Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yangilangan Konstitutsiyada advokatlar maqomi

8.12.2023 1016

Gulnoza Yusupjanova, TGYUU Jinoyat-prosessual huquqi kafedrasi o‘qituvchisi

Har bir mamlakat erkin va farovon jamiyat qurishga intilar ekan, bu yo‘ldagi ulug‘vor maqsad hamda vazifalarini, avvalo, o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlaydi. Bunda qonun ustuvorligini ta’minlash har qanday zamonaviy demokratik davlatning asosi hisoblanadi. Aynan Konstitutsiyada belgilangan ustuvor qoidalar asosida jamiyat, uning siyosiy institutlari va iqtisodiyot to‘liq rivojlanadi.

Yanigilangan Konstitutsiyada advokatlar maqomi alohida norma sifatida kiritildi. Tabiiyki, advokatsiz odil sud amalga oshmaydi. Taraflar protsessual jihatdan maqomi teng bo‘lgandagina tortishuv vujudga keladi. Shu bois, sud protsessida advokatning mavqeyi prokuror bilan tengma-teng bo‘lishi lozim. Eng muhimi shunda-ki, prokuratura va sudga oid konstitutsiyaviy normalar alohida bobda aks etganidek, endi advokaturaga bag‘ishlangan yangi bob kiritildi. Va bu jinoyat yoki fuqarolik protsesslarda tortishuv tamoyilining mustahkam konstitutsiyaviy asosini yaratib berdi.

Advokatura odil sudlovning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. BMT Kongressida qabul qilingan “Yuristlar roliga oid asosiy prinsiplar”da advokatura institutini takomillashtirish demokratik, huquqiy taraqqiyotning birlamchi sharti ekanligi qayd etilgan. Malakali yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyoj davlatning jamiyat manfaatlari yo‘lida advokatura institutini har tomonlama rivojlantirishini taqozo etadi. Shu bois yangilangan Konstitutsiyamizda advokaturaga oid alohida bob kiritildi. Ushbu bobdagi 141-moddada “Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi”, degan yangi norma mustahkamlandi. Barchaga malakali yuridik yordam kafolatlandi. Binobarin, malakali yuridik yordam har qanday shaxs yoki davlat organi xodimi tomonidan emas, balki tegishli malaka va litsenziyaga ega advokatlar tomonidan amalga oshiriladi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanishi, advokaturani tashkil etish hamda uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanishi ta’kidlangan.

 Xususan, yagona kasbiy birlashmasi sifatida advokaturaga oid barcha masalalar bevosita advokatlar tomonidan hal etilishini nazarda tutuvchi – o‘zini o‘zi boshqarish prinsipi o‘rnatildi. Advokatlar kasbiy mustaqilligining asosiy kafolati hisoblanadi. Yana bir jihati, o‘zini o‘zi boshqarish prinsipini advokaturaning mustaqilligisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, ular bir-birini taqozo etadi va to‘ldiradi. Shu bois, barcha advokatlarning orzu-umidi bo‘lmish mustaqillik prinsipi konstitutsiyaviy darajada belgilab qo‘yildi. Shuningdek, advokatlik faoliyatida qonuniylik prinsipi ham nazarda tutilgan. Bu esa tom ma’noda, davlat organlarining advokaturaning ichki ishlariga aralashishining oldini olishga xizmat qiladi.

Konstitutsiyaga advokatura bo‘yicha alohida bob kiritilgani inson huquqlarini himoya qilish sohasida muhim institut bo‘lgan advokaturaning konstitutsiyaviy maqomini tubdan oshirdi. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga egaligi kafolatlandi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish