi borligini yoshlar yetakchisiga bildirgan. Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan chorvachilik bilan shug‘ullanishi uchun imtiyozli kredit ajratilgan.