2560ta natija
3.7.2026 1478
Bugungi talaba diplom yoki kurs ishini bir necha daqiqada yozishi, yosh xodim esa bir necha soniyada yillik tahliliy hisobotni tayyorlashi mumkin. Bir qarashda bu texnologik taraqqiyotning yutug‘i, insoniyatni og‘ir intellektual mehnatdan xalos etgan inqilobdek ko‘rinadi. Ammo moliya, ta’lim va neyrobiologiya sohasidagi mutaxassislar xavotirli bir savolni o‘rtaga tashlayapti: sun’iy intellekt ishimizni yengillashtiryaptimi yoki fikrlash qobiliyatimizni zaiflashtiryaptimi? Nega bilim ko‘paygan davrda mustaqil fikrlash tanqis bo‘lib boryapti? Vaholanki, biz instrumental vositadan intellektual qaramlik omiliga o‘tish chorrahasida turibmiz. Agar ilgari kalkulyator insonning faqat hisoblash tezligini oshirgan, imlo tekshirgichlar esa so‘zlar xatosini to‘g‘rilagan bo‘lsa, bugungi neyrotarmoqlar inson o‘rniga mantiqiy zanjirlar qurish, xulosa chiqarish va qaror qabul qilish vazifasini o‘z zimmasiga olmoqda. Biz muammolarni yechishni SIga topshirib qo‘yyapmiz. Natijada jamiyatda yangi bir tushuncha – “tayyor intellekt” madaniyati shakllanmoqda. Bu madaniyatning xavfi shundaki, u yosh avlodni aslida miyaning eng muhim evolyutsion quroli bo‘lmish tanqidiy va tahliliy fikrlashdan mahrum etyapti. Tizim bizga tayyor yechimlarni taqdim etar ekan, barchasini so‘zsiz qabul qiladigan passiv iste’molchiga aylanib borayotganimizni sezmay qolyapmiz. Miyaning “tayyor non”ga o‘rganishi Inson miyasi – tabiatan aql-bovar qilmas darajada tejamkor. U umumiy tana vaznining bor-yo‘g‘i 2 foizini tashkil etsa-da, organizmdagi energiyaning qariyb 20 foizini sarflaydi. Psixologiyada “minimal harakat qonuni” deb ataluvchi mexanizm mavjud: agar miya biror vazifani kamroq energiya sarflab bajarish yo‘lini ko‘rsa, u hech ikkilanmay o‘sha yo‘lni tanlaydi va kognitiv (aqliy) dangasalik rejimiga o‘tadi. Sun’iy intellekt insoniyatga aynan mana shu kognitiv daxlsizlikni taklif qildi. Biz endi muammoning yechimi ustida bosh qotirishimiz, o‘nlab kitoblarni varaqlab, ma’lumotlarni bir-biriga solishtirishimiz shart emas. Birgina so‘rov (promt) va bir necha soniya – javob tayyor. “Google effekti”dan “ChatGPT effekti”ga o‘tish: bundan o‘n yillar avval psixologlar “Google effekti” (yoki raqamli amneziya) fenomenini aniqlashgan edi. Unga ko‘ra, inson miyasi internetdan osongina topish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni xotirada saqlab o‘tirmaydi, ya’ni xotira funksiyasini tashqi diskka yuklaydi. Bugun esa biz xavfliroq bosqichga – “ChatGPT effekti”ga o‘tdik. Endi yoshlar nafaqat xotirani, ma’lumotni qayta ishlash, mantiqiy xulosalar chiqarish va matn shakllantirish kabi analitik funksiyalarni ham sun’iy intellektga autsorsing qilmoqda. Miyaning ishlatilmayotgan qismlari esa, neyroplastiklik qonunlariga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan zaiflashib boradi. Soxta intellektual ishonch va “IKEA effekti”ning yo‘qolishi: neyrotarmoqlar yoshlarda xavfli psixologik illyuziyani – “Danning-Kryuger effekti”ni keltirib chiqaryapti. Talaba yoki yosh xodim SI yordamida mukammal bir tahliliy matn yaratganda, unda “men hamma narsani bilaman va qila olaman” degan soxta intellektual ishonch shakllanadi. Vaholanki, u o‘sha matn tarkibidagi ma’lumotlarning tub mohiyatini anglab yetmagan, ularni miyasida qayta ishlamagan bo‘ladi. Bu jarayonda eng katta yo‘qotishlardan biri “IKEA effekti” bilan bog‘liq. “IKEA effekti” inson o‘z qo‘li yoki aqliy mehnati bilan, qiyinchilik evaziga yaratgan mahsulotini (qo‘lda yasalgan buyum, o‘zi yozgan oddiy bir insho) boshqa narsalardan ko‘ra ko‘proq qadrlashi va undan intellektual qoniqish hosil qilishi fenomenidir. Qiyinchilik, xatolar ustida ishlash va izlanish azobi insonda muvaffaqiyat hissi va faxr tuyg‘usini uyg‘otadi. Sun’iy intellekt esa ushbu jarayondan “mehnat va izlanish” bosqichini butunlay olib tashlayapti. Yoshlar tayyor mahsulotga ega bo‘lsa-da, ularda haqiqiy ijodiy qoniqish, o‘z salohiyatiga bo‘lgan ichki ishonch shakllanmaydi. O‘z mehnati bilan material yig‘magan, g‘oyalarni bir-biriga taqqoslab azoblanmagan talaba yoki xodim o‘z ishining qadriga ham yetmaydi. Bu esa yakunda shaxsning intellektual jihatdan infantil (bolalarcha passiv) bo‘lib qolishiga, o‘z fikrini himoya qila olmaydigan va har qanday tayyor axborotni tekshirmasdan qabul qiladigan manipulyatsiyaga moyil avlod shakllanishiga zamin yaratadi. Manipulyatsiya xavfi Insoniyat tarixida tanqidiy fikrlash shaxs erkinligi va jamiyat daxlsizligining bosh mudofaa chizig‘i vazifasini bajargan. Biz axborotni shubha ostiga olish, savol berish va uni faktlar tarozisiga tortish orqali manipulyatsiyalardan himoyalanganmiz. Biroq neyrotarmoqlarga so‘zsiz ishonadigan va aqliy mehnatni ularga topshirib qo‘ygan yangi avlodning shakllanishi global miqyosda ancha jiddiy va tizimli xavflarni keltirib chiqaradi. Shaxsiy dunyoqarash yemirilishi: yoshlar har qanday savolga javobni kitobdan, jonli muloqotdan yoki turli qarashlardagi manbalarni solishtirishdan emas, neyrotarmoqning qisqa va qat’iy interfeysidan qidiryapti. Xavf shundaki, sun’iy intellekt neytral vosita emas. U muayyan kompaniyalar, guruhlar tomonidan yaratilgan va uning axborot filtrlari, qadriyatlar tizimi o‘sha dasturchilarning qarashlariga moslab sozlangan. Tizimli manipulyatsiya: agar butun bir avlod tarixiy voqealarga, ijtimoiy jarayonlarga yoki iqtisodiy islohotlarga baho berishni faqat algoritmlardan so‘rasa va ularning javobini yakuniy haqiqat deb qabul qilsa, jamiyatni mafkuraviy jihatdan global miqyosda bir qolipga solish (indoktrinatsiya qilish) hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi. Tanqidiy nigoh bo‘lmagan joyda algoritmlar nimani to‘g‘ri deb ko‘rsatsa, yoshlar o‘shani o‘z e’tiqodiga aylantira boshlaydi. Feyklar va posthaqiqat (post-truth) asrida himoyasizlik: neyrotarmoqlar yordamida haqiqiydan ajratib bo‘lmaydigan soxta tasvirlar, audio va matnlar yaratilayotgan “posthaqiqat” davrida yashayapmiz. Bunday sharoitda jamiyatni yolg‘on va dezinformatsiya girdobidan faqat kuchli tanqidiy fikrlash va faktlarni tekshirish madaniyati asrab qolishi mumkin. Yakunda bu jarayon jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligiga daxl qiladi. Mustaqil fikrlashdan uzoqlashgan va faqat algoritmlar chizib bergan intellektual ramka ichida yashaydigan avlodni boshqarish, reklama orqali chalg‘itish va soxta g‘oyalarga ishontirish har qachongidan ham osonroq kechadi. Shaxsiy suverenitetning butunlay yo‘qolishi esa mumkin bo‘lgan eng oliy xavfdir. Balansni qanday topish kerak? Ushbu tahlillar SIni insoniyatga tahdid soluvchi mutlaq xavf yoki raqamli dushman sifatida ko‘rishga asos bo‘lmaydi. SI – vosita, inson tafakkurining mahsuli. Muammo texnologiyaning o‘zida emas, biz unga qanday yondashganimizda va aqliy mehnatimizning qaysi qismini unga topshirganimizda. Pichoq nimanidir kesish uchun ham, insonga zarar yetkazish uchun ham xizmat qilishi mumkin bo‘lganidek, neyrotarmoqlar ham fikrlashni kengaytirishi yoki butunlay o‘ldirishi mumkin. Texnologiya va uning imkoniyatlaridan voz kechish taraqqiyotdan ortda qolish bo‘ladi. Ammo intellektual inqirozni to‘xtatish uchun tezlik va sifat, qulaylik va mustaqil fikrlash o‘rtasidagi balansni topishimiz shart. Har bir inson raqamli dunyoda o‘z miyasini asrash, tahlil qilish ko‘nikmasini yo‘qotmaslik uchun ichki qoidalarni joriy etishi shart. Buni shaxsiy “intellektual gigiyena” deb atash mumkin. Miyaga dastlabki imkoniyatni berish: biror mavzuni o‘rganishda yoki muammoga yechim qidirishda avval o‘sha masala ustida mustaqil fikrlash, g‘oyalar o‘ylash lozim. Shundan keyingina neyrotarmoqqa assistent sifatida murojaat qilish o‘rinli bo‘ladi. Ma’lumotlarni qayta tekshirish: algoritmlar bergan har qanday tayyor ma’lumot yoki xulosani yakuniy haqiqat deb bilmasdan, ularni kamida uchta mustaqil manba orqali tekshirish madaniyatini shakllantirish kerak. Rolni to‘g‘ri taqsimlash: SI o‘rnimizga fikrlaydigan “soxta miya” emas, balki biz yozgan g‘oyalarni silliqlaydigan, tuzatish kiritadigan va tahlil ko‘lamini kengaytiradigan raqamli yordamchi bo‘lib qolishi shart. O‘z ijodimiz mahsuli bo‘lgan algoritmga o‘zligimizni boshqarish huquqini berib qo‘ymasligimiz, qulaylik evaziga eng oliy ne’mat – mustaqil va erkin fikrlashimizni qurbon qilmasligimiz kerak.
25.6.2026 1654
Zumerlar, ya’ni “Z” avlodning dunyoqarashi katta avlodni hayratga soladi. Millat tushunchasini nisbatan tor tushunadigan, dunyoni esa bir butun ko‘radigan bu avlod sayyoramizni barqarorlashtirishi kutilyapti. “Z” avlod haqidagi eng qiziq va umidli tadqiqotlardan biri shundan iboratki, zumerlarning urushlarga tobi yo‘q. Ular urush uchun kuchli va asosli sabablar izlaydi. Lekin eng “adolatli” hisoblangan qarashlar ham ularni urush haqidagi miflarga ishontira olmaydi. Olimlar buni Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar bilan bog‘laydi. Bugungi 30 yoshgacha bo‘lgan avlod bu urushlar bilan parallel yashagan va ijobiy tomonlarini ko‘rmagan. Bu hozirgi urushlarga ham shubha bilan qarashlariga sabab bo‘ldi. Masalan, “Daily Express” nashrida o‘tkazilgan so‘rov orqali 18-24 yoshlilarning 52 foizi frontda xizmat qilishni istamasligi aniqlangan. Tadqiqotchilar ularning bu qarorlarini asosli deb hisoblaydi. 1997−2012-yillar oralig‘ida tug‘ilganlar raqamli davrda o‘sgan birinchi avloddir. Ular ketma-ket zarbalar ostida shakllangan. 11-sentabr voqealari, 2008-yildagi moliyaviy inqiroz, Covid-19 va urushlarning qaytishi avlod 30 yoshga to‘lmasdan oldin sodir bo‘lgan. Bu voqeliklar sabab inson qadrini yuqori baholaydigan avlodni balandparvoz shiorlar bilan aldash mushkul masala. Ko‘p talato‘plarga guvoh bo‘lgan avlodning dunyo va uning kelajagi haqidagi qarashlari ham boshqa avlod vakillaridan farqli. 2019-yilda Harvard universitetining Siyosat instituti 18−29 yoshgacha bo‘lgan saylovchilardan AQSh tashqi siyosati uchun nimani ustuvor vazifa qilib ko‘rishlarini so‘radi. Ular saylovchilar uchun eng muhim masalalar terrorizmga qarshi kurashish, inson huquqlarini himoya qilish (ikkalasi ham 39 foiz) va atrof-muhitni muhofaza qilish (34 foiz) ekanini aniqladi. Yadro quroli tarqalishining oldini olish va AQSh ittifoqchilarini himoya qilish yosh amerikalik saylovchilar uchun unchalik muhim emas edi. Dunyo olimlari zumerlarning siyosatga va hukumatga nisbatan ishonchi yo‘qolganini tasdiqlaydi. Ilmiy tadqiqotlar ko‘rsatishicha, “Z” avlod hukumat zaif bo‘lgan joylarda, ayniqsa, iqlim o‘zgarishi masalalarida o‘zlari tashabbusni qo‘lga olishga tayyor. Ular resurslarni boshqarish va sifatli ekologiya uchun hukumatga tayanmay harakat qilishadi. Zumerlarning turli masalalarga nisbatan qadriyatlarini bilish orqali dunyo kelajagi haqida taxminiy xulosa qilish mumkin. Ular haqida qat’iy fikrni Stenford universiteti doktori Roberta Katz beradi. U bu avlod “ko‘proq axloqiy fazilatlarga bo‘ysunishi”ni qat’iy ta’kidlaydi. Yirik tahliliy markazlardan biri “Deloitte’ tadqiqotiga ko‘ra, “Z” avlod uchun ideal dunyo uchta narsadan iborat: moliyaviy barqarorlik, maqsadli hayot, ruhiy va jismoniy salomatlik. Bu avlodning 94 foizi ish joyida maqsad hissi muhim deb biladi. 40 foizi esa maqsad yo‘q deb hisoblagan ish joyini tark etgan. Shuningdek, ular ekologiya mavzusiga asosiy masala sifatida qaraydi. “Deloitte”ning yana bir so‘roviga ko‘ra, “Z” avlodning 54 foizi ish beruvchisidan tabiatga zarar keltirmaslikni talab qiladi. 64 foizi ekologik toza mahsulotlar uchun ko‘proq pul to‘lashga tayyor. 20 foizi esa allaqachon ekologik qadriyatlari sababli ish yoki sohani o‘zgartirgan. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, katta avlodlardan farqli ravishda zumerlar globallashuvga normal qaraydi. So‘rovnomalar natijasi “Z” avlod oldingilarga qaraganda kamroq millatchiligini ko‘rsatadi. Chunki bugun mediamakon yoshlarning bir davlat nomi ostida emas, yakdil g‘oya ostida birlasha olishiga sabab bo‘ldi. Ular ma’lum hukumat yoki millat uchun emas, butun dunyo odamlari bilan birlashib, Yer uchun kurashishga tayyor. Turli nuqtalarda urush sadolari yuqorilar ekan, zumerlar davrida dunyo tinch va barqaror holga kelishiga ishonging keladi.
25.5.2026 2172
Aksariyat yoshlar trendlardan ko‘ra qulaylik va shaxsiy uslubni afzal ko‘rishni boshlaganidan beri brendlar ham ularning talablariga moslashdi. Zamonaviy obrazlarga e’tibor berilsa, ular harakatlanish uchun qulay, hamma davralar uchun mos va biroz nostalgiya hissini beradigan, bir nechta uslubga moslashtirish mumkin bo‘lgan kiyimlardan iborat. Masalan, Zara, Chanel kabi brendlarning to‘plamidan o‘rin olgan yubka va koftalarda teri salomatligi va qulaylik hisobga olinib, “sokin hashamat”ni ifodalaydigan keng, yumshoq, paxta yoki ipak matolardan foydalanilgan. Ranglar ham avvalgilariga qaraganda ancha minimal, xotirjam kayfiyat, yengillik beradi, kundalik obrazlar uchun mos. Amerikaning Pentoun rang instituti ham zamonaviy dunyoda odamlarning xotirjamlik va sokinlik istagini hisobga olib, birinchi marta oq rangni asosiy yil rangi deb e’lon qildi. Bu rang “raqqos bulut” (cloud dancer) deb nomlanib, u oq ranglar ichida eng iliq va barqaror oq deb ta’riflanadi. Mutaxassislar fikricha, oq rang doimiy axborot davrida diqqatimizni jamlab, ichki ovozimizni tinglashga yordam beradi. Yilning yana bir trenddagi kiyimi – turli belgilar tushirilgan yoki iqtibos, hazillar yozilgan oddiy futbolkalar. Hattoki uzoq vaqt davomida hashamatli liboslari bilan mashhur bo‘lgan brendlar ham kundalik futbolkalarni o‘z kolleksiyasiga qo‘shgan. Masalan, Dior “Bovari xonim” asari muqovasi tushirilgan futbolkani taqdim etgan, Chanel ham oddiy futbolkani vintaj uslubidagi kostyum va yubka bilan uyg‘unlashtirgan. Futbolkalar haqiqatan ham eng asosiy kiyimlardan biri, uni universalligi va qulayligidan tashqari shaxsiy did va qarashlarni ifodalash yoki targ‘ibot uchun ham tanlashadi. Masalan, butun dunyo yoshlari yolg‘izlik hissini yengish uchun sevimli musiqiy guruh yoki film belgisi tushirilgan futbolkalar kiyishadi, ular boshqalarda sevimli filmining posteri tushirilgan kiyimlarni ko‘rganda o‘zlarini o‘sha odam bilan maslakdoshdek his qiladi. Shuningdek ekofaollik ruhidagi dizaynga ega futbolkalar ham yoshlar orasida urfda, ular bunday futbolkalar bilan sayyoramiz, hayvonot olami, global muammolar haqida o‘ylash, ekomadaniyatini shakllantirishga yordam beradi. Brendlar uzoq yillik an’anaviy uslublardan qochib, qulaylik talabiga moslashayotgani oyoq kiyimlar modasida ham yaqqol ko‘rinadi. Oyoq kiyim sanoatida uslub, ranglardan tortib matolargacha o‘zgargan. Avval katta, baland krossovkalar urfda bo‘lgan bo‘lsa, endi 70-80-yillar uslubidagi past poshnali, qulay retro uslubidagi vintaj oyoq kiyimlar ommalashdi. Bu krossovkalarda rang masalasida ham tanlovlar keng, asosiy klassik ranglardan ko‘ra yorqinlikka urg‘u berilgan. Retro oyoq kiyimlarga qiziqish 2025-yilning bahorgi moda haftaliklaridan keyin boshlandi va hamon davom etyapti. Uzoq vaqtdan beri asosan charmdan foydalanayotgan brendlar 40 yil avval urfda bo‘lgan yumshoq charmli (zamsh) rangli krossovkalar ishlab chiqara boshladi. Puma, Adidas, Reebok, Miu Miu kabi yetakchi brendlar ham bu uslubdan foydalanib yangi namunalar chiqardi. Aksessuar sifatida ham bugun g‘alati ko‘rinishga ega, qo‘pol qo‘shimchalardan ko‘ra, nafis va minimalistik ko‘rinishdagi ipak sharflar ommalashgan. Sharflar hamma mavsum uchun mos, ulardan kamar sifatida foydalanish, shim ustidan yubka kabi yoki sumka, bo‘yin, hattoki sochga bog‘lash mumkin. Klassik ipak bilan birgalikda to‘rli sharflar ham o‘tgan yildan beri trenddagi aksessuarlardan. Trendlar ham tobora insonning shaxsiy ehtiyojlari va didiga moslashyapti. Oxirgi yillardagi moda tendensiyalariga qaralsa, insoniyat kiyim orqali shunchaki tashqi ko‘rinish yaratishga emas, ichki holatini ifodalashga ham intilayotgani seziladi. Tezkor axborot, doimiy shovqin va keskin ritm hukmron bo‘lgan davrda odamlar obraz orqali qulaylik, xotirjamlik va o‘ziga yaqin kayfiyatni izlay boshladi. Shu sabab zamonaviy moda tobora balandparvozlikdan uzoqlashib, tabiiylik, funksionallik va shaxsiy uslubga yaqinlashyapti.
23.4.2026 2880
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli O‘zbekiston — 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi asosida yurtimizda bosqichma-bosqich elektron hukumat tizimi joriy etilmoqda. Bu jamiyatda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirishga muhim e’tibor qaratilayotganini yaqqol ko‘rsatgan holda endilikda xalqimiz davlat xizmatlari, ijtimoiy xizmatlar sohalaridan hech bir murakkab-liksiz, uydan chiqmagan holda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-sonli “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror shu ma’noda muhim ahamiyatga ega. Zero, mazkur hujjatning qabul qilinishi endilikda xorijda olingan ilmiy daraja to‘g‘risidagi hujjatlarni ortiqcha qiyinchiliksiz tan olinishi (nostrifikatsiyasi) bo‘yicha hujjatlarni yuborish va qabul qilish imkoniyati yaratildi. Bugun Oliy attestatsiya komissiyasida mazkur qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot tashkilotlari mas’ullari uchun amaliy seminar o‘tkaziladi. Unda ilmiy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etdi. Tadbirni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov kirish so‘zi bilan ochar ekan, yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasidagi qat’iy intilish va ta’lim, ilm-fan sohasidagi tub islohotlar samarasida yoshlarimiz nufuzli xorijiy davlatlar oliy ta’lim dargohlarida o‘qib, ilmiy faoliyati asosida ilmiy darajalarga sazovor bo‘layotgani bilan bir qatorda ilg‘or tajribali xorijiy mutaxassislarning ham Vatanimiz oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatishiga rag‘bat uyg‘otayotganini ta’kidlab o‘tdi. Shu ma’noda, “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qaror o‘z vaqtida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Shundan so‘ng “Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash haqida”gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosi ta’minlashdagi vazifalar xususida Z.Tadjixodjayev tomonidan amaliy tavsiyalar berildi. Unda mazkur qaror asosida xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentida ilmiy-pedagogik xodimlar uchun ko‘plab qulayliklar yaratilgani sanab o‘tildi. Ochiq muloqotlar asosida o‘tgan seminarda oliy ta’lim va ilmiy tashkilotlar ilmiy kotiblari tomonidan oliy attestatsiya tizimiga tatbiq etilayotgan yangiliklar va mazkur qaror ijrosi bilan bog‘liq savollariga mas’ullar tomonidan atroflicha javoblar berildi.
8.4.2026 4662
8-aprel kuni Oliy attestatsiya komissiyasida I chorak yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkaziladi va journalist va faollarni qiziqtirgan savollarga javob berildi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 25-iyuldagi “Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etildi. So‘nggi yillarda mamlakatda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, uning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar natijasida attestatsiya jarayonlari soddalashtirilib, ortiqcha byurokratik bosqichlar qisqartirilgan. Tizim bosqichma-bosqich raqamlashtirilgani esa jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qilmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida OAK qarorlariga muvofiq 1081 nafar tadqiqotchi falsafa doktori (PhD), 192 nafari esa fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlandi. Bu ko‘rsatkichlar ilmiy faoliyatga qiziqish ortib borayotganini va ilmiy maktablar rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Shuningdek, 652 nafar talabgorga ilmiy unvonlar berildi. Ularning 483 nafari dotsent, 133 nafari professor va 36 nafari katta ilmiy xodim sifatida tasdiqlangan. Hisobot davrida xalqaro ilmiy hamkorlik doirasida ham muhim natijalarga erishildi. Xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan berilgan 26 ta ilmiy daraja diplomi nostrifikatsiya qilindi. Bundan tashqari, 18 ta falsafa doktori (PhD) diplomi to‘g‘ridan to‘g‘ri fan doktori sifatida tan olindi. Bu esa milliy ilmiy tizimning xalqaro standartlarga moslashib borayotganidan dalolat beradi. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash yo‘nalishida ham tizimli ishlar olib borilmoqda. I chorak davomida kelib tushgan 99 ta murojaatning barchasi o‘z vaqtida ko‘rib chiqilib, ularga tegishli javoblar berilgan. Bu esa tizimda murojaatlar bilan ishlash mexanizmi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, ilmiy jamoatchilik bilan bevosita muloqotlarni kuchaytirish maqsadida hududlarda uchrashuvlar va sayyor qabullar tashkil etilgan. 12 ta hududda o‘tkazilgan uchrashuvlarda 3 mingdan ortiq ishtirokchi qamrab olinib, yuzlab savollarga tushuntirish berilgan. Bir qator tadqiqotchilarga joyida uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatilgan. Bir muhim jihatga e’tibor qaratish kerak: normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq himoyaga qo‘yilgan barcha dissertatsiyalar bo‘yicha olingan ilmiy natijalar belgilangan tartibda amaliyotga joriy etilgan. Bu esa ilmiy ishlanmalar faqat nazariy darajada qolmay, amaliy sohalarga tatbiq etilayotganini ko‘rsatadi. Ma’lum qilinishicha, ilmiy ishlarni palagiat tekshiruvidan o‘tkazishda endi sun’iy intellektdan ham foydalaniladi. Bu jarayon hali sinov bosqichida, ammo jarayon muvaffaqiyatli ketayotgani aytilmoqda. Yana bir yangilik tadqiqotlardagi kamchiliklarni tekshirish ilmiy ish himoyasiga qadar amalga oshirish tizimi joriy qilinib, ishlab kelayotgani bo‘ldi. Bu esa ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib, kamchiliklarni vaqtida, samarali yechim bilan to‘g‘rilash imkonini yaratadi. Shuningdek, tadbir davomida OAK tomonidak kelgusida rejalashtirilayotgan ishlarga to‘xtalib, takliflar ham eshitildi. Xususan, hamkor tashkilotlar, ilmiy-tekshiruv xulosa beruvchi komissiyalar bilan ishlashda aniq vaqt belgilangan mexanizm joriy qilish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi. Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy salohiyatni oshirish, attestatsiya tizimini takomillashtirish hamda ijro intizomini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ma’lum qilindi.
14.2.2026 4414
Bugun deyarli har bir yoshning hayoti ijtimoiy tarmoqlarsiz tasavvur etilmaydi. Telegram, Instagram, Facebook yoki elektron pochtamiz — bu shunchaki akkaunt emas, balki shaxsiy hayotimiz, yozishmalarimiz, hujjatlarimiz va hatto moliyaviy ma’lumotlarimiz saqlanadigan makondir. Afsuski, so‘nggi yillarda akkauntlarni buzib kirish (xakerlik) holatlari tobora ko‘payib bormoqda. Ko‘pincha bu beparvolik sabab yuz beradi: shubhali havolaga bosish, noma’lum faylni yuklab olish yoki parolni boshqalarga aytib qo‘yish. Natijada esa akkaunt egasi nomidan yolg‘on xabarlar tarqatiladi, tanishlardan pul so‘raladi yoki shaxsiy ma’lumotlar oshkor bo‘lib ketadi. Agar akkauntingiz buzib kirilganini sezsangiz, avvalo vahimaga berilmang. Darhol parolingizni o‘zgartiring, barcha qurilmalardan chiqish (log out from all devices) funksiyasini yoqing va ikki bosqichli himoyani faollashtiring. Agar tiklash imkoni bo‘lmasa, platformaning rasmiy qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling. Eng muhimi — tanishlaringizni ogohlantirib, sizning nomingizdan kelayotgan xabarlarga ishonmasliklarini so‘rang. Muhim tavsiyalar: Parolingiz oddiy bo‘lmasin. Tug‘ilgan sana yoki ism-familiya eng xavfli variant. Harflar, raqamlar va belgilar aralashmasidan foydalaning. Bir parol — hamma joyda emas. Har bir tarmoq uchun alohida parol qo‘ying. Shubhali havolalarga bosmang. “Siz yutdingiz”, “Akkauntingiz yopiladi” kabi xabarlar ko‘pincha tuzoq bo‘ladi. Ikki bosqichli himoyani yoqing. Bu sizning akkauntingiz uchun qo‘shimcha qalqondir. Begona qurilmalarda akkauntingizni ochmang. Agar ochgan bo‘lsangiz, albatta chiqib ketishni unutmang. Raqamli dunyoda xavfsizlik — bu ham madaniyat. Har bir yosh o‘z akkauntiga mas’uliyat bilan yondashsa, firibgarlik va xakerlik holatlarining oldini olish mumkin. Unutmang, ogohlik — eng kuchli himoya.