Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

"Zamonaviy" psixologiya yoxud pul ishlashning oson usuli

18.4.2024 172

Zebuniso ORZIQULOVA, “Yoshlar ovozi” mahorat maktabi tinglovchisi

 “Hayotingizni yaxshilash uchun 3 maslahat”, “Oʻziga boʻlgan ishonchni oshirishning effektiv usullari”, “Turmushgacha”, “Turmush oʻrtogʻingizni rom qilish usullari”, “Magnit ayol” kabi “tajribali psixologlar” tashkil etayotgan bu kabi kurslar qulog‘ungizga chalingandir.

Avvallari psixologga borganlarga “ruhiy xasta”dek qaralgan boʻlsa, bugun bunday mutaxassis qabuliga yozilish, turli treninglarida ishtirok etish odatiy holga aylandi. Aslida biz psixologga qay darajada muhtojmiz? Psixologiya nega bunchalik ommalashmoqda?

 

Faoliyati litsenziyalanishi lozimmi?

Psixologga ko‘pincha ayollar murojaat etmoqda. Bunga ma’lum ma’noda ijtimoiy tarmoqlar(xususan, instagram) ham sabab boʻlyapti. Odamlar vertual olamda aks etayotgan videolardagi singari “baxtli”, shohona hayot kechirishni istayapti. Zamon talabini yaxshi anglayotgan “psixolog”lar esa, yuqoridagidek oʻziga tortadigan nomdagi kurslarni taklif etmoqda. Albatta, malakali psixolog boʻlish uchun oliy ma’lumotli, magistr darajasiga ega boʻlish, sohaga taalluqli bilimlarni baholiqudrat oʻzlashtirish kerak. 2-3 oylik kurslarni tamomlab, psixologlikka da’vo qilayotganlar faoliyatini tartibga soluvchi me’zonlar bo‘lishi lozim.

Psixologiya litsenziyalanmaydigan faoliyat turi bo‘lgani uchun 2-3 oylik kurslarni tugatib, o‘zini psixologman deyotganlar ko‘payib ketdi. Masalan, biz shifokor sifatida sog‘liqni saqlash tashkilotidan litsenziya olib ishlaymiz. Psixologlarning faoliyati esa litsenziyalanmaydi. Konsalting deb maslahatxonalar ochib, ishini boshlayveradi.Ulardan hech kim na diplom, na ruxsatnoma so‘raydi. Qonun doirasida tartibga solish bo‘yicha nimalardir qilinayotgan bo‘lsa kerak, lekin hali natijasi amalda ko‘rinmayapti.

Psixoterapevt shifokor bo‘lganim uchun qo‘shtirnoq ichidagi psixologlarga borib, hech bir foyda ko‘rmagan mijozlar shikoyatlar bilan oldimga kelishadi. Masalan, bir ayol turmush o‘rtog‘idan xiyonat ko‘rgan. “Psixolog” esa unga siz ham xiyonat bilan javob bering, degan. Yana bir ayol xo‘jayinim aytganlari uchun ro‘molga kirgan edim, uning ortidan ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdim desa, “Ro‘molingizni yechib tashlang!” deb maslahat bergan. Ro‘molini yechgan ayolning oilasi buzilib ketgan. Bu kabi holatlar juda ko‘p.

Ulardan shikoyat qilib kelgan odamlarga doim aytaman: oddiy mahsulot sotib olayotganda ham ko‘rib, tekshirib olasiz, lekin nega shuncha pul sarflab, mutaxassisga borganda tekshirmaymiz?”, – deydi psixoterapevt shifokor, psixiatr Gavhar Teshaboyeva.

Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, 2001-yili O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi tashkil etilgan. Bu nodavlat notijorat tashkilotning asosiy maqsadi – Oʻzbekiston aholisi uchun markazlashgan psixologik xizmatni yaratish, oʻz aʼzolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishdan iborat. Hozir assotsiatsiya aʼzolari 300 nafardan ziyod boʻlib, unga yakka va jamoa tartibda aʼzo boʻlish mumkin. 18 yoshga toʻlgan, psixologiya sohasida yoki psixologiyaga taalluqli taʼlim sohalarida amaliy faoliyat olib boruvchi Oʻzbekiston fuqarolari va xorij fuqarolari assotsiatsiyaning yakka tartibdagi aʼzolari boʻlishi mumkin.

U maslahatchi emas!

Maqolani yozish jarayonida ijtimoiy tarmoqda faoliyatini targ‘ib etayotgan bir psixologning sahifasi bilan tanishib, odamlarni qiynayotgan muammolarni oʻrganishga harakat qildik. Koʻpchilik xotin-qizlar: “Turmush oʻrtogʻim bilan munosabatlarimiz yaxshi emas”, “Erim menga xiyonat qilyapti”, “Qaynonam bilan chiqisha olmayapmiz”, “Uydagilarim majburlab turmushga uzatishmoqchi, katta hayotga tayyor emasman” kabi shikoyatlar, yigitlar “Oʻzimni yolgʻiz his qilyapman, men hech kimga kerak emasman, menga yordam bering”, deb murojaat qilgan. Bu murojaatlarga esa psixolog “Alloh siz bilanligini unutmang”, “Sizning taqdiringiz ulugʻ zot tomonidan yaratilgan” kabi diniy ruhdagi motivatsion jumlalar bilan turli maslahtlar berib, “yordam” koʻrsatgan.

Psixolog hech qachon maslahat bermaydi. U to‘g‘ri yo‘l topishingiz uchun yo‘nalish beradi, xolos. Psixolog mo‘jizakor emas. Undan darhol nimadir kutish noto‘g‘ri. Sizdagi muammoga tashxis qo‘yish uchun bir nechta bosqichdan o‘tiladi, turli metodikalar qo‘llaniladi — suhbat, diagnoz kabilar.

So‘nggi paytlarda oynaga qarab, uch marta baxtliman, deying deb maslahat beradiganlar psixologlikka da’vo qilayotgani achinarli. Ular odamlarni aldab, pulini olishdan boshqa narsani bilmaydi. Turli xil energiyalar, pul topish san’ati, yana shunga o‘xshash o‘ziga tortuvchi nomlar bilan insonlarni “allalaydi”, – deydi Maʼrufjon Ochilov.

“Psixolog”lar

Malakali psixologlar yetishmasligi, jamiyatda psixologiya faniga nisbatan noto‘g‘ri qarash shakllangani tufayli yuzaga kelgan boʻshliqni ayrim uddaburon “psixolog”lar turli diniy vaazlar bilan toʻldirishga urinayotganga o‘xshaydi. Odamlar e’tiqodiga ta’sir qilib, uni ishontirish nisbatan oson. Mijoz esa, psixologdan diniy ma’ruza tinglash uchun emas, muammosiga yechim izlab keladi. Diniy bilimini boyitishga ehtiyoj sezganda psixologga emas, din peshvolariga murojaat qilishi mumkin.

Shu oʻrinda yana bir narsa. Chiroyli nutq soʻzlash bu psixologiya emas. Psixologiya nozik fan, birgina soʻz insonga koʻzlanganidek emas, umuman aks ta’sir qilishi mumkin. Shuning uchun psixologiya bilan chiroyli gapirishni biladigan, diniy jumlalarni qoʻshib nutq soʻzlovchi istalgan kishi emas, haqiqiy mutaxassislar shugʻullanishi maqsadga muvofiq.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish